platina.uz
Maqola

ShatGPT’ni soʻkmang yo unga rahmat aytmang – katta falokatga sabab boʻlasiz

SI va data markazlarning suv isteʼmoli koʻlami biz tasavvur qilganimizdan koʻra kattaroq, raqamlar esa dahshatliroq.

ShatGPT’ni soʻkmang yo unga rahmat aytmang – katta falokatga sabab boʻlasiz
Fotokollaj: Platina.uz

Bugungi kunda sunʼiy intellekt (SI) va unga asoslangan tizim hamda qurilmalar insoniyat hayotiga tobora chuqurroq kirib bormoqda, texnologiyalar osmonida oy kabi balqib chiqmoqda. Biroq Oyning ham bizga nomaʼlum qorongʻu tomoni bor: SI qurilmalari uchun elektr energiyasi zarur. Bu energiyani ishlab chiqarish va SI qurilmalarini sovutish uchun koʻp suv kerak. SI ishlaydigan mikrosxema – chiplar uchun zarur nodir metallar qazib chiqarish jarayoni katta suv talab qilishi yetmaganidek, tabiatni ham ifloslantiradi. Insoniyat bugungi hayoti uchun qulaylik yaratib, kelajagini xavf ostiga qoʻyayotganini haliyam tuzuk anglab yetmayapti.

Maʼlumki, zamonaviy SI tizimlari katta server “fermalari”ga – maʼlumotlar qayta ishlash markazlariga – data markazlarga tayanadi. Bu serverlar doimiy ravishda murakkab vazifalarni yechadi, neyron tarmoqlarni oʻrgatadi-oʻqitadi, foydalanuvchilarning soʻrovlariga javob beradi. Toʻgʻri, ular ham faqat algoritmlardan iborat dastur, ammo bu dasturlar tez ishlashi uchun kuchli mikrosxemalardan iborat serverlar talab qilinadi. Ushba mikrosxema va protsessorlar tez ishlaganida kuchli qiziydi hamda sovitishni talab etadi. Sovutish uchun esa koʻp hollarda suv qoʻllaniladi va uning sarfi haqiqatanam juda katta.

Oddiy “Yandeks” qidiruv portalini olsak, uning data markazlarinisovitish arzonga tushadigan hududlarda – Rossiyaningsovuq shimoliy qismida hamda Finlyandiya shimolida joylashgan. Masalan, Finlyandiya poytaxti Xelsinkidan 60 km masofada joylashgan Myantsyal shahridagi “Yandeks” maʼlumotlar markazi shunchalik katta issiqlik ishlab chiqaradiki, ular qaynatgan suv quvurlar orqali yetkazilib, oʻsha atrofdagi aholi uylarini sovuq mavsumda tekin isitib beradi.

Suv SI ishida qanday ishtirok etadi?

Serverlar, grafik protsessorlar va boshqa axborot texno-jihozlar ish jarayonida kuchli qizib ketishi tabiiy. Ularni sovitish uchun koʻp hollarda suvli sovitish tizimlari qoʻllaniladi: suv quvurlar orqali aylanib, issiqlikni oʻziga oladi, soʻngra sovitiladi va yana tizimga qaytariladi. Issiq yoki quruq mintaqalarda esa “bugʻlantiruvchi” sovutgich minoralari qoʻllaniladi – bu holda suvning bir qismi bugʻlanib, issiqlikni oʻzi bilan havoga olib chiqib ketadi. Buning ustiga, bu jarayon uchun shoʻr dengiz suvi yaramaydi. Odam, hayvonot va oʻsimlik olami uchun maqbul boʻlgan chuchuk suv talab etiladi.

Bundan tashqari, baʼzi tizimlar – kompressorlar, konditsionerlar va boshqa jihozlar elektr energiyasida ishlasa-da, shu elektr energiyasini ishlab chiqarishning oʻzi ham koʻp suv talab qiladi – alal-oqibat SI ishlashi uchun katta hajmda suv talab qilinadi.

Talab qay darajada katta: real raqamlar

SI va data markazlarining suv isteʼmoli koʻlami biz tasavvur qilganimizdan koʻra kattaroq, raqamlar esa dahshatliroq.

Masalan, ayrim yirik data markazlar kuniga 19 mln litrgacha suv ishlatishi mumkinki, bu oʻn minglab aholiga ega kichik shaharning kunlik suv isteʼmoliga teng. Xususan, oʻrtacha, 100 megavattlik data markaz kuniga 2 million litr atrofida suv sarflaydi. Dunyo boʻylab data markazlarda (SIni qoʻllab-quvvatlovchi markazlar ham qoʻshilganda) sovitish va energiya ishlab chiqarish uchun sarflanadigan suv miqdori nihoyatda ulkan.

Kornell universiteti tadqiqotchilarining hisob-kitoblariga koʻra, SI data markazlariga yiliga 1,1 milliard kub metrgacha suv kerak – bu 10 million aholi isteʼmoliga teng. Toʻgʻri, bu miqdor u qadar koʻp emas – data markazlarning suv isteʼmoli jahon miqyosidagi umumiy suv sarfining atigi 0,1-0,2 foizini tashkil qiladi. Ammo bu hozircha!

Ayrim manbalarga koʻra, SI infratuzilmasi oʻsishi bois suvga talab yaqin yillarda bir necha marta oshib ketishi mumkin. Buning ustiga, “onlayn” sovitishdan tashqari, chiplar, mikrosxemalar va server qismlarini ishlab chiqarishda ham juda katta miqdorda oʻta toza suv talab etiladi.

Ekologik va ijtimoiy kontekst

Suv – cheklangan resurs, ayniqsa, yogʻingarchilik kam boʻlgan, daryolari qurigan va gidrotarmogʻi zaif hududlarda – suv oltinga teng resurs. Bunday joylarda “suvni yamlamay yutadigan” data markazlar qurish va ularni saqlash jiddiy muammolarni tugʻdiradi.

SI infratuzilmasining oʻsib borishi faqatgina texnologik taraqqiyot tezlashuvi emas, balki sayyoramiz resurslariga qoʻshimcha bosim: suv, elektr energiyasi, noyob materiallar sarfi ortishiga olib keladi.

Hatto texnik yaxshilanishlar (yaxshiroq sovitish, yuqori server zichligi, energiya samaradorligi) bilan ham umumiy hisoblash quvvatiga talab – demakki, suvga talab oʻsib bormoqda. Bu barqaror rivojlanish masalasini ogʻirlashtiradi: alohida samaradorlik koʻpincha umumiy isteʼmol oʻsishini toʻxtatmaydi. Bu iqtisodiy nazariyada “Jevons paradoksi” deb ataladi. Yaʼni, biror-bir resursdan foydalanish samaradorligini oshiruvchi texnologik taraqqiyot – uni sarflash hajmini kamaytirmaydi, aksincha koʻpaytiradi. Mavzuga aloqador boʻlmasa-da, bu paradoksni yoʻldagi tirbandlik misolida tushuntirish mumkin. Masalan, katta shaharlarda yoʻllarni kengaytirish va koʻpaytirish – tirbandlik muammosini kamaytirmaydi, aksincha, tirbandlik koʻlami yanada kengayib ketadi.

Nomutanosiblik va real oqibatlar

Yaqinda eʼlon qilingan maʼlumotlarga koʻra, SI serverlari uchun yangi binolar(data markazlar)ga talab tez surʼatda oʻsmoqda va koʻplab yangi inshootlar suv resurslari cheklangan hududlarda qurilmoqda. Bu suv tanqisligi boʻyicha xavotirlarni yanada kuchaytiradi.

Chunki bitta data markaz kuniga millionlab litr suv “ichsa”, bunday markazlar soni oʻnlab yoki yuzlab boʻlsa, mintaqaning suv zaxiralariga bosim bir necha marta ortadi. Ayrim joylarda bu aholi, qishloq xoʻjaligi yoki ekotizim talablari bilan raqobatga olib kelishi mumkin.

Bloomberg nashrining maʼlum qilishicha, AQShdagi data markazlarning deyarli 66 foizi suv tanqis qurgʻoqchil hududlarda qurilgan. Bu hududlarda bugʻlanib ketgan suvni shamol boshqa hududlarga olib ketishi mumkin. Bunday hududlarda chiqqan suv bugʻlari shamol bilan suv va namgarchilik koʻp hududlarga yoki dengizga yomgʻir-qor boʻlib yogʻishi mumkin. Boshqacha aytganda, ishlatilgan suv har doim ham u olingan ekotizimga yana qaytib kelmaydi.

Xullas, bu muammolar barqaror taraqqiyot haqidagi savollarni yanada oʻtkirlashtiradi. SI quvvatlarini yanada kengaytirish mumkinmi, agar mumkin boʻlsa, shartmi? Yoki infratuzilmaviy muqobillikni izlash zarurmi?

Vahimaga oʻrin yoʻqmi?

AQShdagi Massachusets texnologiya instituti (MIT) mutaxassislarining hisoblashicha, suv kam hududlarda SI data markazlari qurilishi mahalliy suv inqirozlarini keltirib chiqarishi mumkin. Lekin fizik olim Endi Meyslining taʼkidlashicha, data markazlar qurgʻoqchillikka moyil hududlardagi suv isteʼmolchilaridan biri boʻlsa-da, suv sarfi boshqalaridan koʻp emas.

Boshqa olimlar ham SIning suv sarfi haqidagi maʼlumotlarini “ortiqcha mubolagʻa” deb hisoblashadi. Ularning fikricha, OAV koʻp hollarda haqiqat uchun emas, balki shov-shuv va “layk”lar uchun kurashadi. Shu yil yoz faslida The Economic Times nashrida Texas aholisi goʻyoki SI sababli borgan sari kamroq yuvinishga majbur boʻlayotgani haqida shov-shuvli maqola chiqdi. Ammo keyinchalik mojaro sunʼiy ravishda boʻrttirilgani aniqlandi: maqolada keltirilgan maʼlumot, yaʼni 1,75 milliard litr hajmdagi sarf – bu Texasdagi barcha data markazlarning ikki yillik umumiy sarfidir. Bu miqdor Texas shtati yillik suv isteʼmolining bor-yoʻgʻi 0,1 foizini tashkil etadi.

Indallosini aytganda, data markazlarning suv sarfi hozircha lokal muammo. Ular dunyo miqyosida suv tanqisligiga sabab boʻla olmaydi, deyishadi ayrim ekspertlar.

SIga rahmat aytmang!

SI tizimlaridan tobora kengroq foydalanilgani sari yangi voqelik ham yaralmoqda. Jumladan, SIga xuddi jonli va aqlli suhbatdoshdek munosabatda boʻlish fenomeni keng tarqalmoqda. Aytaylik, koʻpchiligimiz SIdan, masalan, ChatGPTdan foydalangach, unga tashakkur bildirib, “rahmat” deb yozib qoʻyamiz. Ammo shu birgina soʻz ham qanchalik qimmatga tushishini tasavvur qila olasizmi? Birgina shu “rahmat” soʻzingizni tahlil qilish va unga original javob qaytarish uchun SI sarflagan resurlar qiymati oʻrtacha 2 dollarga baholanadi. Har bir mavzudan tashqari yoki ortiqcha “iltimos” yoki “rahmat” soʻzlari, ChatGPTga alohida xabar sifatida yozilgani – serverlarga tushadigan yuklamani, demakki, kompaniya xarajatlarini oshiradi.

Yaqinda X ijtimoiy tarmogʻi foydalanuvchisining “bunday elektron “xushmuomalalik” qanchaga tushadi?” degan savolidan soʻng bu mavzu yana koʻtarildi. Kulgili jihati shundaki, baʼzi foydalanuvchilar bu soʻzlarni bir soʻrov tarkibida emas, balki alohida xabar koʻrinishida qoldiradi – har bir bunday xabar esa koʻproq energiya talab qiladigan tizim tomonidan qayta ishlanadi.

Hisob-kitoblarga koʻra, ChatGPT (GPT-4 asosidagi) tomonidan 100 ta soʻzdan iborat oddiy matn yaratish 0,14 kVt/soat energiya talab qiladi – bu bir soat ichida 14 dona svetodiodli chiroqchaning energiya isteʼmoliga teng.

1000 dan ortiq foydalanuvchilar oʻrtasida oʻtkazilgan soʻrovda maʼlum boʻlishicha, ularning 70% SI bilan muloqotda xushmuomala boʻlishga urinadi, 12% esa kelajakda robotlar isyonidan “qoʻrqqani” uchun shunday qiladi. Yaʼni, qachondir SI asosidagi superrobotlar isyon qilsa, “bu odam bizga xushmuomala boʻlgan” deb, uni tirik qoldirar emish. Bu fikr kulgili boʻlsa-da, sayyoramizda unga chin koʻngildan ishonadiganlar soni bir necha milliondan oshadi.

Izoh soʻralgan ChatGPTning oʻzi taʼkidlashicha, u yaxshiroq ishlashi uchun, unga “rahmat” aytish kerak emas. U xafa ham boʻlmaydi, charchamaydi ham, eng muhimi – maqtov uchun emas, foyda keltirish uchun yaratilgan. Lekin, SIning oʻzi aytganidek, yoqimli soʻz baʼzan ziyon qilmaydi – “axir men biroz insonsifatroq qilib yaratilganman”, deydi ChatGPT. Ayni vaqtda texnologiyalar rivojlanar ekan, bunday “doʻstona” suhbatlarning qiymati ham ortib bormoqda.

Suv – SIning asosiy, lekin koʻzga koʻrinmas resursi

Qisqasini aytganda, SI “vakuumda” yashamaydi. Bu moʻʼjiza ortida – millionlab serverlar, kilovattlarcha energiya isteʼmoli, issiqlik chiqarish va katta infratuzilma turibdi. Suv esa shu infratuzilmaning asosiy tarkibiy qismlaridan biridir. Suvsiz (yoki yetarli miqdorda suvsiz) yirik SI tizimlari toʻla quvvatda ishlay olmaydi. Eng dahshatlisi, sovitish uchun ishlatilgan suvning qariyb 80 foizi bugʻlanib ketadi, qolgan suv esa ichish va dehqonchilik uchun yaroqsiz boʻlib qoladi.

Bu shundan dalolat beradiki, SIning inson hayotining barcha jabhalariga kirib borishi – faqat hisoblash quvvati yoki algoritmlar rivojlanishi masalasi emas, balki resurslarni barqaror isteʼmol qilish, masʼuliyat va ekologiya bilan texnologik taraqqiyot oʻrtasidagi muvozanat masalasiga aylanmoqda.

Abulfayz Sayidasqarov

© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid