platina.uz
Jamiyat

Humans ilovasi orqali mablagʻ oʻtkazish amaliyoti toʻxtatib qoʻyildi

Ilovada foydalanuvchining oʻzi bilmagan holda pul yechib olinayotgani kuzatilgani haqida xabarlar tarqaldi. Markaziy bank P2P amaliyotlarini toʻxtatish boʻyicha koʻrsatma bergan. 

Humans ilovasi orqali mablagʻ oʻtkazish amaliyoti toʻxtatib qoʻyildi

Humans ilovasiga biriktirilgan ayrim bank kartalaridan foydalanuvchining oʻzi bilmagan holda pul yechib olinayotgani kuzatilgani boʻyicha xabarlar tarqaldi.

Markaziy bank mazkur xabarlar yuzasidan maʼlumot berdi.

Markaziy bankka koʻra, “Humans companies” AJ va “Octagram” AJ tashkilotlari oʻrtasida 2025 yil 10 aprelda 32 sonli shartnoma imzolangan boʻlib, unga muvofiq Humans agent sifatida oʻz mijozlariga toʻlov xizmatlarini (toʻlov va P2P pul oʻtkazmalari) yetkazib berishni boshlagan.

2025 yil 8 dekabr kuni soat 08:30 atrofida Markaziy bankka fuqarolar tomonidan Humans ilovasi orqali mablagʻlar yechib olingani haqida murojaatlar kelib tushdi. Ushbu holat yuzasidan Markaziy bank oʻz vakolatlari doirasida “Octagram” AJ (Paylov – savdo belgisi) bilan bogʻlanib, xavfsizlik talablariga rioya etilishini taʼminlash va ehtimoliy zaiflikni bartaraf etish maqsadida P2P amaliyotlarini toʻxtatish boʻyicha koʻrsatma bergan.

Maʼlum qilinishicha, 9 dekabr holatiga koʻra Humans mobil ilovasi orqali “Octagram” AJ (Paylov – savdo belgisi) tomonidan olib borilayotgan barcha toʻlov xizmatlari vaqtincha toʻxtatilgan.

“Hurmatli fuqarolar, Uzcard va Humo kartalari orqali amalga oshiriladigan toʻlov va oʻtkazmalar odatiy tartibda ishlamoqda. Kartalardan boshqa bank va toʻlov tashkilotlari ilovalarida foydalanish imkoniyati ham saqlanib qolgan.

Ayni paytda mazkur holat yuzasidan tezkor tekshiruv ishlari boshlangan boʻlib, barcha shubhali tranzaksiyalar, texnik jarayonlar va platformalar oʻrtasidagi amaliy hamkorlik toʻliq oʻrganilmoqda.

Tekshiruv natijalari boʻyicha qoʻshimcha rasmiy axborot taqdim etiladi. Yuqoridagi holat boʻyicha huquqni muhofaza qiluvchi organlarga belgilangan tartibda murojaat qilishingiz mumkin”, - deyiladi MB xabarida.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid