Marmar toshlar orasiga yashirilgan 37,5 kg giyohvand modda aniqlandi
Chet ellik shaxs qurilishda foydalaniladigan toshlar orasiga giyohvandlik vositalarini yashirib mamlakatga olib kelgan, mahalliy fuqarolar esa ularni sotish bilan shugʻullangan.

Marmar toshlar orasiga yashirilgan narkotik moddalar fosh qilindi.
Respublika miqyosida “Xavfsiz va sogʻlom yurt” tadbirlari oʻtkazilmoqda. Unda giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashish yoʻnalishida Davlat xavfsizlik xizmatining Samarqand viloyati boʻyicha boshqarmasi, viloyat Ichki ishlar boshqarmasi hamda Bojxona boshqarmasi xodimlari hamkorligida tezkor tadbir oʻtkazildi.
Tadbir davomida 1992 y.t., xorijiy davlat fuqarosi hamda Samarqand viloyatida yashovchi, 1981 va 1995 yillarda tugʻilgan 3 nafar Oʻzbekiston fuqarosi qoʻlga olindi.
Aniqlanishicha, chet ellik fuqaro qurilishda foydalaniladigan marmar toshlar orasiga giyohvandlik vositalarini yashirgan holda mamlakatimizga olib kelgan, mahalliy fuqarolar esa ushbu ajal ogʻusini sotish bilan shugʻullanishgan.
Tezkor tadbir davomida jami 37 kg 421 g “ekstraksion opiy” giyohvandlik vositasi ashyoviy dalil sifatida olindi.
Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qoʻllanildi.
Tergov harakatlari olib borilmoqda.
Avvalroq DXX tomonidan Bojxona boshqarmasi katta tezkor xodimi va tuman kadastr boʻlimi rahbari qoʻlga olingandi.
Kontrabandaga qarshi kurashish boʻlimi xodimi noqonuniy tarzda fuqarodan 400 AQSh dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.