Toshkentda yashil hudud barpo etgan fuqaro javobgarlikka tortilgani boʻyicha izoh berildi
36 sotix yerda bir fuqaroning tashabbusi bilan kichik bogʻ barpo etilgan, ushbu hudud allaqachon qoʻmitaning Toshkent shahar boshqarmasi nazorati ostida boʻlgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkentda yashil hudud yaratgani uchun bir fuqaro maʼmuriy javobgarlikka tortilgani haqida xabar tarqaldi.
Holat Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasi tomonidan voqea joyiga borib oʻrganilgan.
Oʻrganish davomida koʻrsatilgan maydon, yaʼni 36 sotix yerda bir fuqaroning tashabbusi bilan kichik bogʻ barpo etilganligi, ushbu hudud allaqachon qoʻmitaning Toshkent shahar boshqarmasi nazorati ostida boʻlganligi va bu yerda muntazam monitoring olib borilganligi maʼlum boʻldi.
Shuningdek, ilgari bu joy tartibsiz chiqindi toʻplangan hudud boʻlgan, biroq fuqarolar tashabbusi bilan tozalanib, mahalliy aholi uchun obod maskanga aylantirilgan.
Bugungi kunda bu yerga 246 tup manzarali, mevali daraxtlar va butalar ekilgan. Barcha koʻchatlar “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasidagi elektron platformaga kiritilgan va qoʻmita nazoratida turibdi.
"Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasi ushbu tashabbusni qoʻllab-quvvatlaydi. Taʼkidlash joizki, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 199-sonli Farmoniga koʻra, jismoniy va yuridik shaxslar avtomobil va temir yoʻllar boʻylab hamda boʻsh hududlarda bogʻlar yaratishga haqli. Bundan tashqari, mazkur hujjat bunday tashabbuskor fuqarolarga yer uchastkasini 10 yilgacha bevosita foydalanish uchun berish imkonini ham nazarda tutadi.
Mazkur holatda bogʻ yaratish avvalgi chiqindixonani obodonlashtirish yoʻlidagi muhim qadam boʻldi. Tashabbuskor fuqaro avvaldan mahalla fuqarolar yigʻiniga murojaat qilib, hududni tozalash taklifini bergan, shundan soʻng 300 ga yaqin aholi bu gʻoyani qoʻllab-quvvatlab, hasharda ishtirok etgan", deyiladi qoʻmita xabarida.
Toshkentda atmosferani yaxshilash boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar fonida bunday tashabbuslar alohida ekologik ahamiyatga ega. Yashil hududlar kislorod miqdorini koʻpaytiradi, aholining dam olishi uchun qulay va sogʻlom sharoit yaratadi. Bugun bu joy toʻlaqonli dam olish maskaniga aylangan boʻlib, uni bemalol yashil jamoat bogʻi deb atash mumkin.
Qoʻmita yashil hududlarni kengaytirishga qaratilgan tashabbuslarni qoʻllab-quvvatlashda davom etishini bildirgan.