platina.uz
Maqola

Miya boshqa ritmda yashaganda – diqqat tanqisligi sindromi

Agar ota-ona, oʻqituvchi, mutaxassislar bunday qiyinchiliklar ortida yangi imkoniyatlarni koʻra olsa, bu insondagi noyob isteʼdodlarni kashf etishi mumkin.

Miya boshqa ritmda yashaganda – diqqat tanqisligi sindromi
Fotokollaj: Platina.uz

Ota-ona va pedagoglar koʻpincha gʻalati bir muammoga duch kelishadi: ayrim bolalarning aql-hushi joyida, xotirasi va zehni oʻtkir boʻladi, ammo ularga bilim va tarbiya berish oʻta mushkul ishga aylanadi. Bunday bolalar boshqa tengqurlariga nisbatan oʻyinqaroq va sabrsiz boʻladi. Ular “joyida oʻtira olmaydi” – hatto dars vaqtida yoki unga gapirishayotganida ham tezda zerikib, boshqa narsalarga chalgʻib ketadi. Oʻrnidan turib, atrofdagi unga qiziqroq koʻringan boshqa narsalarni tomosha qila boshlaydi. Yaʼni ular bitta masala yoki vazifaga uzoq vaqt davomida diqqat qarata olmaydi.

Bunday bolalarni koʻpincha xato ravishda erinchoqlik, dangasalik va hafsalasizlikda ayblashadi. Ota-onalar esa “bolam boshlagan ishini oxiriga yetkazmaydi” deya shikoyat qiladi. Ammo diqqat bilan qaralsa, bu qoʻpollik yoki tarbiya kamchiligidan emas. Bu – diqqat tanqisligi va giperfaollik (tez qoʻzgʻaluvchanlik) sindromi (DTGS), oxirgi yillarda koʻp tilga olingan, lekin hamon tushunchasi kam darajada anglangan ruhiy holatdir.

DTGS aslida nima?

Diqqat tanqisligi sindromi – bu neyro-rivojlanish xususiyati, yaʼni miya uchun diqqatni ushlab turish, maʼlumotni saralash va impulslarni boshqarish boshqa odamlarga nisbatan qiyinroq kechadigan holat. Bu “erinish” yoki “tarbiyasizlik” emas. Bu – miyaning olamni boshqacha tarzda anglashi va ishlashidir.

Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining 2024 yildagi maʼlumotlariga koʻra, dunyoda maktab yoshidagi bolalarning taxminan 7 %ida eʼtibor yetishmasligi va DTGS mavjud. Kattalar orasida esa DTGS tarqalishi kamroq – taxminan 2-3% atrofida.

Baholashlar turli davlatlarda statistika diagnostika usullariga qarab farq qilishi mumkin. Masalan, AQShda DTGS taxminan 8-10% bolalarda aniqlanadi, ayrim davlatlarda esa rasman 1% dan kam holatlar qayd etiladi.

Psixologlarning taʼkidlashicha, DTGSga ega bola va kattalar axborotni kuchliroq, jarangliroq va tezroq his qiladi: miya barcha signallarga baravar – birdaniga javob beradi. Shuning uchun ular oddiy narsani nazardan faromush qilishi mumkin, lekin boshqalar sezmagan mayda-chuydalarni darhol payqab oladi. Bu xislatdan shunday qobiliyat talab etiladigan ayrim kasb (mehnat) turlarida unumli foydalanish mumkin. Ammo bolani DTGSga xos xususiyatlar zarar boʻlgan kasblarga majburlamaslik kerak.

DTGS belgilapi

Bolalarda DTGS quyidagi belgilari bilan namoyon boʻladi:

• Eʼtibor yetishmasligi: bir ishga diqqatni jamlash qiyin, qiziqish tez yoʻqoladi, topshiriqlarni unutib qoʻyadi, tashqi masalalarga tez chalgʻiydi.

• Giperfaollik: ortiqcha harakatchanlik, doimiy ravishda harakat qilish, koʻp gapirish, faoliyatni tez-tez almashtirish istagi. Bunday bolalar katta boʻlsa, qanday kasb tanlashi borasidagi orzularini ham tez-tez almashtirib turadi. Bugun “fazogir boʻlaman” desa, bir oy oʻtib, oʻqituvchi boʻlaman deyishi mumkin.

• Impulsivlik: harakatlarini nazorat qila olmaslik, qarorlarni shoshilinch qabul qilish, hissiy beqarorlik – qiziqqonlik.

Qiziq jihati, DTGS faqat bolalarda emas, kattalarda ham uchraydi. Bu yoshlikda sezilmagan boʻlishi, bostirilgan boʻlishi mumkin. Yoki hayot davomida ayrim muammo va voqealar DTGS paydo boʻlishi yoki yuzaga chiqishi uchun oʻziga xos trigger vazifasini oʻtashi mumkin.

Kattalardagi DTGS, avvalo oʻqish va ishdagi qiyinchiliklar: vazifalarni oʻz vaqtida bajarishda muammo chiqishi, darsda diqqatsizlik, muhim ishlarini unutib qoʻyish tarzida namoyon boʻlishi mumkin.

Shuningdek, past motivatsiya tarzida: biror masalaga qiziqishning tez soʻnishi, murakkab vazifalardan qochish shaklida yuzaga chiqadi. Bunday odamlar hamma ishga chalgʻib ketavergani bois, qaysi vazifani avval bajarishga qaror qilishga qiynaladi. Bittasini qilsa, qolgan ishlar qolib ketaveradigandek tuyulaveradi. Oxir-oqibatda hech bir loyiha yoki vazifani qilmaydi yoki oxiriga yetkazmaydi. Bu “xohlamagani” uchun emas, balki miyasining tuzilishi oʻzgacha boʻlgani uchun.

Shuningdek, kattalarda DTGS hissiy beqarorlik: tez asabiylashuv, jahldorlik, kayfiyatning tez oʻzgarishi shaklida kuzatiladi. Qolaversa, bunday odam muloqotda ham qiyinchilikka duch kelishi mumkin: doʻstlar bilan muammolar, ota-ona va oʻqituvchilar bilan kelishmovchilik va nizolar tez-tez uchrab turadi.

DTGS sabablari

DTGSning aniq kelib chiqish sabablari toʻliq oʻrganilmagan. Genetik, neyrobiologik va muhit omillarining oʻzaro taʼsiri bor, deb hisoblashadi.

• Genetik moyillik: agar ota-ona yoki yaqin qarindoshlarda DTGS uchragan boʻlsa, bolada ham ushbu sindrom rivojlanish xavfi yuqoriroq boʻladi.

• Homila rivojlanishidagi buzilishlar, homilaning kindikka oʻralib-boʻgʻilib qolishi, onaning ruhiy va jismoniy bosimga uchrashi bilan bogʻliq muammolar, tugʻuruq paytida chaqaloq boshi qisilishi kabi salbiy omillar ham DTGSga olib kelishi mumkin.

• Miyaning muayyan sohalaridagi faoliyat buzilishlari, ular eʼtibor, impulslarni nazorat qilish va xulq-atvorni boshqarish uchun javob beradi.

DTGS diagnostikasi

DTGS tashxisini faqat shifokor – psixiatr yoki nevrolog qoʻya oladi. Diagnostikada quyidagi usullar qoʻllaniladi:

• Klinik suhbat – shifokor mijoz va uning yaqinlari bilan suhbatlashadi, belgilar qachon paydo boʻlgani va hayotga qay darajada taʼsir qilayotganini aniqlaydi.

• Anketalar va soʻrovnomalar – belgilar ifodalanish darajasini miqdoriy baholashga yordam beradi.

• Xulq-atvorni kuzatish – mutaxassis mijozning maktab, uy, ish joyidagi oʻzini tutishini tahlil qiladi.

• Neyropsixologik testlar – eʼtibor, xotira va boshqa kognitiv funksiyalarni baholash uchun qoʻllaniladi; yordamchi usul hisoblanadi.

DTGSni davolash mumkinmi?

DTGSni toʻliq davolab boʻlmaydi. Ammo quyidagi usullar holatni yaxshilashga yordam beradi:

• Dori-darmon bilan davolash – ogʻir hollarda qoʻllaniladi, odatda maktab yoshidagi (5-6 yoshdan boshlab) bolalarga tavsiya etiladi. Kattalarda esa ayrim hollarda turli energetik ichimliklar ham diqqatni jamlashga xizmat qilishi kuzatilgan. Ammo uning sogʻliqqa nojoʻya taʼsirlari va zarari – olinadigan samaradan koʻra koʻproq boʻlishini unutmaslik lozim. Shifokorlar ham energetik ichimliklarni DTGS uchun tavsiya qilishmaydi. Chunki bunday ichimliklar tarkibidagi DTGS simptomlarini battar ogʻirlashtiradigan moddalar – kofein (qoʻzgʻaluvchanlikni kuchaytiradi), shakar, sunʼiy taʼm va rang beruvchi moddalar va boshqa ruhiyatni qoʻzgʻovchi stimulyatorlar boʻladi.

• Neyropsixologik yordam – miya faoliyatini yaxshilash va diqqatni jamlash qobiliyatini oshirishga yordam beradi.

• Oʻyin terapiyasi – maxsus oʻyinlar DTGS belgilarini yengillashtirishga yordam beradi.

• Xulq-atvor terapiyasi – ota-onalar uchun treninglar, oʻqituvchilarga taʼlim muhitini moslashtirishda yordam, bolalar uchun mashgʻulotlar va treninglarni oʻz ichiga oladi.

DTGSning ijobiy jihatlari

Albatta, DTGSning inson faoliyati uchun foydali jihatlari ham borki, ulardan toʻgʻri foydalanish ushbu sindromning salbiy oqibatlarini konpensatsiya qilishi mumkin.

1. Yuqori kreativlik va gʻayrioddiy fikrlash

DTGS bilan yashovchi odamlar koʻpincha original yechim topadi, yangi gʻoyalarni tez taklif qiladi va “ramkalardan tashqari” fikrlash talab qilinadigan ishlarda yaxshi koʻrsatkichga ega boʻladi.

2. Giperfokus

Qiziqtirgan ishga duch kelganda, eʼtiborni uzoq vaqt saqlab, juda samarali ishlashlari mumkin. Ular hatto ayrim neyrotipik odamlarga nisbatan ham yaxshiroq samara koʻrsatishadi. Yetarli motivatsiya va qiziqish boʻlsa, DTGS mavjud odamlar bir masalaga boshqalardan koʻra koʻproq diqqat, mehnat va vaqt ajrata oladi.

Psixologiyada bunga giperfokus – qiziqarli ishga oʻta chuqur shoʻngʻish qobiliyati deyiladi. Oddiy odam bir soatda charchasa, DTGSga ega kishi besh soat tinmay ishlashi mumkin. Shu bois bunday odamlar orasida dizaynerlar, jurnalistlar, dasturchilar, tadbirkorlar juda koʻp. Ular nafaqat yangi yoʻllarni izlashadi – ular yangiliksiz yashay olishmaydi.

3. Energiyaga boylik va faollik

Orttirilgan energiya darajasi dinamik vazifalarda, tadbirkorlikda, sportda va ijodiy sohalarda katta afzallik beradi.

4. Tez reaksiya va moslashuvchanlik

Koʻpchilik DTGSli odamlar favqulodda vaziyatlarda yaxshi ishlaydi, vazifadan-vazifaga tez oʻta oladi, moslashuvchanlik yuqori boʻladi – oʻzgarishlarga oson moslashadi.

5. Intuitsiya va atrofdagilarni sezish qobiliyati

Hissiy sezgirlik va empatiya ularni yaxshi muloqotchi va jamoada ishlay oladigan insonga aylantirishi mumkin.

6. Tadbirkorlik salohiyati

Tadqiqotlar shuni koʻrsatadiki, tadbirkorlar va innovatorlar orasida DTGSli odamlar ulushi oʻrtachadan yuqori. Bunday shaxslarda ehtimoliy xavf-xatarga tayyorlik, tashabbuskorlik va yangilikka intilish kuchli.

Nega hozir DTGS koʻproq koʻzga tashlanmoqda?

Zamonaviy hayot – doimiy xabarnomalar, ekranlar, vazifalar marafoniga aylanib qolmoqda. DTGSga ega inson uchun bunday muhit haqiqiy “axborot boʻroni”ga aylanadi. Ilgari simptomlar faqat maktab yoki ishda namoyon boʻlgan boʻlsa, hozir ular insonga kunu tun zararli hamrohdir.

Masalan, ijtimoiy tarmoqlardagi qisqa roliklar – rils va tarixlar ham miyani oson dofaminga oʻrgatib qoʻyadi. Natijada bu odamda sabrsizlikni kuchaytirib, katta hajmdagi maʼlumot bilan tanishuv, uni qayta ishlash va tahlil qilish gʻayratini soʻndiradi. Sekin-asta bu DTGS yoki unga yaqin simptomlarni chaqiradi.

Maʼlumot uchun, AQShning Sinsinnati universiteti olimlari 2024 yilda 14-25 yoshdagi 5 000 nafar yoshlar va oʻsmirlarning xulq-atvorini kuzatishgan. Maʼlum boʻlishicha, qisqa videolarni muntazam tomosha qiladigan ishtirokchilarning 68 %ida asossiz xavotir va depressiya belgilari, 53 %ida diqqat-eʼtiborni jamlash qobiliyatida pasayish, va 41 %ida oʻqish qobiliyatida pasayish kuzatilgan. Shuningdek, 2023 yilgi tadqiqotlarga koʻra, ekranga uzoq vaqt tikilib oʻtirish bolalarda DTGS rivojlanishiga sabab boʻlishi mumkin.

DTGS oila va ishqiy munosabatlarga qanday taʼsir qiladi?

Koʻpincha ogʻir taʼsir qiladi. Turmush oʻrtoqlar simptomlarni befarqlik deb qabul qiladi: “Meni tinglamaysan”, “Yana unutding”, “Nega hammasini oxirgi pallaga qoldirasan?”. Ammo buning tagida hissiyotlar – yaxshi yoki yomon koʻrish emas, balki diqqatning oʻzgarish mexanizmi yotadi.

Biroq DTGSga ega odamlar koʻpincha empatik, ijodkor va nostandart fikrlovchi boʻladi – bu esa munosabatlarning sifatini yanada chuqurlashtirishi mumkin. Qisqasi, DTGS sohiblari bir xil jarayonlardan tez zerikishadi.

Nega DTGSni erta aniqlash muhim?

Chunki notoʻgʻri tushunilgan yoki vaqtida tashxis qoʻyilmagan DTGS koʻpincha maktabda muammolarga, oʻz-oʻzini past baholashga, xavotir va depressiyaga, “men hech bir ishga qodir emasman” degan oʻta salbiy ichki ruhiy xulosaga olib keladi. Butun bolaligi davomida “sabrsiz va noshud” deb tanbeh eshitgan bola, katta boʻlgach, yangi ish, masalan biznes boshlashdan qoʻrqadi.

DTGS qanday davolanadi?

Zamonaviy yondashuv uch asosiy yoʻnalishni oʻz ichiga oladi:

1. Psixoterapiya

Xulq-atvor va kognitiv terapiya rejalashtirish, diqqatni ushlash va ehtiyojlarni boshqarish koʻnikmalarini oʻrgatadi.

2. Dorivor qoʻllab-quvvatlash

Psixiatr tomonidan shaxsiy tarzda belgilanadi. Koʻplar uchun bu “tinch” miya qanday boʻlishini birinchi marta his qilish imkonini beradi.

3. Turmush tarzi

Tartib, rejim, sport, toʻyib uxlash, muhitni nazorat qilish va triggerlarni yumshatish.

Masalan, “oʻzini majburlash” oʻrniga 10 daqiqalik qoida foyda beradi: ishni juda qisqa muddatda boshlash – keyinchalik miya oʻzi faollashib ketadi.

DTGS bilan toʻliq hayot kechirsa boʻladimi?

DTGS – dushman emas. Unga qarshi kurashish emas, uni boshqarish lozim. DTGS – hukm emas, kamchilik ham emas. Bu – miyaning oʻzgacha tartibi, oʻzgacha ritmi xolos.

Agar bola yoki katta kishi atrofidagi odamlar – ota-ona, oʻqituvchi, mutaxassislar bunday qiyinchiliklar ortida yangi imkoniyatlarni koʻra olsa, bu insondagi noyob isteʼdodlarni kashf etishi mumkin.

Abulfayz Sayidasqarov

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid