Davlat ijtimoiy sugʻurtasi boʻyicha qonun qabul qilindi
Tadbirkorlarni homiladorlik va tugʻish, vaqtinchalik mehnatga layoqatsizlik hamda ishdan boʻshatish nafaqalari toʻlovlari boʻyicha ortiqcha yuklamadan ozod etish qonun bilan mustahkamlandi.

“Davlat ijtimoiy sugʻurtasi toʻgʻrisida”gi Qonun qabul qilindi.
Qonunning asosiy maqsadi:
- fuqarolarni vaqtincha mehnat qobiliyatini yoʻqotganda yoki ishsiz qolganida ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash va kambagʻallikka tushish xavfining oldini olish;
- tadbirkorlarni homiladorlik va tugʻish, vaqtinchalik mehnatga layoqatsizlik hamda ishdan boʻshatish nafaqalari toʻlovlari boʻyicha ortiqcha yuklamadan ozod etish.
- norasmiy bandlikni legalizatsiya qilishni ragʻbatlantirish.
Sugʻurta toʻlovlarining quyidagi turlari belgilanmoqda:
- ayollarning tugʻruqqacha va tugʻruqdan keyingi davri uchun toʻlanadigan homiladorlik va tugʻish nafaqasi;
- xodimlarning kasalligi sababli mehnatga layoqatsiz boʻlgan davri uchun toʻlanadigan vaqtinchalik mehnatga layoqatsizlik nafaqasi;
- xodim ishdan boʻshaganligi sababli toʻlanadigan ishdan boʻshatish nafaqasi.
Maʼlumot uchun: Prezidentning 2025 yil 3 noyabrdagi PF-206-son farmoniga muvofiq Davlat ijtimoiy sugʻurta jamgʻarmasi orqali:
- 2026 yil 1 yanvardan boshlab homiladorlik va tugʻish nafaqasi;
- 2026 yil 1 iyuldan boshlab vaqtinchalik mehnatga layoqatsizlik nafaqasi;
2030 yil 1 yanvardan boshlab toʻlanadigan ishdan boʻshatish nafaqasi toʻlash amalga oshiriladi.
Qonunga asosan aholini sugʻurtalash quyidagi tartibda amalga oshiriladi:
- majburiy asosda – mehnat shartnomasi boʻyicha band xodimlar;
- ixtiyoriy asosda – yakka tartibdagi tadbirkorlar, oʻzini oʻzi band qilgan, dehqon xoʻjaligi va tomorqada ishlovchilar, chet elda yollanib ishlaydigan fuqarolar.
Sugʻurta toʻlovlari quyidagi tartibda tayinlanadi:
- homiladorlik va tugʻish, vaqtinchalik mehnatga layoqatsizlik nafaqalari – fuqaro murojaatisiz “proaktiv” shaklda;
- ishdan boʻshatish nafaqasi – fuqaroning murojaati asosida.
Qonunning qabul qilinishi xodimlarni ijtimoiy xavflardan himoyalash, rasmiy bandlikni ragʻbatlantirish va mehnat bozori barqarorligini oshirishga xizmat qiladi.
Tadbirkorlarni homiladorlik va tugʻish, vaqtinchalik mehnatga layoqatsizlik hamda ishdan boʻshatish nafaqalari toʻlovlari boʻyicha ortiqcha yuklamadan ozod etish qonun bilan mustahkamlandi.
Yangi tizim joriy etilishi natijasida:
- byudjet tashkilotlarida ishlovchi 2,2 mln nafarga yaqin fuqaro;
- xususiy sektorda band boʻlgan 3,6 mln nafardan ortiq fuqaro;
- yakka tartibdagi tadbirkorlik bilan shugʻullanuvchi, oʻzini oʻzi band qilgan hamda norasmiy sektorda band boʻlgan 7 mln nafardan ortiq fuqarolarning ijtimoiy kafolatlari taʼminlanadi.
Maʼlumot uchun: yakka tartibdagi tadbirkorlar, oʻzini oʻzi band qilgan, dehqon xoʻjaligi va tomorqada ishlovchilar, chet elda yollanib ishlaydigan fuqarolarni sugʻurtalash ixtiyoriy asosda amalga oshiriladi.