platina.uz
Jahon

OAV: hukumat Rossiya temir yoʻllariga “Moscow Towers”ni sotishni buyurdi

2,4 milliard dollarlik osmonoʻpar majmuani sotish orqali 50 milliard dollarlik qarzning bir qismini qoplash maqsad qilingan. 

OAV: hukumat Rossiya temir yoʻllariga “Moscow Towers”ni sotishni buyurdi

RF hukumati Rossiya temir yoʻllariga qarzlarni yopish uchun “Moscow Towers”ni sotish buyurdi.

Hukumat davlatga qarashli “Rossiya temir yoʻllari” kompaniyasiga 2,4 milliard dollarlik “Moscow Towers” osmonoʻpar majmuasini sotish orqali 50 milliard dollarlik qarzining bir qismini qoplashni topshirdi. Hukumat bu qaror yuk tashish narxlarining keskin oshib ketishining oldini olishga qaratilganini bildirdi.

Hukumat Rossiyaning eng yirik tijoriy ish beruvchisini qoʻllab-quvvatlash yoʻllarini muhokama qilmoqda.

Taxminan 700 ming xodim ishlaydigan davlatga qarashli “Rossiya temir yoʻllari” kompaniyasi urush iqtisodiyotida keskin sekinlashuv fonida daromadlarning kamayishi va soʻnggi yigirma yildagi eng yuqori foiz stavkalari tufayli qarz narxlarining keskin oshishi oqibatida qiyin vaziyatga tushib qolgan.

“Manxetten” uslubidagi “Moskva-Siti” majmuasining bir qismi boʻlgan “Moscow Towers” minorasini sotish varianti hukumat yigʻilishida oʻtgan hafta muhokama qilinganini maʼlum boʻldi.

Maʼlumotlarga koʻra, Rossiya temir yoʻllari qarzining bir qismini toʻlash va yuk tashish narxlarining sezilarli oshib ketishidan qochish uchun osmonoʻpar binoni sotishi kerak degan qaror qabul qilingan.

Manbalardan birining soʻzlariga koʻra, Rossiya temir yoʻllariga binoni 2024 yilda sotib olingan narxdan kam boʻlmagan summaga sotish topshirilgan. Rossiya nashrlari - “Kommersant”, “Vedomosti” va RBK bu narxni 193,1 milliard rubl (2,42 milliard dollar) deb xabar qilgan.

Rossiya temir yoʻllari ham, hukumat ham savollarga javob bermadi.

Agar xaridor topilsa, bu kompaniya qarzining bir qismini kamaytirishga yordam berishi mumkin. Rossiya iqtisodiyoti jiddiy sekinlashayotgan bir paytda bu yil 1% oʻsish kutilmoqda, bu 2024 yildagi 4,3% koʻrsatkichdan ancha past.

Oldin muhokama qilingan boshqa choralar — yuk tashish narxlarini oshirish, qarzlarni qayta tuzish, davlat subsidiyalari berish, soliqlarni kamaytirish yoki kechiktirish masalalarida hali yakuniy qaror qabul qilinganicha yoʻq, dedi manbalardan biri.

Bank qarzining bir qismini aksiyalarga aylantirish varianti hanuz kun tartibida ekanini ham manba qoʻshimcha qildi.

Manbaga koʻra, Rossiya temir yoʻllari, Moliya vazirligi va Markaziy bank uch yilgacha konversiya imkoniyatini muhokama qilishi hamda Moliya vazirligi kafolatlari asosida qayta sotib olish (buyback) variantini ham koʻrib chiqishi kerak.

Rossiya temir yoʻllarining eng yirik kreditori boʻlgan VTB banki rahbari Andrey Kostin Reuters'ga kreditorlar qarzni aksiyalarga aylantirish taklifini rad etganini aytdi.

“Moskva-Siti” — Moskva daryosi boʻyidagi osmonoʻpar binolar majmuasi boʻlib, u yerda VTB banki va bir nechta vazirliklar hamda yirik Rossiya kompaniyalari joylashgan.

Rossiya temir yoʻllari avval oʻz markaziy ofisini shu osmonoʻpar binoga koʻchirishni va xarajatni Moskvadagi boshqa ofis koʻchmas mulklarini sotish orqali qoplashni rejalashtirgan edi, biroq bu amalga oshmadi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid