Davlat organlarining vazifa va funksiyalari 5 darajaga ajratiladi
Xodimlarning korrupsiyaga qarshi darajasini diagnostikadan oʻtkazish tizimi joriy etiladi. Diagnostika Rahbar kadrlarni baholash markazi tomonidan oʻtkaziladi.

Ayrim hududlardagi davlat organlarida kadrlar rotatsiyasi tizimi joriy etiladi.
“Davlat xizmatida boshqaruv samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident Farmoni (PF–243-son, 06.12.2025 y.) qabul qilindi.
Farmonga koʻra, davlat organlarining vazifa va funksiyalari quyidagi 5 ta darajaga ajratiladi:
- konstitutsiyaviy va milliy daraja;
- respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari darajasi;
-hududiy daraja;
-tuman (shahar) darajasi;
- mahalla (qishloq, ovul) fuqarolar yigʻini darajasi.
2026 yil 1 yanvardan “Yangi Oʻzbekiston qiyofasidagi tuman (shahar)” maqomidagi 33 ta tuman (shahar)da faoliyat yurituvchi davlat organlarida kadrlar rotatsiyasi tizimi joriy etiladi. Bunda:
- respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining tuman (shahar) boʻlinma rahbari hamda tuman (shahar) hokimi va uning oʻrinbosarlari har 5 yilda, qoida tariqasida, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar hamda Toshkent shahri doirasida boshqa tuman (shahar)ga rotatsiya qilinadi;
- rotatsiya qilinadigan rahbarlar Agentlikning “hrm.gov.uz” elektron platformasi orqali aniqlanadi;
- rahbar yangi hududga oʻtishdan oldin hududning iqtisodiy va ijtimoiy holati boʻyicha intensiv kursda oʻqitiladi;
- rotatsiya qilingan rahbar faoliyati Agentlik tomonidan elektron platforma orqali onlayn tarzda monitoring qilinadi.
-davlat organlarida xodimlarning korrupsiyaga qarshi barqarorlik darajasini diagnostikadan oʻtkazish tizimi joriy etiladi.
Unga koʻra, quyidagilar diagnostikadan oʻtkaziladi:
- 2026 yil 1 yanvardan korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalarining rahbar va masʼul xodimlari hamda ushbu lavozimlarga nomzodlar;
- 2026 yil 1 iyundan sohalar nazoratiga masʼul inspeksiyalarda korrupsiyaviy xavf-xatar darajasi “yuqori” va “oʻrta” boʻlgan funksiyalar yuklatilgan lavozimlarda faoliyat yuritayotgan xodimlar hamda ushbu lavozimlarga nomzodlar;
- 2027 yil 1 yanvardan boshqa davlat organlarida korrupsiyaviy xavf-xatar darajasi “yuqori” va “oʻrta” boʻlgan funksiyalar yuklatilgan lavozimlarda faoliyat yuritayotgan xodimlar va ushbu lavozimlarga nomzodlar.
Diagnostika Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining buyurtmasiga muvofiq Rahbar kadrlarni baholash markazi tomonidan oʻtkaziladi.
Diagnostika natijasiga koʻra xodimning korrupsiyaga barqarorlik darajasi “past” deb baholanishi mazkur lavozimda mehnat munosabatlarni davom ettirishiga monelik qiluvchi holat hisoblanadi.
Bunda xodim korrupsiyaviy xavf-xatar darajasi “past” boʻlgan boshqa lavozimga majburiy ravishda rotatsiya qilinadi.