platina.uz
Jamiyat

“Elektron retsept” tizimi boʻyicha qoʻshimcha tushuntirishlar berildi

Tizim bosqichma-bosqich joriy etiladi. Tizimli taʼsirga ega antibiotiklar, sintetik antibakterial preparatlar hamda gormonal dori vositalari uchun elektron retsept majburiy boʻlishini nazarda tutuvchi birinchi bosqich belgilanadi. 

“Elektron retsept” tizimi boʻyicha qoʻshimcha tushuntirishlar berildi

Toshkent shahri va 15 ta tajriba-sinov hududida bosqichma-bosqich joriy etilayotgan “Elektron retsept” tizimi jamoatchilik va soha mutaxassislarining diqqat markazida boʻlib turibdi.

Kelib tushayotgan murojaat va takliflarni inobatga olgan holda, yuzaga kelayotgan savollarga aniqlik kiritish hamda yangi tizimga barqaror oʻtishni taʼminlash maqsadida Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan qoʻshimcha tashkiliy hamda tushuntirish ishlari amalga oshirilmoqda.

Vazirlikda davlat va xususiy tibbiyot tashkilotlarining yetakchi shifokorlari, tegishli idoralar vakillari va soha ekspertlari ishtirokida uchrashuv oʻtkazildi.

Konstruktiv muloqot davomida “Elektron retsept” tizimini joriy etish bilan bogʻliq masalalar, shuningdek, bu borada tibbiyot xodimlarining tajribasi va bemorlar ehtiyojlarini hisobga olgan holda ayrim tartib-taomillarni yanada takomillashtirish boʻyicha takliflar muhokama qilindi.

Tizim mutaxassislari oʻrtasida muntazam muloqotni taʼminlash maqsadida Sogʻliqni saqlash vazirligi huzurida Ekspertlar kengashini tashkil etish toʻgʻrisida qaror qabul qilindi. Haftaning har juma kuni tibbiyot va farmatsevtika sohasi vakillari hamda boshqa tegishli mutaxassislar ishtirokida ushbu Kengashning ochiq yigʻilishlari oʻtkaziladi.

Uchrashuv doirasida “Elektron retsept” tizimining amaldagi ishlash mexanizmlari yuzasidan ham tushuntirish berildi.

Taʼkidlanganidek, xususiy tibbiyot tashkilotlari va shifokorlarning “Elektron retsept” moduliga ulanishi bepul boʻlib, buning uchun +998 (71) 202-50-00 raqami orqali murojaat qilish kerak.

Shuningdek, muloqotda retsept (shu jumladan elektron retsept)ni yozish faqat shifokor vakolatiga kirishi alohida qayd etildi.

Bemorlarni davolash uzluksizligini taʼminlash maqsadida, maʼlum bir tibbiyot muassasasida zarur dori vositasi yoʻq boʻlgan hollarda, shifokor retsept yozib beradi. Tegishli maʼlumotlarni rasmiylashtirish va elektron tizimga kiritish esa dorixona muassasasining farmatsevti tomonidan amalga oshiriladi.

Qayd etilganidek, fuqaro dorixonaga murojaat qilganda, dori vositasi farmatsevt tomonidan elektron retsept, QR-kodli hujjat yoki JShShIR asosida beriladi.

Chet el fuqarolari esa elektron retsept olish uchun umumiy shartlarda davlat tibbiyot muassasalarida roʻyxatdan oʻtish huquqiga ega.

Sogʻliqni saqlash vazirligi huzurida aholini qoʻllab-quvvatlash maqsadida tunu kun ishlaydigan 1003 qisqa raqamli “Sall-markaz” faoliyat yuritmoqda. Fuqarolar u orqali “Elektron retsept” tizimi bilan bogʻliq barcha masalalar boʻyicha maslahat va tushuntirishlar olish imkoniga ega.

Yotoq rejimida boʻlgan bemorlar, shuningdek, surunkali kasalliklarga chalingan shaxslar maslahat va elektron retsept olish uchun oʻz oilaviy shifokoriga telefon orqali murojaat qilishi mumkin. Agar bemor oilaviy shifokorining telefon raqamini bilmasa, unga 1003 qisqa raqamli “Sall-markaz” orqali zarur yordam koʻrsatiladi.

Tibbiyot mutaxassislari va ekspertlar ishtirokidagi muhokamalar yakunida bildirilgan taklif va fikr-mulohazalarni hisobga olgan holda, amalga oshirilayotgan mexanizmlarni mustahkamlash va aniqlashtirish, “Elektron retsept” tizimini joriy etishning keyingi bosqichma-bosqich tartibini belgilash maqsadida Sogʻliqni saqlash vazirining tegishli buyrugʻi qabul qilindi.

Unga koʻra:

1) Toshkent shahri va 15 ta tajriba-sinov tuman (shahar)lari hududida “Elektron retsept” tizimi bosqichma-bosqich joriy etilib, shifokor tomonidan dori vositalarining xalqaro patentlanmagan nomlanishi boʻyicha elektron retseptlar rasmiylashtiriladi va elektron tizimga kiritiladi;

2) zarur texnik imkoniyatlar mavjud boʻlganda, tibbiyot va farmatsevtika tashkilotlari DMED axborot tizimiga bepul ulanadi hamda ularning axborot tizimlari Sogʻliqni saqlash vazirligining raqamli platformasiga integratsiya qilinadi;

3) “Elektron retsept” tizimi asosida beriladigan dori vositalarining roʻyxati bosqichma-bosqich shakllantirilib, bunda alohida roʻyxatlar ijtimoiy xavf va sohada yuzaga keladigan ehtiyojlardan kelib chiqqan holda har bir bosqichda Ekspertlar kengashi tomonidan tayyorlanadi hamda tasdiqlanadi;

4) tizimli taʼsirga ega antibiotiklar, sintetik antibakterial preparatlar hamda gormonal dori vositalari uchun elektron retsept majburiy boʻlishini nazarda tutuvchi birinchi bosqich belgilanadi;

5) shifokorning elektron retseptlarni yozish boʻyicha vakolatlari, shu jumladan muayyan tibbiyot tashkilotida mavjud boʻlmagan dori vositalarini tayinlash va keyinchalik dorixonalar farmatsevtlari tomonidan ushbu maʼlumotni tizimga kiritishning huquqiy asoslari mustahkamlanadi;

6) dorixonalarda retseptli dori vositalarini elektron retsept asosida berish (shu jumladan, bemorning JShShIRi orqali) tartibi belgilanadi, qolaversa, tizim toʻliq joriy etilgunga qadar va favqulodda vaziyatlarda istisno tariqasida qogʻoz koʻrinishidagi retseptlarni rasmiylashtirish imkoniyati saqlab qolinadi;

7) bemor yoki uning vakilida elektron retsept boʻlmagan taqdirda, dorixona farmatsevtiga shaxsni tasdiqlovchi hujjat (qogʻoz yoki elektron shaklda) asosida JShShIRni kiritib, tizim orqali elektron retsept bilan tanishish va retsept boʻyicha dori vositasini berish huquqini taqdim etuvchi mexanizm belgilanadi;

8) yurtimiz va chet el fuqarolarining tibbiy yordam va dori vositalarini olish (shu jumladan shoshilinch holatlarda) huquqlari taʼminlanadi, shuningdek, tizimni joriy etish bosqichlari va dori vositalari roʻyxatlari toʻgʻrisida aholi rasmiy manbalar orqali xabardor qilib boriladi;

9) doimiy tushuntirish ishlari va qayta aloqa tizimi, shu jumladan kecha-kunduz ishlaydigan 1003 “Sall-markaz”i faoliyati yoʻlga qoʻyilib, u orqali:

- yotoq rejimidagi va surunkali kasalliklarga chalingan bemorlarning oʻz oilaviy shifokoriga murojaat qilishi;

- oilaviy shifokorga (tegishli hollarda tor soha mutaxassislariga) masofadan turib murojaat qilgan holda elektron retsept olishi;

- koʻrsatmalar mavjud boʻlganda, patronaj xizmatining tashkil etilishi va zarur tibbiy xizmatlar uyda koʻrsatilishi taʼminlanadi;

10) davolovchi shifokorning qaroriga koʻra, surunkali kasalliklarga chalingan bemorlarga:

– 60 kungacha davolanish davrida – Xalqaro kasalliklar tasnifiga muvofiq kodlanadigan, surunkali kasalliklarni davolashda tayinlanadigan, shuningdek, anabolik faolligi bilan ajralib turadigan dori vositalari uchun;

– 90 kungacha davolanish davrida - boshqa tayyor dori vositalari uchun (reimbursatsiya doirasida - 30 kungacha) retseptlar yozishning alohida tartibi belgilanadi.

Ushbu hollarda elektron retsept va tegishli QR-kodning amal qilish muddati belgilangan davolash kursi davriga muvofiq uzaytiriladi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid