Raqobat qoʻmitasi "Ajr Qora Sedana"ni jarimaga tortdi
Ushbu biologik faol qoʻshimcha mashhur shaxslar tomonidan reklama qilinib, mahsulotning davolash xususiyatiga ishontirishga urinishlar kuzatilgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda “AJR QORA-SEDANA” biologik faol qoʻshimchasining reklama qilingan videolari va postlarida mahsulotning turli kasalliklarga qarshi keng taʼsir doirasiga ega ekanligi haqidagi asoslanmagan daʼvolar tarqatilgani aniqlandi.
Xususan, mahsulot oshqozon kasalliklarini davolashi, qandli diabet, insult va infarkt xavfini kamaytirishi, nafas yoʻllari kasalliklari, yoʻtal va shamollashga qarshi samarali ekanligi targʻib qilingan, shuningdek, baʼzi mashhur shaxslar (Sardor Rahimxon, Ravshan Komilov, Jahongir Xoʻjayev, Muhammadali Abduqunduzov, Oʻtkir Shodmonov, Akmal Mirzo, Shohjahon Ergashev, Aziz Estet, Rixsitilla Abdullayev, Mirolim Qilichev, Ali Otajonov, Shahzod Sultonov va shu kabi taniqli shaxslar) tomonidan uni reklama qilish orqali aholini mahsulotning davolash xususiyatiga ishontirishga urinishlar kuzatilgan.
Raqobat qoʻmitasi soʻroviga asosan, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasi tomonidan berilgan xulosada mahsulotning qoʻllash yoʻriqnomasidagi maʼlumotlar ijtimoiy tarmoqlardagi reklama xabarida koʻrsatilgan xususiyatlar bilan mos kelmasligi qayd etildi.
Maʼlumot uchun: Biologik faol qoʻshimchalar(BAD) inson organizmining fiziologik holati barqaror boʻlmagan hollarda uning funksional faoliyatini qoʻllab-quvvatlash uchun moʻljallangan boʻlib, ular davolash xususiyatiga ega emas.
“Reklama toʻgʻrisida”gi Qonunning 35-moddasiga muvofiq, BFQ reklamalari:
-dori vositasi yoki davolash xususiyatiga ega mahsulot sifatida talqin qilinmasligi;
- ulardan foydalangan shaxslarning davolanganligi yoki ahvoli yaxshilanganligi haqidagi misollarni oʻz ichiga olmasligi;
-foydalanuvchilarning minnatdorlik bildiruvlarini aks ettirmasligi;
- sogʻlom ovqatlanishni rad etishga undamasligi;
- tadqiqotlar va davlat roʻyxatidan oʻtganligi haqidagi maʼlumotlardan dori vositasiga nisbatan afzallik sifatida foydalanmasligi;
- bolalar tasviridan foydalanmasligi shart.
Shuningdek, BFQ reklamalari doimo “mahsulot dori vositasi emas” degan ogohlantiruvchi matn bilan berilishi hamda BFQ boʻyicha ragʻbatlantiruvchi aksiyalar oʻtkazilishi taqiqlanishi belgilangan.
Yuqoridagilarga koʻra, Qoʻmita Maxsus komissiyasi tomonidan “SANNO TM OCEAN” MChJga (AJR QORA-SEDANA) nisbatan ish qoʻzgʻatilib, natijasi yuzasidan belgilangan tartibda moliyaviy jarima qoʻllanildi va qonunbuzilish holatini bartaraf etish hamda kelgusida yoʻl qoʻymaslik boʻyicha bajarilishi majburiy boʻlgan koʻrsatma berildi.