Toshkentda xalqaro suv haftaligi oʻtkaziladi
Forum suv resurslaridan oqilona foydalanish va “yashil” texnologiyalarni joriy etish boʻyicha muloqot maydoni boʻlib xizmat qiladi.

Kelgusi yil mart oyida Toshkent xalqaro suv haftaligi oʻtkaziladi. Forum xalqaro institutlar va mintaqa mamlakatlari bilan hamkorlikni mustahkamlash, suv resurslaridan oqilona foydalanish va “yashil” texnologiyalarni joriy etish boʻyicha muloqot maydoni boʻlib xizmat qiladi.
Prezident Shavkat Mirziyoyevga 15 dekabr kuni suv xoʻjaligida energiya samaradorligini oshirish, ilmiy salohiyatni rivojlantirish va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash ishlari yuzasidan axborot berildi.
Ushbu tadbirni yuqori saviyada oʻtkazish va kelgusi yilda Orolboʻyi hududida suv tejash texnologiyalariga bagʻishlangan xalqaro forumga puxta tayyorgarlik koʻrish yuzasidan koʻrsatmalar berildi.

Soʻnggi oylarda Toshkent shahri ichimlik suvi va oqova xizmatlarini yaxshilashga bagʻishlangan birinchi Markaziy Osiyo anjumani hamda Suv kodeksining kuchga kirishiga bagʻishlangan xalqaro anjumanga mezbonlik qildi.
Maʼlumot uchun, Qoraqalpogʻistonda 274 ta nasos stansiyasi mavjud boʻlib, ular orqali 185 ming gektardan ortiq yer maydonlari sugʻorilmoqda. Stansiyalardagi nasos agregatlarining yarmidan koʻpi 1979 yildan buyon ishlab chiqarilgan uskunalardan iborat, ularning energiya sarfi zamonaviy nasoslarga nisbatan 2-3 barobar yuqori.
Kegeyli tumanidagi eski agregatlardan biri zamonaviy energiya tejamkoriga almashtirilganda elektr energiyasining sarfi ikki barobarga kamaygan.
Ushbu ijobiy tajribadan kelib chiqib, Qoraqalpogʻistondagi 276 ta nasosni bosqichma-bosqich zamonaviy energiya tejamkor agregatlarga almashtirish rejalashtirilgan. Natijada yillik 25 milliard soʻmga teng elektr energiyasi iqtisod qilinishi va loyiha sarf-xarajatlari 14 oy ichida oʻzini oqlashi kutilyapti.