platina.uz
Siyosat

Shavkat Mirziyoyev Yaponiya imperatori bilan uchrashdi

Taʼlim va kadrlar tayyorlash hamda madaniy-gumanitar almashinuvlar kengayib borayotgani qayd etildi. Prezident imperatorni Oʻzbekistonga taklif etdi. 

Shavkat Mirziyoyev Yaponiya imperatori bilan uchrashdi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Yaponiyaga rasmiy tashrifini 19 dekabr kuni Imperator Naruxito bilan uchrashuvdan boshladi.

Yaponiya Imperatori davlatimiz rahbarini samimiy qutlar ekan, Oʻzbekiston Prezidentining bu galgi tashrifi Oʻzbekiston – Yaponiya doʻstlik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash yoʻlidagi muhim voqea ekanini taʼkidladi.

Mamlakatimiz yetakchisi Imperator Naruxitoga chuqur hurmat-ehtiromini bildirib, Yangi Oʻzbekistondagi ortga qaytmas islohotlarni izchil qoʻllab-quvvatlayotgani uchun minnatdorlik izhor etdi.

Oʻzbek va yapon xalqlari geografik jihatdan bir-biridan olis boʻlishiga qaramay, ularni mentalitetlar, urf-odatlar va oilaviy qadriyatlar oʻxshashligi, shuningdek, ildizlari Buyuk Ipak yoʻli davriga borib taqaladigan koʻp asrlik tarixiy aloqalar bogʻlab turgani taʼkidlandi.

Ikki tomonlama hamkorlik, ayniqsa, taʼlim va kadrlar tayyorlash hamda madaniy-gumanitar almashinuvlar sohasida izchil kengayib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Bugungi kunga qadar 3 mingdan ortiq oʻzbekistonlik mutaxassislar Yaponiyada amaliyot oʻtadi, 440 nafardan ziyodi esa stipendiya asosida oliy maʼlumotga ega boʻldi. Oʻzbekistondagi 7 ta universitetda yapon tili oʻqitilmoqda.

Joriy tashrif doirasida Tokioda Oʻzbekiston madaniyati kunlari muvaffaqiyatli oʻtkazildi. Kelgusi yili Yaponiyaning bir nechta shaharlarida Oʻzbekiston madaniyati va tarixiga bagʻishlangan arxeologik koʻrgazma tashkil etilishi rejalashtirilgan.

Uchrashuv yakunida davlatimiz rahbari Imperator Naruxitoga Oʻzbekistonga rasmiy tashrif bilan kelishni taklif qildi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid