platina.uz
Jamiyat

Avtomobil savdosi boʻyicha yana bir yirik firibgarlik aniqlandi

1994 yilda tugʻilgan shaxs “ACTIV AVTO KAPITAL” MChJ orqali 180 ish kunida mashina yetkazib berishni vaʼda qilgan va mijozlarning milliardlab pullarini oʻzlashtirib yuborgan. 

Avtomobil savdosi boʻyicha yana bir yirik firibgarlik aniqlandi

Avtomobillar savdosi niqobi ostidagi yirik firibgarlik: Toshkentda erkak 9 yilga qamaldi.

2025 yil 4 dekabr kuni Toshkent shahar jinoyat ishlari boʻyicha Yakksaroy tumani sudida avtomobil xaridi bahonasida fuqarolarni aldab, yirik miqdorda mablagʻlarni qoʻlga kiritgan shaxsga nisbatan hukm oʻqildi. Sud hukmi nusxasi Platina.uz ixtiyorida mavjud.

Sud materiallariga koʻra, 1994 yilda tugʻilgan A.A. bir guruh shaxslar bilan oldindan jinoiy til biriktirgan holda “ACTIV AVTO KAPITAL” MChJ orqali 180 ish kunida avtomobil sotib olib berish haqidagi shartnomalar tuzgan.

Biroq mijozlardan olingan boshlangʻich toʻlovlar belgilangan maqsadda – avtomobil xaridi uchun ishlatilmagan, transport vositalari esa yetkazib berilmagan.

Ish boʻyicha jami 45 holatda mijozlardan pul olingan va avtomobil yetkazib berilmagan. Mijozlardan 49 mln, 73 mln, hatto 120 mln soʻmgacha mablagʻlar olingan.

Sud jarayonida ayblanuvchi aybiga qisman iqrorlik bildirdi. Ayrim epizodlar boʻyicha sud A. Ani aybsiz deb topgan boʻlsa-da, asosiy qismda u Oʻzbekiston Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi (“a, b” bandlari) bilan aybdor deb topildi.

Sud bu modda boʻyicha aybdorga 7 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinladi. Shuningdek, avval — Namangan viloyati Chust tumani sudi tomonidan 2024 yil 18 dekabrda tayinlangan jazoni qisman qoʻshish yoʻli bilan unga uzil-kesil 9 yil ozodlikdan mahrum etish jazosi belgilandi. Jazo umumiy tartibli koloniyada oʻtaladi.

Sud hukmiga koʻra, jazoni oʻtash muddati 2024 yil 10 iyuldan boshlab hisoblanadi, sudlanuvchiga nisbatan qamoqda saqlash ehtiyot chorasi oʻz kuchida qoldirildi.

Shuningdek, sud A.A va uning sherigi R. K. dan jabrlanuvchilarga yetkazilgan zararlarni solidar tartibda undirish toʻgʻrisida qaror chiqardi.

Hukm ustidan qonunda belgilangan tartibda shikoyat berilishi mumkin.

Sud ishi Oliy sud portalidan olindi.

Avvalroq, Toshkentda bir guruh shaxslar tomonidan 2023 yil davomida “Zamin Avto Karavan” MChJ nomi orqali oʻnlab fuqarolardan katta miqdorda pullar olib, avtomashina yetkazib berish vaʼdasi bilan firibgarlik sodir etilgani aniqlangandi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid