platina.uz
Siyosat

Prezident Tokioda yaponiyalik siyosatchilar bilan uchrashdi

Vakillar palatasi spikeri Fukushiro Nukaga bilan uchrashuvda raqamli texnologiyalar va sunʼiy intellekt sohasida qonun ijodkorligi boʻyicha tajriba almashish muhimligi taʼkidlandi. 

Prezident Tokioda yaponiyalik siyosatchilar bilan uchrashdi

Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Yaponiyaga rasmiy tashrifi doirasida ushbu mamlakat Parlamentining Maslahatchilar palatasi prezidenti Masakazu Sekiguchi bilan uchrashdi.

Uchrashuvda Oʻzbekiston bilan Yaponiya oʻrtasidagi strategik sheriklik va koʻp qirrali hamkorlikni rivojlantirishda parlamentlar muhim oʻrin tutishi taʼkidlandi. Maslahatchilar palatasi vakillari joriy yilning aprel oyida Toshkentda boʻlib oʻtgan Parlamentlararo ittifoqning 150 yilligiga bagʻishlangan sessiyada faol ishtirok etdilar.

Yoshlarning parlamentga oid tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash, jumladan, Oʻzbekiston – Yaponiya yoshlar parlamentlari aʼzolari forumini oʻtkazish hamda 2026 yilda Samarqandda boʻlib oʻtadigan Yoshlar parlamentlari aʼzolari global konferensiyasida Yaponiya delegatsiyasining ishtirok etishiga alohida eʼtibor qaratildi.

Parlamentlar oliy darajada erishilgan, eng avvalo, savdo-iqtisodiy, moliyaviy, investitsiyaviy, texnologik va madaniy hamkorlikni kengaytirish boʻyicha kelishuvlarni amalga oshirishga har tomonlama koʻmaklashishi muhimligi taʼkidlandi.

Prezident Tokio shahriga rasmiy tashrifi doirasida Yaponiya Parlamentining Vakillar palatasi spikeri Fukushiro Nukaga bilan uchrashuv oʻtkazdi.

Oʻzbekiston – Yaponiya strategik sherikligini yanada mustahkamlash va koʻp qirrali, jumladan, parlamentlararo hamkorlikni kengaytirish masalalari koʻrib chiqildi.

Ikki mamlakat parlament delegatsiyalari oʻrtasidagi oʻzaro tashrif va uchrashuvlar faol tus olgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi. Parlamentlarda doʻstlik guruhlari faol ish olib bormoqda. May oyida Tokioda navbatdagi parlamentlararo forum muvaffaqiyatli oʻtkazildi.

Parlamentlarning qoʻmitalari, xalq deputatlari mahalliy kengashlari va Yaponiya prefekturalari assambleyalari oʻrtasida hamkorlik oʻrnatish, shuningdek, raqamli texnologiyalar va sunʼiy intellekt sohasida qonun ijodkorligi boʻyicha tajriba almashish muhimligi taʼkidlandi.

Shavkat Mirziyoyev Yaponiya Liberal-demokratik partiyasi vitse-prezidenti, parlamentdagi Oʻzbekiston bilan doʻstlik ligasi va shu bilan birga Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan doʻstlik ligasi raisi Taro Aso bilan uchrashdi.

Liga aʼzolari ham qatnashgan Oʻzbekiston – Yaponiya strategik hamkorlik munosabatlarini, jumladan, parlamentlararo yoʻnalishda yanada kengaytirishning dolzarb masalalari muhokama qilindi.

Doʻstlik ligasi, ayniqsa, uning raisi Taro Aso Oʻzbekiston bilan Yaponiya oʻrtasidagi koʻp qirrali hamkorlikni rivojlantirishga qoʻshayotgan hissasi yuksak baholandi.

Parlamentlararo aloqalarni yanada mustahkamlash va qoʻshma tashabbuslarni ilgari surishda parlamentlardagi doʻstlik guruhlarining rolini kuchaytirish muhimligi taʼkidlandi.

Uchrashuv yakunida 2026 yilda navbatdagi Parlamentlararo forumni Oʻzbekistonda tashkil etishga kelishib olindi.

Oʻzbekiston bilan doʻstlik ligasi 2002 yilda tashkil etilgan va hozirgi paytda uning aʼzolari soni 40 nafardan oshgan. Ular orasida Yaponiyaning taniqli siyosat arboblari, nufuzli deputat va diplomatlari bor.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid