Oʻzbekiston Dubaydagi para Osiyo oʻyinlarida birinchi oʻrinni egalladi
Musobaqalarda 197 ta medal ( 99 ta oltin, 57 ta kumush, 41 ta bronza) qoʻlga kiritildi. Delegatsiya aʼzolari “Humo” Toshkent xalqaro aeroportida tantanali kutib olindi.

Oʻzbekiston "Dubay-2025 V para Osiyo oʻyinlari"da birinchi boʻldi.
Joriy yilning 7-14 dekabr kunlari Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahrida V para Osiyo oʻyinlari boʻlib oʻtdi.

Kompleks musobaqada qitʼamizning 35 ta mamlakatidan jami 1500 nafarga yaqin atletlar 11 ta sport turidan gʻoliblik uchun bellashdi.
Xususan, Oʻzbekiston delegatsiyasi sportning para yengil atletika, para taekvondo, bochcha, para suzish, para armrestling, para pauerlifting sport turlari boʻyicha musobaqada ishtirok etib, jami 197 ta medal ( 99 ta oltin, 57 ta kumush, 41 ta bronza) qoʻlga kiritib umumjamoa hisobida birinchi oʻrinni egalladi.


Bugun Oʻzbekiston sport delegatsiyasi vatanga qaytib keldi.
Delegatsiya aʼzolari “Humo” Toshkent xalqaro aeroportida rasmiylar tomonidan tantanali ravishda kutib olindi.