“Ukraina – kelajakdagi rejalarning birinchi bosqichi xolos”
Rossiya katta urushga tayyorlanyapti: Britaniya, Germaniya va Polshadagi kichik va katta voqealar – portlashlar, temir yoʻl sabotajlari, suv taʼminotidagi muammolar – hech qanday tasodif emas.

Rossiyaning Ukrainani bosib olishga qaratilgan faol harbiy urinishlari boshlanganiga hademay 3 yildan oshadi. Kiyevni 3 kunda bosib olamiz, degan rus armiyasi 3 yilda ham maqsadiga erisha olmayapti. Garchi bu urush 2022 yil 24 fevralida boshlangan boʻlsa-da, aslida Rossiya tajovuzi 2014 yilda choʻgʻ olgan va Ukrainaga tegishli Qrim yarim orolining bosib olishiga sabab boʻlgan edi.
AQSh prezidenti Donald Trampning “tinchlik oʻrnatuvchi yetakchi” obrazini isbotlash uchun, aslida Rossiyadagi yerosti boyliklarini oʻzlashtirish va qoʻshimcha daromad manbaini yaratish uchun koʻrsatayotgan saʼy-harakatlari ham hozircha arzirli natija bermadi. Trampning oxirgi ultimatumiga koʻra, tomonlar 25 dekabr – Milod kunigacha tinchlik bitimini imzolashlari kerak. Tramp maʼmuriyati bunga erishish uchun faqatgina Kiyevga bosimni kuchaytirmoqda. Sharmandali yon bosishlar va hududiy yoʻqotishlar evaziga boʻlsa ham urushni, demakki, mudofaa harakatlarini toʻxtatishni Ukrainadan talab qilmoqda.
Shaxsiy ambitsiya
Biroq ekspertlarning aytishicha, Rossiya prezidenti Vladimir Putin bu urushni toʻxtatishdan manfaatdor emas. The Times nashri tahliliga koʻra, Putin shaxsiy va strategik sabablarga koʻra urushni davom ettirmoqda. Rossiya yetakchisi, avvalo oʻz ichki siyosiy pozitsiyasini mustahkamlash, armiya va elita orasida mavjud qudrat munosabatlarini balansda ushlab turishga intilyapti. Qolaversa, u geosiyosiy va harbiy imkoniyatlarini maksimallashtirishga harakat qilmoqda.
Tahlillar shuni koʻrsatadiki, Kreml rahbari uchun urush – bu nafaqat tashqi siyosat vositasi, balki ichki mafkuraviy va psixologik resurs hamdir. Donbassdagi frontdagi faollik orqali Putin oʻz siyosiy imijini mustahkamlab, milliy ruhiyatni birlashtirishga va tashqi tahdidlarga qarshi qatʼiylik koʻrsatishga urinmoqda.
Ekspertlarning taʼkidlashicha, garchi ushbu strategiya Rossiya uchun qimmatga tushayotgan – iqtisodiy muvaffaqiyatsizliklar, xalqaro sanksiyalar va armiyaning uzoq muddatli harakat qobiliyati masalalari dolzarblashayotgan boʻlsa-da, Putin hali-beri tinchlik oʻrnatilishini istamaydi. Chunki Rossiyaning keng koʻlamli urushi – faqat hududlar uchun emas.
Mafkuraviy masala
Eslatish joiz, Kremlning bosh maqsadi – urushning “asosiy sabablari”ni bartaraf etish, yaʼni Kiyevdagi rossiyaparast boʻlmagan hukumatni agʻdarishdan, Ukrainaning kelajagi Gʻarbga yoʻnalmasligi, Moskvaga boʻysungan holda siyosat yuritishiga erishishdan iborat. Rossiya Ukrainaga NATOga aʼzo boʻlish imkonini bermaslik va uning armiyasi hajmini cheklashni talab qilayotgani ham ana shu maqsadga xizmat qilishi nazarda tutilgan. Zero, Gʻarb davlatlari tomonidan Donbassning toʻliq Rossiyaniki deb eʼtirof etilishi – Putin uchun shaxsiy obroʻ va hokimiyatga hurmat masalasidir.
Ichki siyosiy muvozanat
Hatto Ukraina oʻz yerlarini Rossiyaga bersa-da, Putin bundan qoniqish hosil qilmaydi. Aniqrogʻi, shu paytgacha deyarli 1 million rus askarlari qoni va sarflangan trillionlab dollar pullar uchun javob berish masalasi yuzaga chiqadi. Urushdan avval Putin qoʻygan bahona va talablar bajarilmagani ham Rossiya siyosiy va harbiy elitasining Putindan norozi boʻlishiga olib kelishi mumkin.
Yevropa bilan boʻlajak urush ehtimoli
Yaqinda Putin “kerak boʻlsa, Yevropaga qarshi ham urishishi” mumkinligini maʼlum qildi. Demak, Gʻarb bilan sovuq urush endi “qaynoq urush” bosqichiga oʻtishi mumkin. Buni isbotlovchi eng asosiy dalil – garchi urushning oxiri koʻrinib qolayotgan boʻlsa-da, Rossiya qurollanish va harbiy sanoatni rivojlantirishdan, armiyani katta urush uchun tayyorlantirishdan toʻxtamayapti. Xorijiy davlatlar bilan Rossiya yerlari, yerosti va yerusti boyliklari va boshqa yon bosishlar evaziga Xitoy, Shimoliy Koreya va Hindiston bilan aloqalarni mustahkamlashga intilmoqda. Bundan kelib chiqqan holda aytish mumkinki, Moskva istiqbolda uzoq davom etuvchi urushga tayyorlanyapti.
“Rossiyaning 2029 yilda boshlashi mumkin boʻlgan “qaynoq urush”ga tayyorgarlik koʻrmoqda, degan xabar nafaqat razvedka hisobotlarida, balki Yevropaning psixologik fazosida ham aks-sado bermoqda.
Sharqiy Yevropadan tortib Baltika sohiligacha boʻlgan hududlardagi shubhali harakatlar – bu xavotirlarda asos borligini koʻrsatadi. Rossiyaning harbiy bazalari, yangi brigadalar va diviziyalarning haqiqiy maqsadi nimada – NATO va Gʻarb razvedkasi shu savolga javob izlamoqda, ularning tahlillari ham hayratlanarli, ham xavfli: sabotajlar, kiberhujumlar, psixologik taʼsir – bu “gibrid urushning” alomatlari boʻlishi mumkin.
Britaniya, Germaniya va Polshadagi kichik va katta voqealar – portlashlar, temir yoʻl sabotajlari, suv taʼminotidagi muammolar – hech qanday tasodif emas. Bu – Rossiyaning asl rejasiga mos tushadi, deganidir. Rossiya shunday kichik xurujlar orqali Yevropada ichki barqarorlikni sinovdan oʻtkazmoqda, odamlar esa bu holatlarni oddiy texnogen muammolar deb hisoblashi mumkin, lekin ular ortida katta harbiy strategiya yashiringani ehtimolga yaqin.
Rossiya psixologik urushda ham tajriba oʻtkazmoqda. Propaganda orqali Yevropa ichidan boʻlinishni qoʻzgʻatish, migratsiya, iqtisodiy stress, dinga asoslangan nizolar – barchasi rejalashtirilgan. Har bir kiberhujum, har bir salbiy xabar, har bir sabotaj – bu katta rasmning bir qismidir.
NATO va Yevropa qanday javob berishi mumkin?
Bu vaziyatda Gʻarb davlatlari va NATOning masʼuliyati katta. Kiber-himoya tizimlari, tezkor razvedka, suv, energetika va internet infratuzilmalarini muhofaza qilish, va albatta, diplomatiya borasida ulkan tayyogarlik va hushyorlik talab etiladi. Yevropa uchun asosiy muammo – birdamlikni saqlash va har qanday provokatsiyaga tez va muvofiq javob berish boʻlib qolmoqda.
2029 yilgacha prognoz
Ekspertlar allaqchon bu tahdid va ehtimoliy oqibatlarni taroziga solib, prognozlar chiqarishga ham ulgurgan. Ularga koʻra:
2025-2027 yillarda Rossiya sabotaj va kiberhujumlar orqali Yevropa davlatlarining ichki barqarorligini sinovdan oʻtkazadi.
2027-2029 yillarda Rossiya harbiy salohiyatni toʻliq tiklaydi va qisqa urush ehtimoli paydo boʻladi.
2030-yillar – yangi muzokaralar va global xavfsizlik modeli shakllanadi. Agar har ikki tomon ham ogohlik va birdamlikni saqlab qolsa, mojaro xavfi kamayadi; aks holda dunyo yana xavf ostida qoladi.
Xulosa
Rossiyaning “2029 yilgacha tayyorgarlik” harakatlari – bu nafaqat geopolitika, balki psixologik, strategik va harbiy test. Yevropa va dunyoning javobi esa ishonch, birdamlik va tezkorlikka bogʻliq. Agar ogohlik va hamjihatlik saqlansa, mojaro ehtimoli pasayadi. Agar tafovut va ichki boʻlinishlar kuchaysa, dunyo yana qoʻrquv va noaniqlik ostida qoladi.