Taʼlim xizmatlari boʻyicha 1,2 mingga yaqin shikoyat kelib tushdi
Qator nodavlat taʼlim platformalarida oʻqish sifati qoniqarsizligi, koʻrsatilmagan xizmatlar uchun toʻlov undirilishi kabi holatlar kuzatilgan.

Nodavlat taʼlim xizmatlari boʻyicha shikoyatlar koʻpaymoqda.
Raqobat qoʻmitasi tomonidan nodavlat taʼlim xizmatlari sohasida isteʼmolchi murojaatlari boʻyicha tizimli monitoring va tahlil ishlari olib borilmoqda.
Tahlillar natijasiga koʻra, 2024–2025 yillar davomida nodavlat taʼlim xizmatlari boʻyicha 1 200 ga yaqin murojaat qabul qilingan.
Ularning asosiy qismi
- “NEWTON ACADEMY”, “NewTone school”;
- “MyTeacher” onlayn ingliz tili kursi;
- “Prep.uz” onlayn rus tili kursi;
- “Badavlat ayol” loyihasi;
- “Qadam Education” oʻquv markazi;
- “Lerna”, “Skillbox”, “Geekbrains”;
- “Interno Edu” MChJ;
- “Englify” MChJ;
- “Niyat Education”;
- “Sevenedu” onlayn til markazi kabi oʻquv markazlari va onlayn taʼlim platformalari faoliyatiga taalluqli ekani aniqlangan.
Murojaatlar tahliliga koʻra, qator nodavlat taʼlim xizmatlarida taʼlim sifati qoniqarsizligi, koʻrsatilmagan xizmatlar uchun toʻlov undirilishi, shartnoma shartlari va pulni qaytarish tartibi boʻyicha yetarli maʼlumot berilmasligi kabi holatlar kuzatilmoqda.
Shuningdek, “Uzum Nasiya”, "Shaffof moliya”, “Paylater” va boshqa muddatli toʻlov platformalari orqali tuzilgan shartnomalarni bekor qilishda qiyinchiliklar yuzaga kelayotgani, reklamada berilgan vaʼdalar amalda bajarilmayotgani haqida ham eʼtirozlar bildirilgan.
Qoʻmita yuqoridagi kabi taʼlim markazlarini qonunchilikka, litsenziya talablariga, shu jumladan isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish va reklama toʻgʻrisidagi qonunchilikka rioya etishga chaqirgan holda, har qanday huquqbuzarlik uchun javobgarlik nazarda tutilganligini eslatib oʻtgan.
" Hurmatli isteʼmolchilar! Nodavlat taʼlim xizmatlaridan foydalanishda xizmat koʻrsatuvchining faoliyati, litsenziyasi va ruxsatnomalarini oldindan tekshiring. Shartnoma shartlari, ayniqsa toʻlov va pulni qaytarish tartibini diqqat bilan oʻrganing. Shartnomani imzolash (onlayn tasdiqlashga)ga va toʻlovni amalga oshirishga aslo shoshilmang!", deya taʼkidlanadi qoʻmita xabarida.
Avvalroq 9,2 mlrd soʻmdan ortiq davlat xaridlarida qonunbuzilishlari aniqlangandi.
Gʻuzor tuman obodonlashtirish boshqarmasining 1,2 mlrd soʻmga yaqin, Angor tuman maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimining 1,8 mlrd soʻmlik xaridlarida raqobat qoidalariga amal qilinmagan.