Saida Mirziyoyeva poyezdda Urgutga bordi
Prezident administratsiyasi rahbari Oʻzbekiston–Tojikiston chegarasida savdo, logistika va tibbiyot markazlarini tashkil etish loyihasi bilan tanishdi. Urgutdagi eski poliklinika ham eʼtibordan chetda qolmadi.

Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Urgutga bordi.
"Kecha Urgutda boʻldik. Samarqanddan Urgut vokzaligacha yangi temir yoʻl orqali keldik. Bu yoʻl Urgutda erkin iqtisodiy zona shakllanishi, tadbirkorlar, yoʻlovchilar uchun masofa va xarajatlarni qisqartirishga xizmat qiladigan muhim infratuzilma boʻladi.
Oʻzbekiston–Tojikiston chegarasida savdo, logistika va tibbiyot markazlarini tashkil etish loyihasi bilan tanishdim. Asosiy maqsad — hududni tranzit nuqtadan iqtisodiy faoliyat markaziga aylantirish", deya yozadi Mirziyoyeva.
Yangi logistika markazi kuniga 100 tagacha yuk avtomobiliga xizmat koʻrsatishi rejalashtirilgan. Bu yerda logistika faqat tashish emas, balki mahsulot qiymatini oshiruvchi bosqich sifatida koʻrilmoqda. Bojxona jarayonlarida byurokratiya qisqarib, tezlik va shaffoflik oshiriladi.
Diagnostika markazida 200 nafar bemor, savdo markazida esa 800 nafar tadbirkor uchun sharoitlar yaratiladi. Bu orqali Tojikiston fuqarolari ham pasport nazorati, ortiqcha hujjat va navbatlarsiz savdo qilishlari, tibbiy xizmatlardan foydalanishlari mumkin boʻladi. Odamlar uchun qulaylik oshadi va iqtisodiy aloqalar yanada kuchayadi.
Urgutning suv taʼminoti tizimidagi asosiy muammo — suv bilan barqaror taʼminlanmagan minglab gektar yerlar hamda eskirgan nasos stansiyalari sabab yuqori suv yoʻqotishlaridir. Ayrim hududlarda suv tanqisligi hosildorlikni pasaytirib, eksport salohiyatini cheklab kelmoqda.

Yangi loyihalar doirasida ushbu muammolar tizimli hal etiladi. 10 ming gektardan ortiq yer maydoni barqaror sugʻorishga oʻtkaziladi, nasos stansiyalari rekonstruksiya qilinadi, kichik suv omborlari quriladi, energiya tejamkor texnologiyalar joriy etiladi. Natijada suv resurslaridan foydalanish samaradorligi oshib, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari hajmi va eksport imkoniyatlari kengayadi.
Shuningdek, Mirziyoyeva tumandagi tibbiyot muassasalari ahvolini koʻzdan kechirdi.
"Urgutning chekka qishloqlaridan biridagi “Navoiy” poliklinikasida boʻldim. 1972 yilda qurilgan bino kapital taʼmirga, yangi standartlar va tibbiy xizmatlar sifatini oshirishga muhtoj. Muassasa 13 mingdan ortiq aholi uchun birlamchi tibbiy yordam koʻrsatadi. 16 ta qishloqda yashovchi aholi uchun esa bu tugʻruqni qabul qiladigan eng yaqin va yagona tibbiyot maskani. Yuklama nihoyatda katta, sharoit esa izoh talab qilmaydi. Zax xonalarning kulrang oynalariga urilayotgan yomgʻir tomchilari ham vaziyatni aks ettiryapti.
Bu holat bitta poliklinikaning muammosi emas. Bu — birlamchi tibbiy xizmat tizimida mavjud boʻlgan katta muammolarning aksi. Oldimizda diagnostika va davolash standartlarini takomillashtirish, kadrlar tayyorlash vazifalari turibdi. Mutaxassislar bilan birgalikda viloyat sogʻliqni saqlash tizimini rivojlantirish boʻyicha yangi master-rejani batafsil koʻrib chiqdik.

Bu jarayon faqat binolarni taʼmirlash bilangina cheklanmaydi, balki birlamchi tibbiy-sanitariya tizimiga boʻlgan yondashuv tubdan qayta koʻrib chiqiladi. Bugun koʻrganlarim shuni yana bir bor isbotladi: sogʻliqni saqlashdagi muammolarni faqat hisobot va hujjatlar asosida baholab boʻlmaydi", dedi Prezident administratsiyasi rahbari.