Tailand Kambodjaga havo hujumlarini boshladi: sulh xavf ostida
Har ikki tomon bir-birini aybladi. Oktabr oyidagi sulh kelishuvi Donald Tramp tomonidan yirik diplomatik gʻalaba sifatida baholangan edi.

Tailand va Kambodja oʻrtasida bahsli chegara hududlarida harbiy toʻqnashuvlar yana avj oldi — Bangkok havo hujumlarini boshlagan, tinch aholi evakuatsiya qilinmoqda va AQSh vositachiligida tuzilgan tinchlik kelishuvi amalda barbod boʻlish arafasida turibdi.
Tailand 8 dekabr kuni Kambodjaga qarshi havo hujumlarini boshladi — Janubi-Sharqiy Osiyodagi qoʻshni davlatlar oʻrtasida janglar yana avj oldi. Bu voqea AQSh prezidenti Donald Tramp vositachiligida atigi ikki oy oldin tuzilgan tinchlik kelishuvidan soʻng roʻy berdi.
Har ikki tomon 8 dekabr kuni ertalab bahsli chegara hududlarida zarbalarni bir-biri boshlaganini daʼvo qilmoqda. Bu esa bir necha haftalik keskinlik va Tailand tomonidan oʻt ochishni toʻxtatish kelishuvi boʻyicha jarayon toʻxtatilganidan keyin yuz berdi.
Tailand armiyasi matbuot kotibi, general-mayor Uinthay Suvareye havo zarbalari Kambodjaning harbiy infratuzilmasiga qaratilganini va bir Tailand askari halok boʻlganiga javob ekanini bildirdi.
“Zarba nishoni Chong An Ma dovoni hududidagi Kambodjaning qurol-yordam pozitsiyalari boʻldi, chunki aynan shu nuqtalardan Anupong bazasiga artilleriya va minomyotlar bilan hujum uyushtirilgan. Natijada bir askar halok boʻldi" — dedi Suvareye. Uning soʻzlariga koʻra, ushbu hujumda yana yetti kishi jarohat olgan.
Tailand armiyasi bayonotida Kambodja 8 dekabr kuni mahalliy vaqt bilan soat 03:00 atrofida Tailand chegarasi tomon zarbalarni boshlagani aytildi.
Shu bilan birga, Tailand Qirollik Harbiy-havo kuchlari Kambodja ogʻir qurollarni safarbar qilgani, jangovar boʻlinmalarni qayta joylashtirgani va oʻt ochishni qoʻllab-quvvatlash vositalarini tayyorlaganini, bu esa harbiy harakatlar kengayishiga hamda Tailand chegarasiga tahdid solishi mumkinligini maʼlum qildi.
Kambodja Milliy mudofaa vazirligi esa bu ayblovlarni rad etib, X ijtimoiy tarmogʻidagi bayonotida buni “yolgʻon maʼlumot” deb atadi.
“Barcha avvalgi kelishuvlarga hurmat ruhiga tayangan holda va mojarolarni xalqaro huquq asosida tinch yoʻl bilan hal qilish tamoyiliga sodiq qolgan holda, Kambodja ikki marta uyushtirilgan hujumlarga umuman javob qaytarmadi va vaziyatni juda ehtiyotkorlik bilan, hushyor kuzatishda davom etmoqda” — deyiladi bayonotda.
Alohida bayonotda Kambodja armiyasi mahalliy vaqt bilan soat 5:04 atrofida Tailand harbiylari hujum uyushtirganini maʼlum qildi.
Tailand armiyasi maʼlumotiga koʻra, Tailand chegarasiga yaqin shaharlardagi tinch aholining qariyb 70 foizi evakuatsiya qilingan.
Tailand va Kambodja iyul oyida besh kunlik chegara mojarosini boshdan kechirgan boʻlib, u oʻnlab insonlar halok boʻlishiga va ikki tomonda ham qariyb 200 ming kishining koʻchishga majbur boʻlishiga olib kelgan.
Tomonlar oʻrtasida dastlabki oʻt ochishni toʻxtatish kelishuvi 28 iyul kuni Donald Tramp ularning yetakchilari bilan telefon orqali muloqot qilganidan soʻng tuzilgan.
Shundan soʻng, oktabr oyining oxirida Tailand va Kambodja Kuala-Lumpur shahrida Tramp va Malayziya bosh vaziri Anvar Ibrohim ishtirokida kengaytirilgan oʻt ochishni toʻxtatish deklaratsiyasini imzolagan edi.
8 dekabr kuni Anvar Ibrohim Kambodja va Tailand kuchlari oʻrtasidagi qurolli toʻqnashuvlar haqidagi xabarlardan chuqur tashvishlanganini bildirib, har ikki tomonni vazminlikka chaqirdi.
Oktabr oyidagi sulh kelishuvi Tramp tomonidan yirik diplomatik gʻalaba sifatida baholangan edi.
Biroq kelishuv imzolangach, oradan ikki hafta ham oʻtmay, Tailand va Kambodja oʻrtasidagi bitim "yemirila" boshladi.
Tailand va Kambodja soʻnggi oʻn yilliklarda bahsli chegara hududlari yuzasidan bir necha bor qisqa toʻqnashuvlarga kirishgan. Yaqinda boʻlib oʻtgan janglar esa soʻnggi yillardagi eng jiddiylaridan biri boʻldi. Har ikki tomon navbatdagi keskinlashuvni bir-biridan deb hisoblab, mojarolar uchun aybni oʻzaro yukladi.