Barcha savdo va xizmat koʻrsatuvchi yuridik shaxslar uchun yagona QR kod joriy qilinadi
Koʻchmas mulk obʼektlari va qurilish materiallari boʻyicha soliq bazasi ushbu tovarlarning bozor bahosidan kelib chiqib aniqlanadi.

2026 yil 1 yanvargacha barcha savdo va xizmat koʻrsatuvchi yuridik shaxslar tomonidan elektron toʻlovlarni qabul qilish uchun yagona QR kod joriy qilinadi.
2026 yil 1 yanvardan barcha savdo va xizmat koʻrsatish sohasidagi yuridik shaxslar tomonidan banklarda generatsiya qilingan yagona QR kod orqali elektron toʻlovlarni qabul qilish yoʻlga qoʻyiladi.
Bunda 2026 yil 1 iyuldan:
- barcha savdo va xizmat koʻrsatish sohasidagi yuridik shaxslarda yagona QR kodli toʻlov tizimi orqali toʻlovlarni qabul qilish ham majburiy etib belgilanadi;
- yagona QR kodlardan foydalanilmayotganligi savdo qoidalarini buzish deb hisoblanadi.
2026 yil 1 yanvardan 1 ta tashqi savdo shartnomasi doirasida aynan bir xil turdagi tovarlarga muvofiqlik va ekologik sertifikat 1 yildan oshmagan muddatga 1 marotaba beriladi.
2026 yil 1 martdan soliq organlari xodimlari hamda Navoiy va Chirchiq shaharlarida hisobga qoʻyilgan jismoniy shaxslar tomonidan jami yillik daromadlari toʻgʻrisidagi deklaratsiyani taqdim etish tajriba-sinov tariqasida joriy etiladi.
2026 yil 1 iyuldan bosqichma-bosqich nazorat qiluvchi organlar tomonidan ushbu Farmonda koʻrsatilgan holatlar boʻyicha tadbirkorlik subʼektlarida oʻtkaziladigan tekshiruvlar bodi-kameradan foydalangan holda amalga oshiriladi.
2026 yil 1 yanvardan:
- import qilingan oziq-ovqat mahsulotlarining 9 oy (goʻsht va hoʻl meva-sabzavotlarning 3 oy) davomida sotilmaganligi va qiymati BHMning 500 baravaridan ortiq boʻlgan ushbu mahsulotlar qoldiqda turganligi holati sayyor soliq tekshiruvini oʻtkazish uchun asos hisoblanadi;
- koʻchmas mulk obʼektlari va qurilish materiallari boʻyicha soliq bazasi ushbu tovarlarning bozor bahosidan kelib chiqib aniqlanadi;
- Oʻzbekiston hududida jismoniy shaxslarga elektron shaklda xizmatlar koʻrsatuvchi va tovarlar sotuvchi chet el yuridik shaxslari soliq organida roʻyxatdan oʻtmasdan faoliyat yuritayotgani aniqlanib, roʻyxatdan oʻtish toʻgʻrisida xabarnoma yuborilgandan keyin 30 kun ichida roʻyxatdan oʻtmaganda, ushbu yuridik shaxslarning Oʻzbekistondagi faoliyati cheklanadi;
- kameral soliq tekshiruvini oʻtkazishda soliq organlari aniqlagan tafovutni asoslash uchun soliq toʻlovchilar tomonidan qoʻshimcha hujjatlar taqdim etilganda soliq organlari tomonidan ularning koʻrib chiqilishi majburiy hisoblanadi.