Global qarz rekord 346 trln dollarga yetdi
Rivojlangan mamlakatlarda qarz olish keskin oshgan. Bu koʻrsatkich global YaIMning taxminan 310 foiziga teng.

Rivojlangan bozorlar global qarzni rekord darajaga — qariyb 346 trillion dollarga olib chiqdi, deya xabar beradi Xalqaro Moliya Instituti.
Rivojlangan mamlakatlarda qarz olish keskin oshgani sabab uchinchi chorak oxiriga kelib jahon umumiy qarzi qariyb 346 trillion dollarga yetdi.
Xalqaro Moliya Instituti (XMI) maʼlumotiga koʻra, sentabr oyining oxiriga kelib jahon boʻyicha umumiy qarz hajmi 345,7 trillion dollarga yetgan. Bu koʻrsatkich global YaIMning taxminan 310 foiziga teng boʻlib, 2022 yil oʻrtalaridan beri nisbatan barqaror saqlanib kelmoqda. AQSh dollarining zaiflashuvi mahalliy valyutalarda rasmiylashtirilgan majburiyatlar qiymatini dollarda hisoblaganda oshishiga sabab boʻldi.
Xalqaro Moliya Institutida barqarorlik tadqiqotlari direktori Emre Tiftikning aytishicha, umumiy oʻsishning asosiy qismi rivojlangan bozorlarga toʻgʻri kelgan. Bu mamlakatlarda yirik markaziy banklar pul-kredit siyosatini yumshatgani sababli qarz olish bu yil koʻpaygan.
Sentabr oyigacha boʻlgan davrda joriy yil boshidan buyon qarz 26,4 trillion dollarga oshgan — bu haftasiga oʻrtacha 675 milliard dollar degani. Oʻtgan chorakda ham Xitoy va AQSh davlat qarzi eng katta oshishni koʻrsatgan, soʻngra Fransiya, Italiya va Braziliya kelgan.
Rivojlangan bozorlar qarzi rekord darajada 230,6 trillion dollarga yetgan. Rivojlanayotgan bozorlar qarzi ham 115 trillion dollardan oshib, rekord koʻrsatkichni qayd etgan. Rossiya, Koreya, Polsha va Meksikada qarz oʻsishi eng yuqori boʻlgan davlatlar qatorida qayd etilgan.
AQSh Oliy sudi tomonidan Tramp maʼmuriyati joriy yil boshida kiritgan bojlarning qonuniyligi boʻyicha kutilayotgan qaror yangi xavf sifatida baholanmoqda. XMI ogohlantirishicha, salbiy qaror AQSh byudjetiga bosimni oshirib, Moliya vazirligini yanada koʻproq qarz olishga majbur qilishi mumkin.
Jahon qarzining oshishida asosiy omil sifatida davlat qarzlari koʻrsatilmoqda. XMIGA koʻra, byudjet taqchilliklari yuqori darajada qolayotganligi va 2026 yilda Yaponiya, AQSh, Germaniya hamda Xitoyda yirik fiskal ragʻbatlantirish paketlari ishga tushishi kutilayotgani sabab suveren davlatlar qarz yukini va foiz toʻlovlarini oshirishda davom etadi.
Bozorlar kesimida rivojlanayotgan davlatlar bu yil xalqaro bozorlarga yanada koʻproq murojaat qilmoqda. Rivojlanayotgan bozorlar suveren yevroobligatsiyalar emissiyasi 2025 yilda rekord darajaga yetgan. Bunga dollarning zaiflashuvi va yirik markaziy banklarning siyosatni yumshatishi yordam bergan.
JPMorgan hisob-kitoblariga koʻra, dekabr boshiga kelib rivojlanayotgan davlatlarning suveren obligatsiyalar chiqarish hajmi 255,7 milliard dollarni tashkil etgan. Bu 2025 yilni yalpi emissiya boʻyicha eng yuqori yilga aylantirdi. Shundan 182,1 milliard dollari investitsion darajadagi qarzlarga toʻgʻri kelgan. Biroq bank bu holatni “bir martalik” deb baholab, kelasi yilda emissiya kamayishini kutmoqda.
Shunga qaramay, qayta tuzilgan davlatlar uchun bozorga chiqish imkoniyati hanuz juda cheklanganligicha qolmoqda, deya xulosa qiladi hisobot.