Toshkentdagi uydan qurollar va portlovchi moslamalar topildi
Surishtiruvlarda mazkur ashyolar uy egasining otasiga tegishli ekanligi aniqlandi. Marhum ota avval Mudofaa vazirligining turli boʻlinmalarida xizmat qilgan.

Toshkentdagi xonadon yertoʻlasidan oʻq-dori, qurollar va portlovchi moddalar topildi. Ular IIV Tezkor-qidiruv departamenti va DXX oʻtkazgan tadbirda aniqlangan.
Mazkur ashyolar haqida uy egasining oʻzi ixtiyoriy ravishda xabar bergan. U xonadonni taʼmirlash asnosida qurollarni topib olganini aytgan. Natijada yertoʻlada bir dona granata, bir oʻqotar qurol, portlovchi moslama va 1600 dan ziyod oʻq va qurollar topshirilgan.
Joriy yilning 2 dekabr kuni 1987 yilda tugʻilgan fuqaro Toshkent shahar IIBBning 102 raqamiga qoʻngʻiroq qilgan. Xodimlar oʻtkazgan tezkor tadbirlar yertoʻladan qurollar rasmiylashtirib olingan.
Oʻtkazilgan surishtiruvlarda mazkur ashyolar uy egasining otasiga tegishli ekanligi aniqlandi. Marhum ota avval Mudofaa vazirligining turli boʻlinmalarida xizmat qilgan va Qurolli kuchlar akademiyasidan nafaqaga chiqqan.
Eslatib oʻtamiz, qurol saqlash JKning 248-moddasi boʻyicha 2 yildan 5 yilgacha qamoq jazosini nazarda tutadi. Qurollar haqida ixtiyoriy xabar berganlarga jazo qoʻllanilmaydi.