platina.uz
Jamiyat

Raqobat qoʻmitasi yangi yil chegirmalari boʻyicha ogohlantirish bilan chiqdi

Sotuvchi isteʼmolchining talabiga koʻra har bir tovar uchun chegirma narxgacha boʻlgan qiymat toʻgʻrisida aniq maʼlumot taqdim etishi shart. 

Raqobat qoʻmitasi yangi yil chegirmalari boʻyicha ogohlantirish bilan chiqdi

Bayram yaqinlashgani sayin, yangi yil munosabati bilan koʻplab tadbirkorlik subʼektlari savdoni oshirish, isteʼmolchilarni jalb qilish maqsadida turlicha aksiya va chegirmalarni taqdim etishadi.

Raqobat qoʻmitasi bunday tadbirlarni isteʼmolchilarning manfaatlari yoʻlida qoʻllab-quvvatlaydi va har qanday huquqiy koʻmak hamda tadbirkorlik subʼektlariga amaliy yordam koʻrsatishga doimo tayyorligini bildirgan.

Biroq, ayrim tadbirkorlik subʼektlari tomonidan oʻz manfaatlarini oʻylab yolgʻon chegirma yoki aksiyalarni eʼlon qilish holatlari yoki chegirma miqdori, aksiyaga qoʻyilgan tovarlar soni va boshqa zarur axborotlarni taqdim etmaslik holatlari aniqlanmoqda.

Maʼlumot uchun, joriy yilning oʻtgan vaqti davomida Qoʻmitaga kelib tushgan 48 mingdan ortiq murojaatlarning asosiy qismi isteʼmolchilarga toʻgʻri va tushunarli axborot taqdim etilmaganlik holatlariga toʻgʻri keladi.

Misol uchun: bugungi kunda “yangi yil aksiyasi”, “yangi yil chegirmasi”, “birini oling ikkinchisi tekinga”, “chegirma eʼlon qildik”, “aksiyamiz boshlandi”, “chegirma 50 foiz”, “barcha tovarlarga aksiya”, “faqat bugun ulgurib qoling” va boshqa turdagi jalb qiluvchi aksiyalar koʻpaymoqda.

Hukumat qarori bilan tasdiqlangan Chakana savdo qoidalariga koʻra:

-sotuvchi oʻz tovarlariga nisbatan chegirmalarni eʼlon qilishda tovarlar va narxlar hisobini yuritishga, tovarning oxirgi 30 kunda amalda boʻlgan narxlarini qayd etish hamda isteʼmolchining talabiga koʻra, mazkur maʼlumotlarni taqdim etishga majbur.

Sotuvchi tovarlar narxiga nisbatan chegirma qoʻllashda:

-chegirmani aniq foiz yoki summa shaklida belgilashi hamda tovar narxi oson aniqlanishi va aniq oʻqilishini taʼminlashi;

-isteʼmolchining talabiga koʻra, har bir tovar uchun chegirma narxgacha boʻlgan narx toʻgʻrisida aniq maʼlumot taqdim etishi;

-sotuvchi tovarning chegirma eʼlon qilingunga qadar oxirgi 30 kundagi eng past narxini tasdiqlovchi hujjatlar (dalillar) bilan asoslashi (qishloq xoʻjaligi mahsulotlari bundan mustasno);

-agarda chegirma narxda sotilishi nazarda tutilgan tovar soni cheklangan yoki mavsumiy yoxud mahsulotlarining holatiga bogʻliq boʻlsa (xizmat qilish muddati yoki yaroqlilik muddati yaqinlashgan, but boʻlmagan, mavsumiy sotish, eski zaxiralarni tugatish, qadoqlashning shikastlanishi va/yoki boshqa sabablar), bu haqida sotuvchi chegirma toʻgʻrisidagi maʼlumotda isteʼmolchilarni xabardor qilishi;

-chegirma narxning amal qilish muddati (boshlanish va tugash sanasi) aniq koʻrsatilishi, agar chegirma narx faqatgina muayyan sharoitlarda qoʻllanilsa, bu sharoitlar oldindan maʼlum qilinishi;

-agar chegirmani taqdim etish isteʼmolchidan shaxsga doir maʼlumotlarni berish yoki roʻyxatdan oʻtkazishni talab qilsa, sotuvchi shaxsga doir maʼlumotlar toʻgʻrisidagi qonunchilikka rioya etishi va isteʼmolchilarni ularning maʼlumotlarini qayta ishlash maqsadlari va shartlari toʻgʻrisida xabardor qilishi shartligi belgilangan.

Chegirma eʼlon qilinganda, uning shartlari va amal qilish muddati aniq koʻrsatilishi lozim.

Sotuvchi ragʻbatlantiruvchi aksiya oʻtkazishda ragʻbatlantiruvchi aksiyaning amal qilish muddati, sotib olish shartlari, ragʻbatlantiruvchi aksiyaga qoʻyiladigan tovarlar nomi (turkumi), miqdorini isteʼmolchilarga aniq va tushunarli qilib yetkazishi, shartlarini oʻzgartirmasligi, taklif etilayotgan chegirma, bonus va boshqa imtiyozlar haqiqatda amal qilishini taʼminlashi shart.

Shuningdek, alkogol va tamaki mahsulotlarini hamda tamakini va nikotinni isteʼmol qilish moslamalarini sotishda chegirmalar qoʻllash shuningdek, dori vositalari, ovqatga qoʻshiladigan biologik faol qoʻshimchalar va oziq-ovqat qoʻshimchalari reklamasi boʻyicha hamda energetik ichimliklar reklamasida ragʻbatlantiruvchi aksiyalar oʻtkazish taqiqlanadi.

Yuqoridagilarga koʻra, Raqobat qoʻmitasi tadbirkorlik subʼektlarini qonunchilik talablariga qatʼiy amal qilishlari lozimligi, ushbu talablar buzilishi aniqlangan taqdirda tegishli javobgarlik va moliyaviy jarimalar qoʻllanilib, chora koʻrilishi yuzasidan ogohlantirgan.

Eslatma: "Tadbirkorlik faoliyati erkinliklari kafolatlari" toʻgʻrisidagi Qonunning 9-moddasiga asosan, tadbirkorlik faoliyati subʼektlari raqobat toʻgʻrisidagi va isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish haqidagi qonunchilik talablariga rioya etishlari shart.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid