Qoʻshni davlatdan kontrabanda qilingan narkotikning yirik partiyasi ushlandi
Narkosavdogarlar salkam 3 kg hajmdagi giyohvandlik vositasini Toshkent shahrida sotmoqchi boʻlishgan.

Qoʻshni davlatdan kontrabanda qilingan narkotik modda qoʻlga olindi.
Respublika miqyosida oʻtkazilayotgan “Xavfsiz va sogʻlom yurt” keng koʻlamli tezkor-profilaktik tadbirlari doirasida Davlat xavfsizlik xizmati hamda Ichki ishlar organlari hamkorligida Andijon viloyatining Boʻston tumanidagi yoʻl-patrul xizmati maskanida tezkor tadbir oʻtkazildi.
Xususan, "Andijon – Toshkent" yoʻnalishida harakatlanayotgan “Lacetti” rusumli avtotransport vositasi tegishli tartibda toʻxtatilib tekshirilganda, uni boshqarib ketayotgan, Andijon shahrida yashovchi, 1984 y.t. J.R.ga tegishli 2 kg 994 gr “gashish” moddasi borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.
Shuningdek, tezkor tadbir davom ettirilib, uning jinoiy sherigi hisoblangan, 1993 y.t. Gʻ.N. ham qoʻlga olindi.
Aniqlanishicha, ular Qirgʻiz Respublikasidagi narkosavdogarlardan 23 ming AQSh dollariga sotib olinib, kontrabanda yoʻli bilan mamlakatimizga keltirilgan giyohvandlik vositasini Toshkent shahrida sotmoqchi boʻlishgan.
Hozirda ogʻufurushlarga nisbatan Jinoyat Kodeksining 28,246-moddasi 2-qismi (kontrabanda) va 25,273-moddasi 5-qismi (giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni oʻtkazish...) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qoʻllanildi.
Tergov harakatlar olib borilmoqda.
Avvalroq Toshkentdagi ijara uydan 1,5 mlrd soʻmlik kuchli taʼsir qiluvchi dorilar topilgandi.
Dorilar Hindistondan Oʻzbekistonga noqonuniy yoʻllar bilan olib kirilgan hamda poytaxtdagi mijozlarga sotish reja qilingan.