platina.uz
Iqtisod

“Humans ishi”: Humans va Paylov bir-birini ayblab chiqdi

Ayni paytda Markaziy bank mazkur holat boʻyicha oʻrganish olib boryapti.

“Humans ishi”: Humans va Paylov bir-birini ayblab chiqdi

“Humans ishi” boʻyicha Humans va Paylov firmalari bir-birini ayblab chiqdi. Humans daʼvosiga koʻra, Paylov ilovasidan ruxsatsiz pul yechilganida uning taʼsischisi Octogram AJ aybdor.

Shundan soʻng Octogram AJ Humans’ning aybloviga javob qaytardi va ruxsatsiz pul yechish Humans tomonidagi kalitlar orqali sodir boʻlgani maʼlum qilindi. Holatni Markaziy bank oʻrganib chiqyapti.

“2025 yil 4–8 dekabr kunlari ayrim mijozlarning bank kartalaridan ruxsatsiz pul yechilgan. Bu holat Humans emas, balki hamkor toʻlov servis Paylov infratuzilmasida aniqlangan texnik zaiflik tufayli sodir boʻlgani qayd etildi. Paylov’ning huquqiy egasi — OCTAGRAM AJ hisoblanadi.

Humans barcha texnik maʼlumotlarni regulyator va huquqni muhofaza qiluvchi organlarga topshirgan. Tergov natijalariga koʻra aybdorlar aniqlanishi va javobgarlikka tortilishi belgilanmoqda.

Kompaniya jabrlanuvchilarga uchun oʻz pozitsiyasini ochiq bildirdi: mijozlarga yetkazilgan zarar qonunchilikka muvofiq toʻliq qoplanadi.

Shuningdek, Humans taʼkidlashicha, frod amaliyotlari:

  • Humans ilovasida emas;
  • mijoz ishtirokisiz;
  • OTP-kod kiritish talab qilinmasdan;
  • Paylov API orqali amalga oshirilgan.

Birinchi hujumdan soʻng servis tomonidan xavfni cheklash uchun yetarli choralar koʻrilmagani aytilmoqda. Bu esa ikkinchi hujumga sabab boʻlgan. Maʼlum qilinganidek, frod tranzaksiyalar nafaqat Humans foydalanuvchilari, balki boshqa toʻlov tashkilotlari kartalariga ham taalluqli boʻlgan.

Shu bois Humans ilovasida Paylov orqali amalga oshiriladigan P2P-pul oʻtkazmalari vaqtincha toʻxtatildi.Qolgan barcha Humans xizmatlari — odatiy tartibda ishlamoqda”, deb yozdi Humans kompaniyasi.

Shundan soʻng Octogram AJ (Paylov) Humans’ning aybloviga javob qaytardi va ruxsatsiz pul yechish Humans tomonidagi kalitlar orqali sodir boʻlgani maʼlum qilindi.

“Octogram AJ va Humans Companies AJ oʻrtasida 2025 yil 10 aprel kuni 32-sonli shartnoma imzolangan boʻlib, unga muvofiq Humans Companies AJ Octogram AJning agenti sifatida oʻz mijozlariga toʻlov xizmatlarini (toʻlovlar va P2P pul oʻtkazmalari) taqdim etishni boshlagan.

2025 yil 6 dekabr kuni Octogram AJ xodimlari tomonidan Humans Companies AJda shubhali tranzaksiyalar kuzatilayotgani haqida ushbu kompaniyaning masʼul xodimlari ogohlantirildi va tranzaksiyalar vaqtincha toʻxtatildi.

2025 yil 7 dekabrda, Humans Companies AJ Octogram AJga rasmiy murojaat yoʻllab, tegishli choralar koʻrilgani hamda firibgarlik (frod) operatsiyalarining oldi olingani haqida maʼlum qilgan. Mazkur xat asosida Humans Companies AJ amaliyotlarni qayta ochib berishni soʻragan.

8 dekabr holatiga koʻra, Octogram AJ tomonidan Humans mobil ilovasi orqali koʻrsatilayotgan barcha toʻlov xizmatlari vaqtincha toʻxtatilgan.

Shu bilan birga, Octogram AJ tomonidan har qanday texnik zaiflik mavjud emasligi, texnik jihatdan barcha zarur choralar koʻrilgani maʼlum qilinadi.

Firibgarlik operatsiyalari Humans Companies AJ tomonidan Octogram AJ taqdim etgan shifrlangan kalitlar orqali amalga oshirilgan boʻlib, ushbu kalitlarning toʻgʻri va xavfsiz saqlanishi Humans Companies AJ masʼuliyati hisoblanadi.

Oʻz oʻrnida taʼkidlash joizki, Octogram AJning texnik yechimlaridan foydalanayotgan boshqa barcha hamkorlar tizimlarida hech qanday salbiy holatlar kuzatilmagan.

Ayni paytda mazkur holat yuzasidan tezkor tekshiruv ishlari boshlangan boʻlib, Octogram AJ barcha zarur maʼlumotlarni masʼul organlarga taqdim etmoqda”, deyiladi Paylov xabarida.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid