Toshkentda 100 mingdan ziyod bogʻcha-maktab oʻrniga ehtiyoj bor
Shavkat Mirziyoyev poytaxtdagi tirbandlikka ham yana bir bor toʻxtalib oʻtdi.

Toshkent shahri aholisi yildan-yilga oshib borayotgani hisobiga 100 mingdan ziyod maktab va bogʻcha oʻrinlariga ehtiyoj bor. Bu haqda prezident oʻtkazgan yigʻilishda maʼlum qilindi.
Bugungi kunda poytaxtda 75 tadan maktab va shuncha bogʻcha, 23 ta sport obʼektiga ehtiyoj bor.
Tuman hokimlari oʻzlari mablagʻ jalb qilib, har yili 1 tadan maktab, bogʻcha va sport obʼektini qurishi, qolgan 15 tadan maktab va bogʻcha hamda 11 ta sport obʼekti investitsiya dasturi doirasida qurib berilishi belgilandi.
Kelgusi yilda infratuzilma loyihalariga chetdan davlat kafolatisiz yana 300 million dollar jalb qilinadi.
Shu yildan Toshkent shahrining har bir tumanida 1 tadan maktabda taʼlim sifatini oshirish boʻyicha “Toshkent tajribasi” boshlandi. Yaʼni 7-11-sinfdagi 1,5 ming oʻquvchi saralanib, ularni AT, tibbiyot, biznes, muhandislik kabi yoʻnalishlarda oʻqitish yoʻlga qoʻyildi.
Oʻquvchilarning fanlarni oʻzlashtirishiga qarab, oʻqituvchilariga 20 million soʻmgacha oylik maosh toʻlanyapti.
Bu tajribani kengaytirib, bunday maktablar sonini kelasi yili 24 taga, 2027 yilda 33 taga yetkazish vazifasi qoʻyildi.
Shavkat Mirziyoyev poytaxtdagi tirbandlikka yana bir bor toʻxtalib oʻtdi. Bir necha oy avval ham oʻzi tirbandlikda turib, ishga borganini aytgan edi.
Xususan, Kichik halqa yoʻli, Katta halqa yoʻli, Amir Temur, Mirzo Ulugʻbek, Shahrisabz, Maxtumquli, Ohangaron koʻchalaridagi tirbandlikdan aholi norozi ekani koʻrsatib oʻtilgan.
“Endi poytaxtda boshqaruv oʻzgaradi. 2026 yil Toshkent shahri uchun “Jadal rivojlanish va aholi daromadlari oʻsishi” yili boʻladi. Bu gʻoyani roʻyobga chiqarish boʻyicha katta dastur amalga oshiriladi”, degan davlat rahbari.