Prezidentning U-20 jahon chempionati boʻyicha qarori eʼlon qilindi
Chempionat doirasida amalga oshiriladigan xarajatlar va ularni moliyalashtirish manbalari roʻyxati tasdiqlandi. Oʻyinlarga chipta olgan muxlislar jamoat transportidan bepul foydalanadi.

Prezidentning "2027 yilgi futbol boʻyicha U-20 jahon chempionatiga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish chora-tadbirlari toʻgʻrisida"gi qarori eʼlon qilindi.
Unga koʻra 2027 yilgi futbol boʻyicha U-20 Jahon chempionatiU-20 Jahon chempionati doirasida amalga oshiriladigan xarajatlar va ularni moliyalashtirish manbalari roʻyxati tasdiqlandi.
Jahon chempionatida akkreditatsiyadan oʻtgan shaxslar hamda oʻyin kunlari chiptalari mavjud boʻlgan shaxslarning jamoat transporti vositalarida borib kelishi uchun Toshkent – Yangi Toshkent – Toshkent yoʻnalishida alohida avtobuslar qatnovini yoʻlga qoʻyiladi;
Jahon chempionatida akkreditatsiyadan oʻtgan shaxslar hamda oʻyin kunlari chiptalari mavjud boʻlgan shaxslar uchun jamoat transporti vositalaridan (avtobus, metro) bepul foydalanish imkoniyatlarini yaratiladi.
FIFA va Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasining Toshkent shahrida FIFAning Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun mintaqaviy ofisini ochish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik beriladi.
Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi Sport vazirligi bilan birgalikda Jahon chempionatining rasmiy futbol toʻpini, logotipini, ramzini (maskot) ommaga tanishtirish marosimlari hamda boshqa rasmiy tadbirlarni tashkil etish va oʻtkazish choralarini koʻradi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi Jahon chempionatiga munosib tayyorgarlik koʻrish, uni yuqori darajada tashkil etish va oʻtkazish uchun talab etiladigan mablagʻlar 2026–2027 yillarda Davlat byudjeti parametrlarida nazarda tutilishini taʼminlaydi.
Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Bosh vaziri A.N. Aripov hamda Prezidentning sport boʻyicha vakili O.Q. Abduraxmanov zimmasiga yuklangan.