platina.uz
Jamiyat

Toshkentda yirik issiqlik taʼminoti markazi ishga tushirildi

Xitoy kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshirilgan loyiha 3,5 gektar maydonda joylashdi. Uni moliyalashtirish uchun 65 million dollar xorijiy investitsiya yoʻnaltirildi. 

Toshkentda yirik issiqlik taʼminoti markazi ishga tushirildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahri Yunusobod tumanida barpo etilgan yirik quvvatli kogeneratsiya stansiyasi faoliyati bilan tanishdi.

Poytaxtda aholi va iqtisodiyot obʼektlarini qish mavsumida issiqlik energiyasi bilan barqaror va uzluksiz taʼminlash maqsadida bir vaqtning oʻzida elektr va issiqlik ishlab chiqaradigan bir qator zamonaviy kogeneratsiya qurilmalari ishga tushirilmoqda.

Yunusobod tumanidagi 4-issiqlik markazi hududida davlat-xususiy sheriklik asosida barpo etilgan, quvvati 100 MVt boʻlgan mazkur loyiha ana shunday muhim tashabbuslardan biridir.

Xitoyning “CNTIC” kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshirilgan loyiha 3,5 gektar maydonda joylashdi. Uni moliyalashtirish uchun 65 million dollar toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiya yoʻnaltirildi.

Davlatimiz rahbari markazning ish jarayoni bilan tanishdi.

Kogeneratsiya inshootiga Buyuk Britaniyaning “Rolls-Royce” kompaniyasining 70 ta gaz-porshen uskunalari oʻrnatildi.

Qozonxonalardan isteʼmolchilargacha boʻlgan issiqlik taʼminoti infratuzilmasi rekonstruksiya qilindi. Issiqlik magistrallari yangilandi. Tarmoqlar izolyatsiyali quvurlar bilan almashtirildi. Bu esa turli darajadagi energiya yoʻqotishlarining oldini olish imkonini beradi.

Markaz ishga tushirilishi natijasida yiliga 876 million kilovatt-soat elektr energiyasi va 858 ming gigakaloriya issiqlik energiyasi ishlab chiqariladi. Shu bilan birga, yiliga 35 million kub metr tabiiy gaz iqtisod qilinadi.

Endilikda poytaxtning Yunusobod, Olmazor, Shayxontohur, Mirzo Ulugʻbek va Yakkasaroy tumanlarida joylashgan jami 1 ming 846 ta obʼekt doimiy issiqlik energiyasi bilan taʼminlanadi. Ularning 1 ming 400 tasi aholi xonadoni, qolgan qismi esa ijtimoiy soha obʼektlaridir. Shuningdek, 292 ming xonadonga elektr energiyasi barqaror yetkazib beriladi.

Loyiha ishga tushishi bilan issiqlik energiyasini ishlab chiqarish uchun sarflanadigan xarajatlar 40-45 foizga kamayadi. Atmosferaga chiqadigan ifloslantiruvchi moddalar miqdori sezilarli darajada qisqarib, oqova suv tashlanmalari yuzaga kelmaydi.

Shu yerning oʻzida Prezidentimiz kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik boʻyicha amalga oshirilgan ishlar va issiqlik markazlarini rivojlantirish, Toshkent issiqlik elektr stansiyasini modernizatsiya qilish, poytaxtda obodonlashtirish ishlarini takomillashtirish boʻyicha takliflar, shuningdek, anomal sovuq sharoitida xizmatga jalb etiladigan kuch va vositalarni taqsimlash yuzasidan taqdimotlar bilan tanishdi.

Poytaxtda 11 ming 630 ta koʻp qavatli uy bor. Ularga 358 ta boshqaruv servis kompaniyasi xizmat koʻrsatmoqda. Davlatimiz rahbari ularning mavsumga qay darajada shayligi bilan qiziqdi.

– Shahar sharoitida boshqaruv servis kompaniyalari faoliyati aholi hayoti bilan uzviy bogʻliq. Shu bois ular soat mexanizmiday aniq, uzluksiz ishlashi kerak. Buning uchun zarur shart-sharoitlar yaratilmoqda. Endilikda soha xodimlarining dunyoqarashi va yondashuvi ham oʻzgarishi lozim. Aholining holidan xabar olish, koʻp qavatli uylarning yertoʻla va tom qismlarini, yoʻlaklar va oʻyin maydonchalarini tartibli saqlash zarur, — dedi Prezident.

Shuningdek, energetika, obodonlashtirish, qurilish va servis tarmoqlari masʼullariga mavsum davomida tizimli va muvofiqlashgan holda ishlash yuzasidan tegishli topshiriqlar berildi.

Telegramda kuzatib boring!
© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid