platina.uz
Iqtisod

2026 yilda ham asosiy soliq stavkalari oʻzgarishsiz qoladi

Senatda soliq va byudjet masalalari boʻyicha qonun koʻrib chiqildi. Mikrofirma va kichik korxonalarga soliq hisobotlari boʻyicha yengilliklar beriladi. 

2026 yilda ham asosiy soliq stavkalari oʻzgarishsiz qoladi

2026 yilda ham asosiy soliq stavkalari oʻzgarishsiz qoladi.

Senatning oʻn ikkinchi yalpi majlisida “Soliq va byudjet siyosatining 2026 yilga moʻljallangan asosiy yoʻnalishlari qabul qilinganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonun muhokama etildi.

Taʼkidlanganidek, keyingi yilga moʻljallangan soliq-byudjet siyosatining asosiy yoʻnalishlari, shu jumladan, amaldagi qonunchilikni Jahon savdo tashkiloti bitimlariga muvofiqlashtirish, Prezidentning tadbirkorlar bilan ochiq muloqoti doirasida belgilab berilgan vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilmoqda.

2026 yilda ham soliq siyosatida asosiy soliq stavkalari qoʻshilgan qiymat soligʻi 12 foiz, foyda soligʻining bazaviy stavkasi – 15 foiz, jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻi – 12 foiz, yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq stavkasi – 1,5 foiz, qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlar uchun yer soligʻi – 0,95 foiz, ijtimoiy soliq – 12 foiz (byudjet tashkilotlari – 25%), aylanmadan olinadigan soliq – 4 foiz miqdorida oʻzgarishsiz qolmoqda.

Bundan tashqari, Soliq kodeksida qoʻshilgan qiymat soligʻining uzluksiz zanjirini yaratish, aholining sogʻlom turmush tarzini qoʻllab-quvvatlash, suv resurslaridan oqilona foydalanishni taʼminlash nazarda tutilmoqda.

Shuningdek, mazkur Qonun mebelsozlik va zargarlik sohalarida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, mahsulotlarning eksportini kengaytirish, aholi daromadlarini oshirish hamda barqaror iqtisodiy oʻsishni taʼminlashga ham yoʻnaltirilgan.

Qayd etilganidek, Qonun amaliyotga tatbiq etilishi natijasida tadbirkorlarga qulay sharoitlar yaratishga imkon beradigan soliq majburiyatlarini bajarish boʻyicha tegishli huquqiy munosabatlar tartibga solinishi nazarda tutilmoqda.

Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksda mikrofirma va kichik korxonalarga soliq hisobotlarini oʻz vaqtida taqdim etmaganlik uchun jarima miqdori pasaytirilib, oxirgi uch oy ichida soliq hisobotlari oʻz vaqtida taqdim etib kelgan soliq toʻlovchilarga keyingi hisobotni 5 ish kungacha kechiktirgan taqdirda maʼmuriy jarima qoʻllanilmasligi belgilanmoqda.

Bundan tashqari, bir kalendar oyda bir nechta soliq turlari boʻyicha hisobotlar oʻz vaqtida taqdim etilmagan taqdirda, barcha hisobotlar uchun faqat bitta jarima qoʻllash mexanizmi joriy etilmoqda.

Senat aʼzolari oʻz chiqishlarida iqtisodiyotning turli soha va tarmoqlariga, jumladan qishloq xoʻjaligi, toʻqimachilik, mahalliy sanoat, oziq-ovqat, media va aloqa kabi sohalariga bir qator soliq va bojxona imtiyozlari berilayotganligini taʼkidladi.

Shuningdek, mazkur Qonun xalq deputatlari mahalliy Kengashlariga qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlar uchun belgilangan stavkaga nisbatan 0,5 dan 1,2 gacha boʻlgan kamaytiruvchi va oshiruvchi koeffitsiyentlarni hamda lazerli tekislash lozim boʻlgan sugʻoriladigan yerlar lazerli tekislanmagan taqdirda, ushbu yerlar uchun foydalaniladigan suv hajmi boʻyicha soliq stavkalariga nisbatan 1,2 gacha oshiruvchi koeffitsiyent qoʻllash vakolatini bermoqda.

Senatorlar ushbu Qonun tadbirkorlik subʼektlarini har tomonlama ragʻbatlantirishini, teng va adolatli raqobat muhitini taʼminlashini, maʼmuriy jarimalar yukini yengillashtirishi hamda yashirin iqtisodiyotning ulushini qisqartirishga qaratilganini taʼkidladi.

Muhokama yakunida senatorlar Qonunni maʼqulladi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid