Byudjet xarajatlari smetasini yiliga 4 marta oʻzgartirish bekor boʻladi
Hokimliklarga har chorakda jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarni moliyalashtirish boʻyicha maʼlumotlarni rasmiy veb-saytlariga va “Ochiq byudjet” portaliga joylashtirish majburiyati yuklanmoqda.

Byudjet tashkilotlari va byudjet mablagʻlari oluvchilar tomonidan xarajatlar smetasiga yiliga koʻpi bilan toʻrt marta oʻzgartirish kiritish amaliyotiga chek qoʻyilmoqda.
Senatning yalpi majlisida “Byudjet jarayoni takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonun muhokama etildi.
Muhokama mobaynida fuqarolarni byudjet jarayoniga jalb qilish imkoniyatlarini kengaytirish orqali byudjet mablagʻlarini taqsimlashda shaffoflikni taʼminlash, ularning maqsadli sarflanishi ustidan jamoatchilik nazoratini kuchaytirish borasida tizimli ishlar amalga oshirilayotganligi qayd etildi. Bundan tashqari, Qonunda byudjet mablagʻlaridan foydalanishda rahbarlarning vakolatlarini kengaytirish hamda moliyaviy mustaqilligini taʼminlash ham nazarda tutilmoqda.
Qonun bilan amaldagi qonunchilikka byudjet jarayonini takomillashtirishga, byudjet intizomiga rioya etilishiga doir qator oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilmoqda.
Tuman va shaharlar hokimliklari zimmasiga har chorakda jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarni moliyalashtirish boʻyicha maʼlumotlarni rasmiy veb-saytlariga hamda “Ochiq byudjet” axborot portaliga joylashtirish majburiyati yuklanmoqda.
Shu bilan birga, byudjet mablagʻlaridan foydalanish bilan bogʻliq maqsadli indikatorlarning bajarilishi toʻgʻrisidagi hisobotlarni Qonunchilik palatasi qoʻmitalarida har chorak yakunida eshitib borish amaliyoti joriy etilmoqda.
Bundan tashqari, Oʻzbekiston Respublikasining konsolidatsiyalashgan byudjet ijrosi toʻgʻrisidagi yillik hisobot hamda Davlat byudjeti va davlat maqsadli jamgʻarmalari byudjetlarining yarim yillik ijrosi toʻgʻrisidagi hisobotlar Qonunchilik palatasining qarori bilan tasdiqlanishi belgilanmoqda.
Shuningdek, Davlat byudjeti va davlat maqsadli jamgʻarmalari byudjetlarining birinchi chorak va 9 oylik hisobotlari esa Qonunchilik palatasining masʼul qoʻmitasi qarori asosida qabul qilinishi nazarda tutilmoqda.
Senatorlar qonunni maʼqulladi.