Shunchaki kitob emas, kelajak formulasi: "Uchinchi Renessans" — dunyoni oʻzgartiruvchi global loyiha sifatida
Dunyo hamjamiyati Oʻzbekistondagi oʻzgarishlarni nafaqat kuzatmoqda, balki chuqur tahlil qilmoqda. Pokistonlik taniqli jurnalist va yozuvchi Muhammad Abbos Xonning "Oʻzbekiston: Uchinchi Renessans — taraqqiyot konsepti" nomli kitobi buning yorqin isbotidir.

Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston milliy kutubxonasida pokistonlik jurnalist va yozuvchi Muhammad Abbos Xonning "Oʻzbekiston: Uchinchi Renessans – taraqqiyot konsepti" nomli kitobining oʻzbek tilidagi nashri taqdimoti boʻlib oʻtdi.
Tadbirda Prezident administratsiyasi va Oliy majlis vakillari, Pokiston prezidentining maslahatchisi va matbuot kotibi Murtazo Solangi, ikki mamlakat vazirlik va idoralari rahbarlari, fan, adabiyot va media sohalari namoyandalari ishtirok etdi.
“Oʻzbekiston: Uchinchi Renessans – taraqqiyot konsepti” kitobi badiiy-publitsistik asar boʻlib, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan Uchinchi Renessans gʻoyasi va amalga oshirilayotgan islohotlar dasturining mazmun-mohiyatiga bagʻishlangan. Unga soʻzboshini Pokiston Bosh vaziri Shahboz Sharif yozgani esa davlatlarimiz rahbarlari va xalqlarimiz oʻrtasidagi ishonch va yaqin doʻstlikning yorqin ramzidir”, deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.
Kitobda muallif Shavkat Mirziyoyev ilgari surgan gʻoyani shunchaki siyosiy shior emas, balki "vaqt izmiga boʻysunmas, insoniyatni hamkorlikka chorlovchi abadiy gʻoya" sifatida taʼriflashi aytilgan.
Unga soʻzboshini shaxsan Pokiston bosh vaziri Muhammad Shahboz Sharif yozgan boʻlib, u ushbu asarni "bashariyat tamaddunining kelajakdagi rivojini anglash uchun muhim manba" deb baholagan.
Endilikda ushbu kitob oʻzbek tilida ham nashr etildi va keng kitobxonlar ommasiga taqdim etilmoqda.