platina.uz
Jamiyat

Toshkent shahri aholisi 2030 yilda 3,5 milliondan oshishi kutiladi

Prezident shahar aholisini tashvishga solayotgan ekologiya, yuqori daromadli ish oʻrinlari yaratish va sifatli boshqaruv masalasida shahar masʼullari yondashuvini oʻzgartirishi zarurligi qayd etdi. 

Toshkent shahri aholisi 2030 yilda 3,5 milliondan oshishi kutiladi

Toshkent shahrining doimiy aholisi har yili oʻrtacha 100 mingdan koʻpayib, 2030 yilda 3,5 milliondan oshishi kutilmoqda.

Shuningdek, yalpi hududiy mahsulotni 52 milliard dollarga yetkazish, jon boshiga daromadni qariyb 2 karra oshirib, 15 ming dollarga yetkazish reja qilingan.

Ushbu marralarga erishish uchun shahar hokimi va uning oʻrinbosarlari, 12 ta tuman hokimi tinimsiz izlanishi, shahar uy-joy fondi, transport, energetika, taʼlim va tibbiyot, servis infratuzilmalarini dunyoning zamonaviy megapolislari andozasi asosida qayta koʻrib chiqishi zarurligi koʻrsatib oʻtildi.

Shu bois, shunday megapolislarda rahbar boʻlgan mutaxassislarni hokimga maslahatchi qilib olib kelish boʻyicha taklif maʼqullandi.

Ularning koʻp yillik tajribasidan foydalanib, Toshkent shahrini moliya, ilgʻor texnologiyalar, madaniyat va turizm markaziga aylantirish kerakligi qayd etildi.

Shu bilan birga, poytaxtimizda hali yechimini kutayotgan masalalar koʻpligi qayd etildi.

“Eng avvalo, shahar aholisini tashvishga solayotgan ekologiya, yuqori daromadli ish oʻrinlari yaratish va sifatli boshqaruv masalasida shahar masʼullari yondashuvini oʻzgartirishi zarur”, – dedi Prezidentimiz.

Misol uchun, Yunusobodda besh yilda 500 ming kvadrat metr yirik savdo komplekslari barpo etilib, savdo va xizmat koʻrsatish hajmi joriy yilning oʻzida 76 trillion soʻmga yetdi. Shayxontohur, Chilonzor, Mirzo Ulugʻbek tumanlarida ham katta oʻzgarishlar bor.

Lekin Yashnoboddagi “Texnopark”da yuqori daromadli ish oʻrinlarini yaratish uchun hali katta salohiyat borligi taʼkidlandi. Yangihayotdagi “Toshkent indeks” loyihasida esa qurilgan 6,5 mingta savdo obʼektining yarmidan koʻpi boʻsh turgani qayd etildi.

Yashnobod va Yangihayot tumanlari hokimlariga tadbirkorlarga sharoit yaratib bersa, birgina shu loyihalarni toʻliq ishga tushirish orqali yana kamida 10 mingta ish oʻrni tashkil qilish mumkinligi koʻrsatib oʻtildi.

Toshkent shahrida yashirin iqtisodiyot ulushi 9,5 foizni tashkil qilayotgani, mutasaddilar uni qisqartirish bilan tizimli shugʻullanishi shartligi taʼkidlandi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid