platina.uz
Jamiyat

Energetika vazirligi: isitishda tabiiy gazdan voz kechish rejalashtirilmoqda

Yangi tashabbusga koʻra, elektr boʻyicha imtiyozli tariflar joriy etiladi. Isitish mavsumida 2000 kVt·soatgacha boʻlgan elektr uchun 50 foizgacha chegirma berilishi mumkin. 

Energetika vazirligi: isitishda tabiiy gazdan voz kechish rejalashtirilmoqda

Energetika vaziri Joʻrabek Mirzamahmudovga koʻra, isitishda gazdan toʻliq voz kechiladi va elektr boʻyicha imtiyozli tariflar joriy etiladi.

Vazirlik izohiga koʻra, Belarus, Xitoy va qator Yevropa davlatlarida energiya isteʼmolini toʻliq dekarbonizatsiya qilish, “Zero carbon – eco home” tamoyillari asosida uy-joylar qurish va isteʼmolni toʻliq elektrlashtirish amaliyoti muvaffaqiyatli joriy etilgan. Mazkur yondashuv dunyo mamlakatlarida keng ommalashmoqda.

Shu munosabat bilan Oʻzbekistonda ham energiya isteʼmoli madaniyatini oshirish, yangi barpo etilayotgan koʻp qavatli turar-joylarni toʻliq elektrlashtirish, ovqat tayyorlash uchun elektr plitalari bilan taʼminlash, isitish tizimini elektr energiyasiga oʻtkazish hamda tabiiy gaz tarmoqlariga ulanmagan koʻp xonadonli uylar, yotoqxonalar va gazlashtirilmagan hududlardagi hovlilar uchun imtiyozli tariflarni joriy etish boʻyicha hisob-kitoblarga asoslangan takliflar ishlab chiqilgan.

Mazkur takliflar loyihasiga koʻra, ovqat tayyorlash uchun elektr plitalari bilan jihozlangan, isitish tizimi toʻliq elektrlashtirilgan, markazlashgan isitish tizimi va tabiiy gaz tarmoqlariga ulanmagan koʻp qavatli uylar, yotoqxonalar hamda gazlashtirilmagan hududlarda yashovchi maishiy isteʼmolchilarga (subsidiyalanadigan narxlardagi suyultirilgan gaz, koʻmir yoki tabiiy gazdan foydalanmagan taqdirda) oylik isteʼmol hajmiga qarab:

  • isitish mavsumida — 2000 kVt·soatgacha;
  • isitish mavsumidan tashqari — 1000 kVt·soatgacha;
  • elektr energiyasi isteʼmoli uchun amaldagi tariflarga nisbatan 50 foizgacha chegirma qoʻllash nazarda tutilmoqda, deyiladi vazirlik izohida.

Takliflar idoralararo tartibda kelishilgan.

Hozirda mavjud elektr tarmoqlarining qoʻshimcha yuklamani qabul qilish imkoniyati boʻyicha texnik audit davom etmoqda. Shuningdek, Energetika vazirligi, IMV, Oʻenergoinspeksiya, HET AJ va HGT AJ tomonidan qoʻshimcha oʻrganishlar olib borilmoqda.

Mazkur islohotlar Oʻzbekiston energetika tizimi uchun muhim transformatsiya jarayoni boʻlib, xalqaro tajribada kuzatilganidek, bunday oʻzgarishlar chuqur tahlil, vaqt va yuqori darajadagi ehtiyotkorlikni talab qiladi. Jarayonning bosqichma-bosqich amalga oshirilishi tizimning strategik ahamiyatidan kelib chiqadi.

Shuni alohida qayd etish lozimki, ayrim ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari tomonidan mazkur jarayonning murakkabligi va masʼuliyat darajasini inobatga olmagan holda noxolis talqin qilinmoqda. Takliflarning koʻrib chiqilishi va qabul qilinishi amaldagi reglamentlarga qatʼiy rioya etilgan holda amalga oshirilmoqda.

Hisob-kitoblar va texnik audit yakuniga koʻra, umumiy xulosa shakllantiriladi va shundan soʻng takliflarning amaliyotga tatbiq etilishi taʼminlanadi.

Energetika vaziri Joʻrabek Mirzamahmudov tomonidan mazkur takliflar tegishli davlat organlariga taqdim etilgani, audit jarayonlari davom etayotgani va ishlab chiqilgan mexanizmning kelgusi yilda joriy etilishidan umidvorligi bir necha bor ommaga maʼlum qilingan, deya taʼkidlaydi vazirlik.

Telegramda kuzatib boring!
© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid