platina.uz
Jamiyat

Toshkentda bosh shifokor yuz mlnlab mablagʻni oʻzlashtirib yuborgani maʼlum boʻldi

U xodimlar nomiga soxta buyruq va tabel hujjatlari asosida ish haqi, toʻlovlar yozib, pullarni talon-toroj qilgan.

Toshkentda bosh shifokor yuz mlnlab mablagʻni oʻzlashtirib yuborgani maʼlum boʻldi

Toshkentda poliklinika sobiq bosh shifokoriga nisbatan sud ishi koʻrib chiqildi. Sud 2025 yil 5 dekabrda boʻlib oʻtgan. U 2 yil 1 oy ozodlikni cheklash jazosiga hukm qilindi.

Sud ishi nusxasi Platina.uz ixtiyorida mavjud.

Toshkent shahrining Olmazor tumanida joylashgan 19-sonli oilaviy poliklinikaning sobiq bosh shifokoriga nisbatan sud hukmi eʼlon qilindi. Sud uni bir necha yil davomida davlat byudjeti mablagʻlarini oʻzlashtirish va mansab soxtakorligida aybdor deb topdi.

Maʼlum boʻlishicha, ayblanuvchi XXX 2021 yil aprelidan 2025 yil mayigacha mansab mavqeidan foydalangan holda soxta buyruq va ish vaqti tabel hujjatlarini rasmiylashtirgan.

Ushbu hujjatlar asosida poliklinikada amalda ishlamagan xodimlarga ish haqi hisoblangan hamda mablagʻlar ularning nomidagi bank kartalariga oʻtkazilgan.

Oʻtkazilgan taftish natijasida davlatga yetkazilgan moddiy zarar 359,1 mln soʻm ekani aniqlandi. Sud materiallariga koʻra, yetkazilgan zararning katta qismi tergov jarayonida qisman qoplangan.

Sud sobiq bosh shifokorni Oʻzbekiston Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi (“a” bandi) va 209-moddasi 2-qismi (“a” bandi) bilan aybdor deb topdi.

Jazoni tayinlashda sud ayblanuvchining ilgari sudlanmagani, aybiga qisman iqror boʻlib, pushaymonligini bildirgani hamda moddiy zararning bir qismi qoplanganini inobatga oldi.

Natijada sud yakuniy jazo sifatida ayblanuvchiga 2 yil 1 oy muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinladi. Shuningdek, u 2 yil davomida mansabdorlik va moddiy javobgarlik yuklatilgan lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum etildi.

Sud hukmiga binoan, jazoni oʻtash davrida ayblanuvchining ish va ishga borib-kelish vaqtidan tashqari paytlarda yashash joyidan chiqishi cheklanadi, nazorat organining roziligisiz yashash yoki ish joyini oʻzgartirishi hamda mamlakat hududidan chiqishi taqiqlanadi. Shuningdek, qoplanmagan 65,1 mln soʻm miqdoridagi moddiy zarar davlat foydasiga undirilib, uni dastlabki olti oy ichida toʻliq qoplash majburiyati yuklatildi.

Hukm ustidan qonunda belgilangan tartibda shikoyat berilishi mumkin.

Sud ishi Oliy sud portalidan olindi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid