Qozogʻistondagi YTHda 2 oʻzbekistonlik halok boʻldi
Baxtsiz hodisa oqibatida vafot etganlarni Vatanga olib kelish boʻyicha har tomonlama yordam koʻrsatish choralari koʻrilmoqda.

Bugun, 7 dekabr kuni soat 08:57 da Qozogʻistonning Aktobe viloyati Aytekebi tumanidan oʻtgan "Perm-Toshkent" yoʻnalishida harakatlangan “Yutong” yoʻlovchi avtobusi yon tomonga ariqqa agʻdarilib, yoʻl-transport hodisasi sodir boʻlgan.
Yoʻl-transport hodisasi oqibatida avtobusda boʻlgan 49 nafar yoʻlovchidan 5 nafari vafot etgan, ulardan 2 nafari Oʻzbekiston fuqarolari hisoblanadi.
Favqulodda vaziyatlar vazirligi masʼul vazirlik va idoralar bilan birgalikda ishchi guruh tuzgan holda, ushbu baxtsiz hodisa oqibatida vafot etganlarni Vatanga olib kelish va ularning oila aʼzolariga dafn marosimlarini oʻtkazishda har tomonlama yordam koʻrsatish boʻyicha barcha zarur choralarni koʻrmoqda.
Taʼkidlanishicha, hozirda Favqudodda vaziyatlar vazirligining masʼul xodimlari qozogʻistonlik hamkasblari bilan doimiy aloqada boʻlib, baxtsiz hodisaning kelib chiqish sabablarini oʻrganish boʻyicha hamkorlik qilmoqda.