platina.uz
Jamiyat

Toshkent, Samarqand va Gulistonda advokatlar qoʻlga olindi

Poytaxtda advokat 5 ming dollar olgan vaqtida ushlandi. U ayblanuvchiga ozodlikdan mahrum qilish bilan bogʻliq boʻlmagan jazo tayinlashda yordam berishini aytgan. 

Toshkent, Samarqand va Gulistonda advokatlar qoʻlga olindi

Advokatlarning noqonuniy harakatlari fosh etildi

Davlat xavfsizlik xizmati va Prokuratura organlari xodimlari tomonidan Toshkent, Samarqand va Guliston shaharlarida oʻtkazilgan tezkor tadbirlar davomida 3 nafar advokatning noqonuniy harakatlariga chek qoʻyildi.

Xususan, DXX Toshkent shahar boʻyicha boshqarmasi xodimlari tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirda, poytaxtda faoliyat yurituvchi advokatlar hayʼatining muqaddam sudlangan advokati noqonuniy tarzda 5 ming AQSh dollari olgan vaqtida ushlandi.

Aniqlanishicha, u Mirobod tuman IIO FMB Tergov boʻlimi yurituvida boʻlgan Jinoyat Kodeksining 131 va 135-moddalari bilan qoʻzgʻatilgan jinoyat ishi ayblanuvchisidan sud tizimidagi tanishlari orqali 135-moddani olib tashlab, unga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish bilan bogʻliq boʻlmagan jazo tayinlanishida yordam berish evaziga 10 ming AQSh dollari talab qilgan.

Samarqand shahrida kuzatilgan holatda, mahalliy advokatlik firmasi advokati jinoyat ishlari boʻyicha Samarqand shahar sudida koʻrilayotgan Jinoyat Kodeksining 273-moddasi bilan qoʻzgʻatilgan jinoyat ishi ayblanuvchisiga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish bilan bogʻliq boʻlmagan jazo tayinlanishida sud idoralaridagi tanishlari orqali yordam berish evaziga 4 ming AQSh dollari olgan vaqtida ushlandi.

Bu kabi qonunbuzilishi Sirdaryo viloyatida ham qayd etilib, Guliston shahrida faoliyat yurituvchi advokatlik byurosi advokati Oqoltin tumanidagi MChJ rahbaridan 450 mln soʻmlik dori vositalarini olib, pulini bermay yurgan shaxslarga nisbatan huquqni muhofaza qiluvchi idoralardagi tanishlari orqali jinoyat ishi qoʻzgʻattirib berish evaziga 1500 AQSh dollari olgan vaqtida ushlandi.

Hozirda uchala advokatga nisbatan Jinoyat Kodeksining 168-moddasi 3-qismi “v” bandi va 28,211-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Avvalroq Afgʻonistondan kontrabanda qilinib, Buxoroga olib kelingan salkam 5 kg "opiy" qoʻlga olingandi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid