platina.uz
Jamiyat

Toshkent viloyatida 250 ming dollarga yer sotmoqchi boʻlgan yurist ushlandi

 Qashqadaryoda esa tuman gaz taʼminoti boʻlimi xodimi pora bilan ushlandi. 

Toshkent viloyatida 250 ming dollarga yer sotmoqchi boʻlgan yurist ushlandi

Yer munosabatlariga oid noqonuniy holatlar fosh etildi.

Ohangaron tumandagi unitar korxona yuristi, muqaddam sudlangan shaxs xaridorga Nurafshon shahrida parrandachilik bilan shugʻullanuvchi xususiy korxonaga ajratilgan 90 sotix boʻsh yer maydonini 250 ming AQSh dollariga sotishini aytadi.

Shu bilan birga, kadastr idoralaridagi tanishlari orqali mazkur ushbu yer maydonida kottejlar qurilishiga ruxsat olib berishini ham vaʼda qilib, oʻz “xizmati” uchun 30 ming AQSh dollari talab qiladi.

Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent viloyati boʻyicha boshqarmasi hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda, u avans sifatida 40 ming AQSh dollari olgan vaqtida ushlandi.

Qashqadaryo viloyatida kuzatilgan holatda esa, tuman gaz taʼminoti boʻlimi xodimi oʻzining mansabdor tanishlari orqali Koʻkdala tumanidagi davlat zaxirasida boʻlgan 1 gektar yer maydonini xaridorga 500 mln. soʻmga sotishga kelishib, oldindan 20 ming AQSh dollari olgan vaqtida ushlandi.

Boshqa bir qayd etilgan holatda, muqaddam sudlangan, hozirda maklerlik faoliyati bilan shugʻullanuvchi shaxs Buxoro shahrida yashovchi fuqarodan uning foydalanuvida boʻlgan umumiy maydoni 1 250 kvadrat metr koʻchmas mulk obʼekti toifasini oʻzgartirib, tegishli kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish evaziga, 14 ming AQSh dollari talab qiladi.

Davlat xavfsizlik xizmatining Buxoro viloyati boʻyicha boshqarmasi hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda ushbu shaxs soʻralgan pul mablagʻini olgan vaqtida ushlandi.

Hozirda barcha holatlar yuzasidan qonunbuzarlarga nisbatan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda. Shuningdek, mazkur jinoyat ishlariga aloqador boʻlgan boshqa shaxslarni aniqlash boʻyicha ham surishtiruv jarayonlari amalga oshirilmoqda.

Avval Fargʻonada Kadastr agentligi bosh inspektori qoʻlga tushgandi.

U fuqaroga jarima qoʻllamaslik hamda yerni qonuniylashtirib berish evaziga 400 AQSh dollari talab qiladi

© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid