platina.uz
Jahon

Maduro Belarusdan siyosiy boshpana olishi mumkin

AQSh bosimi kuchaygan bir paytda Belarus va Rossiya rahbarlari Venesuela prezidentini qoʻllab chiqdi. Lukashenko Maduroga "mamlakat eshiklari ochiqligi"ni aytgan.  

Maduro Belarusdan siyosiy boshpana olishi mumkin

AQSh prezidenti Donald Tramp bosimi ortar ekan, Putin va Lukashenko Venesulela rahbari Maduroni qoʻllab-quvvatlashga oʻtdi.

Tramp maʼmuriyatining keskin bosimlari fonida Putin Maduroni qoʻllashini yana tasdiqladi, Belarus esa siyosiy boshpana berish ehtimoli haqida bilvosita ishora qildi.

Maduroning 21 noyabr kuni Trampga qilgan telefon qoʻngʻirogʻida u Venesuelani tark etishga tayyorligini aytgan, biroq buning uchun oʻzi va oilasiga toʻliq huquqiy amnistiya berilishi kerakligini bildirgan.

Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko esa 17 kun ichida ikkinchi bor Venesuelaning Moskvadagi elchisi Xesus Rafael Salasar Velaskes bilan uchrashdi.

Belarus davlat axborot agentligi Beltaning yozishicha, Lukashenko 25 noyabr kuni elchiga Belarus eshiklari Maduro uchun har doim ochiqligini aytib, endi uning tashrif buyurish vaqti kelganini bildirgan edi.

Reuters nashri ushbu uchrashuvlarning ahamiyati va agar Maduro isteʼfoga chiqsa, Belarus uni boshpana bilan taʼminlashga tayyor-tayyor emasligi haqida Lukashenko idorasidan izoh soʻradi. Javob berilmadi.

Kremlning bayonotiga koʻra, Rossiya prezidenti Vladimir Putin 11 dekabr kuni Venesuela rahbariga qilgan qoʻngʻirogʻida "tashqi bosim kuchayib borayotgan bir paytda milliy manfaatlar va suverenitetni himoya qilishga qaratilgan Maduro hukumatining siyosatini qoʻllab-quvvatlashi"ni yana bir bor tasdiqlagan.

AQSh esa Karib boʻyidagi harbiy kuchlarini keskin koʻpaytirdi.

Tramp maʼmuriyati 2013 yildan beri hokimiyatda boʻlgan Maduroni Venesuelaning qonuniy prezidenti sifatida tan olmaydi. Maduro oʻtgan yili AQSh va Gʻarb davlatlari “soxtalashtirilgan” deb baholagan saylovda gʻalaba qilganini daʼvo qilgan. Mustaqil kuzatuvchilarning aytishicha, aslida muxolifat katta ustunlik bilan gʻolib boʻlgan.

Soʻnggi oylar ichida Tramp Venesuelaga bosimni yanada kuchaytirib, Karib dengizida yirik harbiy kuch yigʻmoqda.

Politico'ga bergan intervyusida Tramp Maduroning “kunlari cheklanganligini” aytdi, biroq AQSh qoʻshinlarini Venesuelaga yuborish-yubormasligi haqida aniq javob bermadi.

Rossiya Tashqi ishlar vazirligi vakili Mariya Zaxarova “Oq uy butun Gʻarbiy yarim sharda kutilmagan oqibatlarga olib kelishi mumkin boʻlgan toʻliq miqyosli mojaroni toʻxtata oladi degan umiddamiz”, deya fikr bildirdi.

Telegramda kuzatib boring!
© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid