Buyuk Britaniya "Chelsi" sotuvidan tushgan pullarni Ukrainaga berish talabini qoʻydi
Rossiyalik oligarx Roman Abramovichga tegishli 2,5 milliard funt-sterling hozirda muzlatib qoʻyilgan.

Buyuk Britaniya Roman Abramovichga “Chelsi” savdosi mablagʻini Ukrainaga berish boʻyicha soʻnggi ultimatum qoʻydi.
Buyuk Britaniya hukumati rossiyalik oligarx Roman Abramovichga “Chelsi” futbol klubi sotuvdan tushgan 2,5 milliard funt sterlingni Ukrainadagi urush qurbonlari uchun gumanitar maqsadlarga yoʻnaltirish boʻyicha oxirgi imkoniyat berdi.
Aks holda, rasmiy London unga qarshi sud jarayonini boshlashini maʼlum qildi.
Buyuk Britaniya 2022 yilda Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishidan soʻng rossiyalik oligarxlarga qarshi sanksiyalar doirasida Roman Abramovichga ham sanksiya qoʻllagan edi. Bu esa Premer-liga klubi — “Chelsi”ning shoshilinch sotilishiga va savdodan tushgan mablagʻlarning muzlatilishiga olib kelgan.
Britaniya ushbu mablagʻlar faqat Ukrainadagi gumanitar maqsadlar uchun sarflanishini istamoqda. Bu Yevropaning kengroq tashabbusining bir qismi boʻlib, unda Rossiya oʻz bosqini oqibatida yuzaga kelgan oʻlim va vayronagarchilik xarajatlarini qoplashi kerakligi taʼkidlanadi.
Abramovich avvalroq mablagʻlardan foydalanishda koʻproq erkinlik boʻlishini soʻragan va pul barcha jabrlanganlarga berilishi kerakligini aytgan. Hukumat bergan yangi shartlarga koʻra, Abramovichda 90 kun vaqt bor.
Agar rossiyalik tadbirkor mablagʻlarni tez fursatda bermasa, hukumat 2022 yilda tuzilgan kelishuvni majburan ijro ettirish uchun sudga murojaat qilishga tayyor ekanini bildirdi.
“Ukraina xalqiga tegishli boʻlgan 2,5 milliard funt sterlingdan ortiq mablagʻ Buyuk Britaniyadagi bank hisobida muzlatilgan holda qolishi mutlaqo qabul qilib boʻlmaydigan holat” — dedi moliya vaziri Reychel Rivz bayonotida.
Bosh vazir Kir Starmer Britaniya hukumatining mablagʻlarni boʻshatish uchun maxsus litsenziya berishini aytdi. Bu esa pulni yangi xayriya jamgʻarmasiga oʻtkazish imkonini beradi.
“Janob Abramovichdan aniq huquqiy yoʻl orqali jamgʻarma tashkil etish va mablagʻlarni litsenziya shartlari asosida oʻtkazish boʻyicha keladigan har qanday taklifni koʻrib chiqamiz,” — dedi Rivz parlamentga yoʻllangan alohida bayonotda.
Yevropa Ittifoqi yetakchilari payshanba kuni Rossiyaga tegishli muzlatilgan davlat aktivlaridan tushadigan daromadlarni Ukrainani qoʻllab-quvvatlash — ayniqsa uning katta byudjet va mudofaa ehtiyojlari uchun ishlatish boʻyicha takliflarni koʻrib chiqishi kutilmoqda. Moskva esa bu tashabbusga keskin qarshi chiqmoqda.
Abramovich davrida “Chelsi” klubi oʻz tarixidagi eng muvaffaqiyatli davrni boshdan kechirdi. Klub 2022 yil may oyida AQShlik investor Todd Beli va "Clearlake Capital" xususiy investitsiya kompaniyasi boshchiligidagi konsorsiumga sotilgan edi.
Savdodan tushgan mablagʻlar hozirda Buyuk Britaniyadagi bank hisobida muzlatilgan. Ularni koʻchirish yoki ishlatish uchun Moliya vazirligi tarkibidagi Moliyaviy sanksiyalarni ijro etish boshqarmasi (Office of Financial Sanctions Implementation) tomonidan beriladigan maxsus litsenziya talab etiladi.