Akmal Shukurov yana 6 yilga qamaldi
U kafe tashqarisida raqibini urib komaga tushirgan va 8,1 yilga qamalgandi. Lekin keyin apellyatsiya sudi Shukurovni ozodlikka chiqargani haqida xabar tarqaldi.

Zoʻravonlik sodir etib qamalgan va soʻngra ozodlikka chiqqan A. Shukurov yana qamaldi. Bu haqda Oliy sud xabar berdi.
Jinoyat ishlari boʻyicha Mirzo Ulugʻbek tuman sudining 2025 yil 24 oktabrdagi hukmiga koʻra A. Shukurovga 8 yil 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan edi.
Birinchi instansiya sudining ushbu hukmi ustidan A. Shukurov tomonidan apellyatsiya tartibida berilgan shikoyat Toshkent shahar sudida koʻrib chiqildi.
Mazkur jinoyat ishini apellyatsiya instansiyasida koʻrib chiqish jarayonida jabrlanuvchilar A. Shukurovga nisbatan nisbatan moddiy va maʼnaviy daʼvolari yoʻqligini bildirib, unga ozodlikdan mahrum qilish bilan bogʻliq boʻlmagan jazo tayinlashni soʻragan.
Toshkent shahar sudi apellyatsiya instansiyasining joriy yilning 9 dekabrdagi ajrimi bilan jinoyat ishlari boʻyicha Mirzo Ulugʻbek tuman sudining 2025 yil 24 oktabrdagi hukmi oʻzgartirilgan.
Apellyatsiya instansiyasi sudi A. Shukurovga nisbatan jazo tayinlashda, uning jinoyatni mast holatda, qasddan gʻaraz va past niyatlarda sodir etganligini jazoni ogʻirlashtiruvchi holatlar deb baholab, aybiga qisman iqrorligi, qilmishidan pushaymonda ekanligi, jabrlanuvchilarning moddiy va maʼnaviy daʼvosi yoʻqligi, muqaddam sudlanmaganligi, jabrlanuvchilar sudlanuvchiga ozodlikdan mahrum qilish bilan bogʻliq boʻlmagan jazo soʻraganligini jazoni yengillashtiruvchi holatlar deb topib, unga nisbatan 4 yil 1 oy muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinladi. A. Shukurovning qamoqda boʻlgan kunlari tayinlangan jazodan chegirilib, oʻtash uchun 3 yil 3 oy 11 kun ozodlikni cheklash jazosi qoldirilgan.
Toshkent shahar prokuraturasi taftish tartibida protest kiritib, unda A. Shukurovga nisbatan apellyatsiya sudi tomonidan chiqarilgan ajrimni bekor qilishni soʻragan. Shuningdek, protestda A. Shukurovga birinchi instansiya sudi jinoyat ishlari boʻyicha Mirzo Ulugʻbek tuman sudining hukmini oʻzgartirib, Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 4-qismi “a” bandi bilan tayinlangan jazoni oʻzgartirib, Jinoyat kodeksining 104-moddasi (qasddan badanga ogʻir shikast yetkazish) 2-qismi “ye” bandi va 277-moddasi (bezorilik) 3-qismi “g” bandi bilan tayinlangan ozodlikdan mahrum qilish jazosini oʻzgarishsiz qoldirish soʻralgan.
Bugun mazkur jinoyat ishi Toshkent shahar sudining 3 nafar sudyadan iborat taftish hayʼati tomonidan qayta koʻrib chiqilib, prokuratura protesti qanoatlantirildi.
Eʼlon qilingan ajrimga koʻra birinchi instansiya sudining hukmi oʻzgartirildi hamda apellyatsiya instansiya sudining ajrimi bekor qilindi.
A. Shukurovga Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi bilan jinoyat doirasida yetkazilgan moddiy zararning oʻrni qoplanganligi sababli ushbu kodeksning 57-moddasini qoʻllagan holda ish haqining 20 foizini davlat daromadiga ushlab qolgan holda 3 yil muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi.
Shuningdek, A. Shukurovga Jinoyat kodeksining 104-moddasi 2-qismi “ye” bandi bilan tayinlangan 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi hamda 277-moddasi 3-qismi “g” bandi bilan tayinlangan 3 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi aslicha qoldirilishi belgilandi.
Shu tariqa, A. Shukurovga tayinlangan jazolarni qisman qoʻshish yoʻli bilan 6 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Uning qamoqda saqlangan kunlari tayinlangan jazodan chegirilib, oʻtash uchun 5 yil 3 oy 12 kun muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi qoldirildi.
Toshkent shahar sudining ushbu ajrimi ustidan taraflar qonunda belgilangan tartib va muddatda Oliy sudning jinoyat ishlari boʻyicha sudlov hayʼatiga taftish tartibida shikoyat berish va protest keltirishga haqliligi maʼlum qilinadi.