Bolgariyada hukumat ommaviy norozilik sabab isteʼfoga chiqdi
Namoyishchilar bosh vazir Rosen Jelyazkov hukumatini korrupsiyada ayblagan. Oʻtgan haftada namoyishlarga javoban hukumat keyingi yil uchun moʻljallangan bahsli byudjet loyihasini ham bekor qilgandi.

Bolgariya Bosh vaziri va hukumati ommaviy norozilik namoyishlaridan soʻng isteʼfo berdi.
2020 yilgi hukumat qulashidan beri mamlakatda yetti marotaba saylov oʻtkazildi.
Bolgariya bosh vaziri va hukumati ommaviy noroziliklardan soʻng isteʼfoga chiqdi.
Bosh vazir Rosen Jelyazkov hukumati 10 dekabr kuni kechasi butun mamlakat boʻylab, jumladan poytaxt Sofiya markazida oʻtkazilgan norozilik namoyishlaridan soʻng isteʼfoga chiqdi.
Jelyazkovning keskin harakati parlamentdagi ishonchsizlik votumi berishidan oldin, shuningdek, Bolgariya yevro hududiga qoʻshilishidan 20 kun avval eʼlon qilindi.
Norozilar yanvar oyidan buyon uning hokimiyatda ozchilikni tashkil qilgan markaz-oʻng hukumatini keng koʻlamli korrupsiyada ayblab kelayotgan edi. Oʻtgan haftada namoyishlarga javoban hukumat keyingi yil uchun moʻljallangan bahsli byudjet loyihasini ham bekor qilgan edi.
"Biz hukumatga qarshi norozilik bildirayotgan fuqarolarning ovozini eshitdik", dedi Jelyazkov telemurojaatida. "Yoshlar ham, keksalar ham isteʼfomiz uchun ovozlarini koʻtardi", deya qoʻshimcha qildi u. "Bu fuqarolik energiyasi qoʻllab-quvvatlanishi va ragʻbatlantirilishi kerak."
Hukumat saytida eʼlon qilingan bayonotga koʻra, yangi kabinet shakllanguncha amaldagi vazirlar oʻz lavozimida qoladi.
Sofiyaning markazidagi “Hokimiyat Uchburchagi” va “Mustaqillik maydoni”da 10 dekabr oqshomi 50 mingdan 100 minggacha odam hukumat isteʼfosini talab qilib toʻplangan. Parlament binosiga “Isteʼfo” va “Mafiya chiqib ketsin” degan soʻzlarni yozishgan.
Ularning talablari oʻtgan haftada prezident Rumen Radev tomonidan ham qoʻllab-quvvatlangan, u ham hukumatni isteʼfoga chaqirgandi.
Jelyazkov hukumati avval beshta ishonchsizlik votumidan omon qolgan va 11 dekabr kuni boʻlib oʻtishi kerak boʻlgan oltinchi ovoz berishdan ham oʻtishi kutilayotgan edi.
Norozilarni ikki shaxsning roli yanada gʻazablantirgan. Bular oligarx Delyan Peevski va sobiq bosh vazir Boyko Borisov. Maʼlumotlarga koʻra, namoyish “Isteʼfo! Peevski va Borisov hokimiyatdan ketsin” shiori ostida tashkil etilgan.
Peevski AQSh va Buyuk Britaniya tomonidan korrupsiyada ayblanib sanksiya ostiga olingan va uning partiyasi hukumatni qoʻllab turgan edi.
Borisov esa 2024 yil oktabr saylovlarida birinchi boʻlgan Jelyazkovning GERB partiyasi yetakchilaridan.
Borisov bosh vazir boʻlgan 2020 yilda korrupsiyaga qarshi noroziliklar uning hukumatini qulatgan edi va oʻshandan beri mamlakatda yetti marotaba saylov oʻtkazildi.
Sofiyadagi siyosiy beqarorlikka qaramay, Bolgariyaning yevroga oʻtish jarayoni xavf ostida emas deb hisoblanmoqda.
Isteʼfo bayonotida Jelyazkov mamlakat katta sinovlarga duch kelganini, fuqarolar esa keyingi hukumat qanday boʻlishi kerakligi boʻyicha oʻz takliflarini berishi zarurligi taʼkidlangan.
Transparency International maʼlumotlariga koʻra, Bolgariya Yevropada rasmiy korrupsiya haqidagi jamoatchilik tasavvuri eng yuqori boʻlgan davlatlar qatorida.
