Toshkentdagi ijara uydan 1,5 mlrd soʻmlik kuchli taʼsir qiluvchi dorilar topildi
Dorilar Hindistondan Oʻzbekistonga noqonuniy yoʻllar bilan olib kirilgan hamda poytaxtdagi mijozlarga sotish reja qilingan.

1,6 mlrdlik kuchli taʼsir qiluvchi va sertifikati boʻlmagan dorilar olib qoʻyildi.
DXX Chegara qoʻshinlari tomonidan Davlat chegarasi orqali giyohvandlik vositalari va kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalarining noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashish yoʻnalishida IJQK Departamenti va bojxona idoralari hamkorligida tezkor tadbir oʻtkazildi.
Xususan, avvaldan kuzatuvga olingan, 1994 yil Andijon viloyatida tugʻilgan shaxsning Toshkent shahrida ijara asosida yashab kelayotgan xonadonida chegaradan noqonuniy olib oʻtilgan psixotrop moddalarni saqlab kelayotgani haqida maʼlumot olindi.
Xolislar ishtirokida uning xonadoni koʻzdan kechirilganda, taxminiy qiymati 1,5 mlrd soʻmlik 15 330 dona “Pregabalin” kuchli taʼsir qiluvchi moddalar borligi aniqlandi. Shuningdek, mazkur xonadon yotoqxonasida saqlanayotgan umumiy qiymati 100 mln soʻmlik sifat sertifikatiga ega boʻlmagan 3 xil turdagi 2 872 dona tibbiy dori vositalari, qutilar va yoʻriqnomalar topilib, tegishli tartibda rasmiylashtirildi.
Oʻtkazilgan dastlabki soʻrovda, ushbu shaxs mazkur dorilarni Hindistondan mamlakatimizga noqonuniy yoʻllar bilan olib kirilgani hamda poytaxtdagi mijozlarga sotishni reja qilganini bildirdi.
Hozirda unga nisbatan Jinoyat Kodeksining 251¹-moddasi, 5-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qoʻllanildi.
Tergov harakatlari olib borilmoqda.