Chilida prezident oʻzgardi: oʻta oʻng kuchlar hokimiyat tepasiga keldi
Xose Antonio Kast Chili rahbari boʻldi. Ushbu natija Lotin Amerikasida ilgari siyosiy autsayder hisoblangan oʻng qanot yetakchilarning hokimiyatga kelishi tendensiyasini davom ettirdi.

Xose Antonio Kast Chilining yangi prezidenti boʻldi: oʻta oʻng kuchlar Lotin Amerikasida navbatdagi gʻalabani qoʻlga kiritdi.
Oʻta oʻng qanot vakili Xose Antonio Kast qayta saylovda 58% ovoz bilan gʻalaba qozonib, Chilining 38-prezidenti boʻldi.
14 dekabrda deyarli barcha byulletenlar sanab chiqilgach, Kast 58 foiz ovoz bilan ustun keldi. U hukmron markazchi-chap koalitsiya nomidan ishtirok etgan sobiq Mehnat vaziri, Kommunistik partiya vakili Janett Jarani magʻlub etdi.
Jara va uning “Chili uchun birlik” koalitsiyasi Janubiy Amerika mamlakatida saylov uchastkalari yopilganidan koʻp oʻtmay magʻlubiyatni tan oldi.
“Demokratiya aniq va baland ovozda gapirdi. Men hozirgina saylangan prezident [Kast] bilan gaplashib, Chilining manfaatlari yoʻlida unga muvaffaqiyat tiladim”, — deb yozdi Jara ijtimoiy tarmoqlarda.
“Bizni qoʻllab-quvvatlagan va nomzodligimizdan ilhom olgan barchaga shuni aytmoqchimanki, mamlakatimizda yaxshiroq hayot barpo etish yoʻlida ishlashda davom etamiz. Har doimgidek, birga va mustahkam turamiz", deya qoʻshimcha qildi u.
“Bu shaxsiy yutuq ham emas, partiya yutugʻi ham emas, bu yerda Chili gʻalaba qozondi" — dedi u olomonga.
Ushbu natija Lotin Amerikasida oʻta oʻng kuchlarning navbatdagi gʻalabasi boʻlib, soʻnggi paytlarda Argentina va Ekvador kabi davlatlarda ilgari siyosiy autsayder hisoblangan oʻng qanot yetakchilarning hokimiyatga kelishi tendensiyasini davom ettirdi.
Ovozlar hisob-kitobi, shuningdek, 59 yoshli Respublikachilar partiyasi yetakchisi Kastning siyosiy sahnaga qaytishini ham anglatadi. 2025 yilgi saylov uning prezidentlik uchun uchinchi urinishi edi va ilk bor muvaffaqiyatli yakunlandi.
2021 yilgi avvalgi saylovda u amaldagi prezident Gabriel Borichga qariyb 10 foizlik farq bilan yutqazgan edi.
Ammo Chilining eng yosh prezidenti sifatida tarixga kirgan Borichning reytingi toʻrt yillik muddati oxiriga kelib taxminan 30 foizgacha tushib ketdi. Shuningdek, Chili qonunchiligiga koʻra, u ikkinchi muddatga nomzodini qoʻya olmas edi.
Jamoatchilik fikri soʻrovlarida saylovchilar jinoyatchilik va immigratsiya darajasining oshgani, shuningdek, mamlakat iqtisodiyotining sekinlashuvidan norozilik bildirgan.
Kast esa oʻz kampaniyasini oʻzgarish vaʼdasi asosida olib bordi. U jinoyatchilik va immigratsiyaga qarshi keskin choralar koʻrishini, jumladan, AQSh prezidenti Donald Tramp Shimoliy Amerikada qoʻllagan siyosatga oʻxshash tarzda ommaviy deportatsiyalarni amalga oshirishini aytdi.
Kastning saylovdagi gʻalabasidan soʻng, Amerika qitʼasidagi oʻng qanot yetakchilar ijtimoiy tarmoqlarda uni tabriklashdi.
“Chili prezidenti etib saylangan Xose Antonio Kastni gʻalabasi bilan tabriklayman”, — deb yozdi AQSh davlat kotibi Marko Rubio. “Qoʻshma Shtatlar uning maʼmuriyati bilan mintaqaviy xavfsizlikni mustahkamlash va savdo aloqalarimizni jonlantirish yoʻlida hamkorlik qilishni intiqlik bilan kutmoqda.”
Argentinaning prezidenti Xaver Miley ham Kastning saylanishini Lotin Amerikasidagi konservativ siyosiy harakat uchun katta gʻalaba sifatida olqishladi.
Bu yilgi prezidentlik saylovi mamlakatda 2012 yildan beri ilk bor ovoz berish majburiy boʻlgan saylov boʻldi. Saylovda taxminan 15,7 million nafar saylovchi roʻyxatdan oʻtgan.
Kast 16 noyabr kuni boʻlib oʻtgan birinchi saylovda ikkinchi oʻrinni egallagan edi. U 23,9 foiz ovoz toʻplagan boʻlsa, Jara 26,8 foiz ovoz olgan.
Biroq qayta saylovda Kastning tarafdorlari soni ortdi va saylovda gʻalaba qozondi.
Kast 11 mart kuni rasman prezidentlik lavozimiga qasamyod qiladi.