DXM mutaxassisi ishtirokidagi jinoiy guruh aniqlandi
U sheriklari bilan 72 nafar fuqarodan olingan 616 mln soʻm pora evaziga soxta haydovchilik guvohnomalarini rasmiylashtirib bergan.

Bosh prokuratura tomonidan hududiy davlat xizmatlari markazi xodimlari va boshqalarga nisbatan qoʻzgʻatilgan jinoyat ishi boʻyicha tergov harakatlari olib borildi.
Aniqlanishicha, Davlat xizmatlari markazining mutaxassisi jinoiy sheriklari bilan 2025 yil davomida muqaddam haydovchilik guvohnomasi olmagan 72 nafar fuqarodan olingan 616 mln. soʻm pora evaziga ularga soxta haydovchilik guvohnomalarini rasmiylashtirib bergan.
Ushbu holat boʻyicha Davlat xizmatlari markazining bosh mutaxassisi va uning sheriklariga pora olish, pora berish, rasmiy hujjatlarni qalbakilashtirish boʻyicha ayblov eʼlon qilinib, ularning barchasi qamoqqa olingan hamda ularning jinoiy javobgarlik masalasi hal etilgan.
Jinoyatning kelib chiqish sabablari tahlil qilinganida quyidagilar aniqlangan:
Vazirlar Mahkamasining 12.04.2023 yildagi 152-son qarori bilan tasdiqlangan “Avtomototransport vositalari va shahar elektr transporti vositalari haydovchiligiga nomzodlardan imtihonlarni qabul qilish uchun hujjatlarni va milliy haydovchilik guvohnomasini rasmiylashtirish boʻyicha davlat xizmatlari koʻrsatish”ning Maʼmuriy reglamentiga koʻra, haydovchilik guvohnomasini olish uchun nomzodlar haydovchilik guvohnomasini olish uchun nazariy va amaliy imtihonlarni muvaffaqiyatli topshirganidan soʻng, unga haydovchilik guvohnoma Davlat xizmatlari markazlari tomonidan berilishi belgilab qoʻyilgan.
Biroq, yuqoridagi holatda nazariy va amaliy imtihonlardan oʻta olmagan fuqarolarga avtomaktablar yaqinida faoliyat yurituvchi turli shaxslar haydovchilik guvohnomasini xaq evaziga imtihon topshirmasdan, soxta hujjatlari asosida xaq evaziga olib berishgan.
Jinoiy guruh ikki xil usulda soxta haydovchilik guvohnomalarini rasmiylashtirib bergan.
Birinchi usul: Jinoiy guruhning mijoz topish bilan shugʻullanuvchi vakillari fuqarolardan qalbaki haydovchilik guvohnomasi uchun olingan 500-1000 AQSh dollari evaziga turli shaxslar orqali eski turdagi haydovchilik guvohnomasini qoʻlbola usulda tayyorlashib, fuqarolarga taqdim etishgan.
Soʻngra, jinoiy guruh tuman Davlat xizmatlari markazi xodimiga pora berish yoʻli bilan ushbu fuqarolar tomonidan DXMga qalbaki eski turdagi haydovchilik guvohnomalari topshirilishiga, oʻrniga yangi turdagi haydovchilik guvohnomasi rasmiylashtirishiga erishishgan.
Ikkinchi uchul: Jinoiy guruhning mijoz topish bilan shugʻullanuvchi vakillari fuqarolardan qalbaki haydovchilik guvohnomasi uchun olingan 10 ming AQSh dollariga qadar boʻlgan mablagʻ evaziga fuqarolarning haydovchilik guvohnomasi mavjud boʻlganligi toʻgʻrisida hududiy YHHBlar maʼlumotnomalarini soxtalashtirib, ularga soxta QR kodli imzolarni qoʻyib fuqarolarga taqdim etishgan.
Soʻngra, jinoiy guruh tuman Davlat xizmatlari markazi xodimiga berish yoʻli bilan ushbu fuqarolar tomonidan unga soxta QR kodli maʼlumotnomalarni taqdim etib, yangi turdagi haydovchilik guvohnomasi rasmiylashtirishiga erishishgan.
Ikkala holatda ham fuqarolar oʻzlarining muqaddam haydovchili guvohnomalari boʻlmaganligini bila turib, jinoiy guruh vakillaridan sotib olgan soxta hujjatlar bilan davlat xizmatlari markaziga goʻyoki haydovchilik guvohnomalarini yoʻqotib qoʻyishganligi toʻgʻrisida murojaat qilishgan.
Natijada 72 nafar fuqarolarning oʻzi ham hujjatlarni qalbakilashtirish hamda davlat tashkiloti xodimiga pora berish jinoyatlariga sherik boʻlishgan.
Bundan tashqari, yuqoridagi holatlar boʻyicha Bosh prokuratura tomonidan viloyatlarda oʻtkazilgan tekshirishda yana 1200 dan ortiq (Toshkent shahrida 440 ta, Navoiy viloyatida 265 ta, Surxondaryo viloyatida 205 ta, Samarqand viloyatida 146 ta, Qashqadaryo viloyatida 33 ta, Sirdaryo viloyatida 20 ta, boshqa viloyatlarda 100 dan ortiq) qalbaki haydovchilik guvohnomalari aniqlanib, jinoyat ishlari qoʻzgʻatildi.
Hozirda barcha fuqarolarning qalbaki hujjatlar asosida qoʻlga kiritgan haydovchilik guvohnomalari bekor qilingan va hujjat qalbakilashtirgan hamda ushbu qalbaki hujjatlarni sotib olgan fuqarolarning oʻzini ham jinoiy javobgarlik masalasi koʻrib chiqilmoqda.