Toshkentda Yangi yil bayrami sabab ayrim koʻchalarda harakat cheklanadi
Haydovchilarga oʻz yoʻnalishlarini ushbu oʻzgarishlarni inobatga olgan holda rejalashtirishni tavsiya etilgan.

Toshkentda Yangi yil bayrami sabab ayrim koʻchalarda harakat cheklanadi.
Yangi yil bayrami tadbirlariga tayyorgarlik koʻrish va uni yuqori saviyada oʻtkazish, shuningdek, bayram tadbirlari vaqtida aholi xavfsizligini taʼminlash hamda jamoat tartibini saqlash maqsadida poytaxtning quyidagi hududlarida transport vositalari uchun harakat cheklovlari oʻrnatiladi:
2025 yilning 15 dekabridan 2026 yilning 15 yanvarigacha Oʻzbekiston Milliy kutubxonasi old maydonida:
— Zarafshon koʻchasining "Hyatt Regency Tashkent" mehmonxonasi qoʻriqlash punkti va Matbuotchilar koʻchalari oraligʻidagi qismi;
— Istiqlol koʻchasining A.Temur shoh va Buyuk Turon koʻchalari oraligʻidagi qismi;
— Buyuk Turon koʻchasining Istiqlol koʻchasi kesishmasidan Yoshlar ijod saroyigacha.

2025 yil 17 dekabrdan 2026 yil 5 yanvargacha Taras Shevchenko gastronomik-turizm koʻchasida:
— Taras Shevchenko koʻchasining Fidokor koʻchasi kesishmasidan Nukus koʻchasi kesishmasigacha,
— Sayyid Baraka koʻchasining Oybek koʻchasi kesishmasidan Amir Temur shoh koʻchasigacha.

"Noqulayliklar uchun uzr soʻraymiz va haydovchilarga oʻz yoʻnalishlarini ushbu oʻzgarishlarni inobatga olgan holda rejalashtirishni tavsiya etamiz", deyiladi poytaxt hokimligi xabarida.