Saida Mirziyoyeva "Al-Azhar" majmuasi rahbari bilan uchrashdi
Prezident administratsiyasi rahbari dunyodagi eng qadimiy masjidlardan biriga va Katta Misr muzeyiga ham bordi.

Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Qohirada Misr Bosh imomi, "Al-Azhar" majmuasi rahbari shayx Ahmad Muhammad Tayyib bilan uchrashdi.
Shayx hazratlariga Prezident Shavkat Mirziyoyevning samimiy salomi va ezgu tilaklarini yetkazildi.
Oʻzbekiston bilan Misr oʻrtasida maʼnaviyat va fan-taʼlim sohalaridagi hamkorlikni mustahkamlash masalalari yuzasidan fikr almashildi. Maʼrifatli islom gʻoyalarini targʻib etish va yoshlarni radikallashuvdan himoya qilishda yaqindan hamkorlik qilish muhimligi qayd etildi.
Qoʻshma dasturlar, akademik almashinuvlar va qoʻlyozmalarni oʻrganishni kengaytirish borasida oʻzaro manfaatdorlik bildirildi.

Shuningdek, Shayx Zoid nomidagi "Insoniy birodarlik" mukofoti hayʼati yigʻilishi doirasida "Al-Azhar" majmuasi Bosh imomi Shayx Ahmad Muhammad Tayyib bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi.
Uchrashuv davomida tinchlik, oʻzaro anglashuv va inson qadr-qimmatini yuksaltirish orqali mukofot missiyasini amalga oshirishning dolzarb masalalari muhokama qilindi. Insoniy birodarlik deklaratsiyasida belgilangan tamoyillarni saqlab qolish va rivojlantirish, global miqyosda hamkorlik va oʻzaro hurmatni mustahkamlashga qaratilgan tashabbuslarni qoʻllab-quvvatlash zarurligi qayd etildi.
"Shuningdek, eng qadimiy masjidlardan biri – Al-Azharni ziyorat qilish sharafiga muyassar boʻldik.

Giza piramidalari yonidagi yangi ulkan muzey majmuasi - Katta Misr muzeyini katta qiziqish bilan tomosha qildim", deya maʼlum qilgan Mirziyoyeva.