Sirdaryodagi IESda rotor qurilmasi ishdan chiqdi
Yaponiyada yangi qurilma tayyorlanib, maxsus reys bilan 8 dekabr kuni Toshkent xalqaro aeroportiga olib kelingan.

Sirdaryodagi 1500 MVT quvvatli IES uchun Yaponiyadan yangi rotor olib kelindi. Bu haqda Energetika vazirligi xabar berdi.
Avval xabar berganimizdek, Sirdaryo viloyatida Saudiya Arabistonining “ACWA Power” kompaniyasi tomonidan quvvati 1500 MVT boʻlgan zamonaviy issiqlik elektr stansiyasi foydalanishga topshirilgan.
Ushbu elektr stansiyasining 2-sonli gaz turbinasida rotor nosozligi kuzatilgan. Stansiya ishini tezkor tiklash maqsadida, investor hamda ishlab chiqaruvchining kafolatli shartnomaviy majburiyatlariga asosan Yaponiyaning “Mitsubishi” kompaniyasida yangi rotor qisqa muddatda tayyorlanib, maxsus reys bilan 8 dekabr kuni Toshkent xalqaro aeroportiga olib kelindi.
Ogʻirligi 114 tonna boʻlgan qurilma aeroportdan toʻgʻridan-toʻgʻri elektr stansiyasi maydoniga yetkazildi.
Barcha jarayonlar tegishli vazirlik va idoralar, investor, pudratchi va texnologik hamkorlar bilan birgalikda amalga oshirildi. Yangi rotorni oʻrnatish va sinov-sozlash ishlari taxminan bir oy vaqt talab qiladi.
Bu quvvatlarni qoplash maqsadida qoʻshimcha zaxiradagi va yangi ishga tushirilyotgan bloklardan foydalanilyapti.
Hozirgi kunda havo bulutli (kam quyoshli) boʻlayotganligi va kunlar qisqaligi hisobidan quyosh fotoelektr stansiyalari orqali elektr energiyasini ishlab chiqarish kamaygan. Shu sababli, ishlab chiqarish va isteʼmol balansini tartibga solish, ularning muvozanatini saqlash maqsadida ayrim hududlarning elektr taʼminotida asosan isteʼmol ortgan pallalarda (17:00-21:00 lar oraligʻida) qisqa muddatli uzilishlar kuzatilishi mumkin. Agar bunga zarurat tugʻilsa, isteʼmolchilar oldindan xabardor qilinadi. Bunday choralar elektr taʼminoti barqarorligi va xavfsizligini taʼminlashga qaratilgan.
Yangi rotor gaz turbinasiga oʻrnatilgach, stansiyaning ishlab chiqarish quvvati tiklanadi va elektr taʼminotida vaqtincha koʻrilayotgan choralarlarning oldi olinadi, deyiladi vazirlik xabarida.