Ukraina keyingi 90 kun ichida saylov oʻtkaza oladimi?
Baʼzi tahlilchilar hozirgi vaziyatda saylov oʻtkazish siyosiy boʻshliq va tartibsizlik keltirib chiqarishini, bundan Rossiya foyda koʻrishini taʼkidlashadi.

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy shu hafta, agar xavfsizlik taʼminlab berilsa, mamlakat 60–90 kun ichida saylov oʻtkazishga tayyor boʻlishi mumkinligini aytdi. U bu orqali AQSh prezidenti Donald Trampning “Zelenskiy urushdan hokimiyatda qolish uchun foydalanmoqda” degan iddaolariga javob bermoqchi boʻldi.
AQSh prezidenti Donald Trampning urushni tugatish boʻyicha bosimi ortib borar ekan, Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy mamlakat saylov oʻtkazishga tayyor ekanini aytdi, biroq xavfsizlik asosiy muammo boʻlib qolayotganini taʼkidladi.
“Bu saylov raketa hujumlari ostida qanday qilib amalga oshiriladi? Savol shuki, ular qanday ovoz beradi?”, dedi u.
“Men AQShni va Yevropadagi hamkorlarimizni ochiqchasiga murojaat qilaman: saylovlar oʻtkazilishi uchun xavfsizlikni taʼminlashda bizga yordam bering.”
Ukrainada oxirgi saylov qachon boʻlgan?
Zelenskiy 2019 yil aprel oyidagi prezident saylovida katta ustunlik bilan gʻalaba qozongan. Bir oy oʻtib qasamyod qilgach, u parlamentni tarqatib yubordi va 2019 yil iyulda oʻtkazilgan saylovda uning “Xalq xizmatchisi” partiyasi yakka oʻzi koʻpchilik ovozga ega boʻlgan.
2022 yil fevralida Rossiya keng koʻlamli bosqinni boshlaganidan soʻng uning mamlakatdagi mavqei keskin oshdi — aholining 90% u bilan bir fikrda ekanini bildirgan. Soʻnggi ikki yil ichida uning mavqei biroz pasaygan boʻlsa-da, barqarorligicha qolmoqda.
Nega Ukraina 2019 yildan beri saylov oʻtkazmadi?
Qisqa javob: Harbiy holat bunga yoʻl qoʻymaydi.
2024 yilda prezident saylovi oʻtkazilishi kerak edi. Ammo Rossiyaning bosqinidan keyin mamlakatni himoya qilish uchun harbiy holat joriy qilindi. U 90 kunlik muddatlar bilan hozirgacha uzaytirib kelinmoqda.
Zelenskiy va boshqa rasmiylar saylovlar faqat urush tugagandan soʻng va xalqaro standartlarga mos sharoit yaratilganda oʻtkazilishini aytib kelishgan.
Zelenskiy nega hozir saylovga tayyormiz deyapti?
Bu murakkab diplomatik vaziyat bilan bogʻliq. Ukraina Trampning maxsus vakili Stiv Uitkoff va kuyovi Jared Kushner boshchiligidagi tinchlik rejasi boʻyicha takliflarning qayta koʻrib chiqilgan variantini taqdim etishga tayyorlanmoqda.
Dastlabki 28 banddan iborat rejada Rossiyaga juda yon bosilgan deb tanqid qilingan edi. Hozir u 20 bandga qisqartirilgan, biroq hududiy masala hal qilinmagan.
Tramp Zelenskiyga bosimni kuchaytirmoqda, Ukraina esa oʻz navbatida xavfsizlik kafolatlarini talab qilib, AQShni Rossiyani oʻt ochishni toʻxtatishga majbur etishga undayapti.
Nega Tramp va Rossiya saylovlarni talab qilyapti?
2024 yilda Zelenskiyning muddati tugaganidan beri Rossiya propagandasi uni prezidentlik uchun "maqbul emas” deb atab keladi. Bu fikr baʼzan AQSh rasmiylarining gaplarida ham paydo boʻlgan.
Endi Tramp Zelenskiyni urushdan saylovlarni oʻtkazmaslik uchun foydalanayotganlikda ayblamoqda.
Baʼzi tahlilchilar esa hozir saylov oʻtkazish siyosiy boʻshliq va tartibsizlik keltirib chiqarishini, bundan Rossiya foyda koʻrishini taʼkidlashadi.
Haqiqatan ham saylov oʻtkazish mumkinmi?
Juda qiyin.
Chunki hududlarning bir qismi Rossiya tomonidan okkupatsiya qilingan. Har kuni dronlar, qanotli va ballistik raketalar shaharlarni nishonga olmoqda.
Elektr va gaz infratuzilmasi muntazam hujumga uchramoqda. Poytaxt va yirik shaharlarda tez-tez elektr uzilishi natijasida qorongʻulik sodir boʻlmoqda. Rossiya sharqda hududlarni bosib olishga urinishda davom etmoqda.
Bu sharoitda xalqaro standartlarga mos saylov oʻtkazish deyarli imkonsiz.