platina.uz
Jamiyat

Giyohvandlikka qarshi kurash xalqaro darajada kuchaymoqda

Samarqandda oʻtgan tadbir mintaqaviy giyohvandlikka qarshi hamkorlikni mustahkamlash boʻyicha asosiy muvofiqlashtirish mexanizmi sifatida muhim qadam boʻldi.

Giyohvandlikka qarshi kurash xalqaro darajada kuchaymoqda

5 dekabr kuni Samarqand shahrida Oʻzbekiston raisligida giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarning noqonuniy aylanishiga qarshi kurash boʻyicha Markaziy Osiyo mintaqaviy axborot-muvofiqlashtirish markaziga (MOMAMM) aʼzo davlatlar Milliy muvofiqlashtiruvchilari kengashining (MMK) navbatdagi yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Tadbirda BMTning Narkotiklar va jinoyatchilik boʻyicha boshqarmasi, xalqaro tashkilotlar, diplomatik korpuslar hamda Markaziy Osiyo, AQSh, Germaniya, Eron va boshqa davlatlar delegatsiyalari qatnashdi.

Yigʻilish “MOMAMM 2.0: Mintaqada xavfsizlik va barqaror rivojlanishni taʼminlashda tashkiliy salohiyatni oshirish” mavzusiga bagʻishlandi. Keng doiradagi sessiyada soha boʻyicha tajriba va hamkorlik masalalari, jumladan, xalqaro miqyosda giyohvandlikka qarshi kurashni kuchaytirish, yangi sintetik moddalar tahdidi, nazorat va axborot almashinuvi masalalari koʻrib chiqildi. Qator xalqaro tashkilotlar va BMT NJB bilan hamkorlik yuzasidan ham muzokaralar oʻtkazildi.

Keng doirada – ShHT, YeXHT, KXShT, MDH davlatlari Kengashi, EAG (Yevroosiyo Iqtisodiy Hamkorlik Tashkiloti), GCC (Arab Hamdoʻstlik Kengashi) kabi xalqaro tashkilotlar vakillari, Oʻzbekistonda akkreditatsiyadan oʻtgan diplomatik korpus va xorijiy OAV vakillari, shuningdek Markaziy Osiyo mamlakatlari, AQSh, Germaniya, Belarus, Eron va boshqa davlatlarning huquqni muhofaza qiluvchi organlari xodimlari ishtirok etadi. MOMAMM direktori va tomonlar Markaziy Osiyo mamlakatlaridagi joriy narkovaziyat borasidagi tahlillari hamda hamkorlikni kuchaytirish boʻyicha takliflarni taqdim etdi. BMTning Narkotiklar va jinoyatchilik boʻyicha boshqarmasi (BMT NJB), AQSh Davlat departamentining Narkotiklarga qarshi kurash va huquqni muhofaza qilish boʻyicha xalqaro byurosi (INL), Afgʻoniston elchixonasi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti vakillari ham oʻz maʼruzalari bilan chiqish qildilar. Bundan tashqari, Oʻzbekistonda 2025–2026 yillarga moʻljallangan “Giyohvandlikka qarshi kurash va narkojinoyatchilikni oldini olish boʻyicha” Milliy dastur taqdimoti boʻlib oʻtdi.

MOMAMMga aʼzo davlatlar hududidagi narkovaziyat

Markaziy Osiyodagi narkovaziyatni monitoring qilish orqali bir qator tashvishli tendensiyalar aniqlandi. Bular orasida giyohvandlik vositalarini musodara qilinishi hajmining oshishi, yangi sintetik moddalar paydo boʻlishi va ularning tarqatish usullari yanada takomillashgani qayd etildi.

Soʻnggi 5 yil ichidagi rasmiy statistika narkovaziyatning yomonlashayotganini koʻrsatmoqda. Bu holat kontrabanda oqimlari va sintetik narkotiklarning keng tarqalishi bilan bogʻliqdir.

MOMAMMga aʼzo davlatlarda ushbu davr mobaynida:

  • umumiy narkojinoyatlar soni 51,8% ga;
  • musodara qilingan narkotik moddalar hajmi 139,2% ga;
  • sintetik narkotiklar musodarasi 63,2% ga ortgan.

Mazkur maʼlumotlar transmilliy narkojinoyatchilikka qarshi kurashishda xalqaro hamkorlikni yanada kuchaytirish va saʼy-harakatlarni uygʻunlashtirish zarurligini tasdiqlaydi.

Oʻz mandatiga muvofiq, MOMAMM giyohvandlik vositalari savdosiga qarshi qoʻshma xalqaro operatsiyalar, jumladan, nazorat ostidagi joʻnatmalar yetkazib berilishini tashkil etish, oʻtkazish va muvofiqlashtirishda koʻmaklashib, transmilliy narkojinoyatchilikka oid maʼlumotlarni toʻplash, saqlash, himoya qilish, tahlil qilish va almashish faoliyati bilan shugʻullanadi.

2025 yil sentabr oyidan boshlab MOMAMMga Oʻzbekiston Respublikasi raislik qila boshladi. Markaz oʻz faoliyati davomida 85 dan ortiq narkotiklarga qarshi operatsiyalarni, jumladan xalqaro nazorat ostidagi yetkazib berish operatsiyalarini muvofiqlashtirgan.

Natijada:

  • 7,5 tonnadan ortiq narkotiklar musodara qilindi;
  • 62 tonnadan ziyod prekursorlarning noqonuniy muomalasiga chek qoʻyildi;
  • 122 nafar uyushgan jinoyatchilik guruhlari yetakchilari qoʻlga olindi.

Ushbu natijalar MOMAMMning narkotiklar savdosiga qarshi kurashda muhim mintaqaviy muvofiqlashtirish mexanizmi sifatida faoliyatidagi samaradorlikni aniq namoyon etadi.

Shu bilan birga, sintetik narkotiklar xavfining ortib borayotganini hisobga olgan holda, MOMAMM BMT NJB bilan hamkorlikda yangi psixofaol moddalar paydo boʻlishi toʻgʻrisida mintaqaviy “yerta ogohlantirish tizimi”ni joriy etish boʻyicha ish olib bormoqda. Ushbu tizim yangi narko tahdidlarni tezkor aniqlash va oldini olish imkonini beradi.

Yigʻilish yakunlari boʻyicha Markaziy Osiyo davlatlari va ularning hamkorlari bilan giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarning noqonuniy aylanmasi bilan bogʻliq zamonaviy tahdidlarga qarshi kurashdagi saʼy-harakatlarini birlashtirishga qaratilgan Qoʻshma deklaratsiya (kommunyuke) qabul qilindi.

Tor doirada – MMK rahbarlari va mutaxassislari ishtirok etdi. Yigʻilishda MOMAMMning faoliyatini takomillashtirish va uning institutsional salohiyatini oshirish masalalari, 2026 yil uchun Tadbirlar rejasini (“Yoʻl xaritasi”) tasdiqlash, MOMAMM budjetini shakllantirish, shuningdek tashkilot doirasida hamkorlikni yanada kuchaytirish boʻyicha alohida takliflar muhokama qilindi.

Samarqandda boʻlib oʻtgan MMK yigʻilishi mintaqaviy giyohvandlikka qarshi hamkorlikni mustahkamlash va Markaziy Osiyoda xavfsizlik hamda barqaror rivojlanishni taʼminlash boʻyicha asosiy muvofiqlashtirish mexanizmi sifatida muhim qadam boʻldi.

Abulfayz Sayidasqarov,
Samarqanddan maxsus

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid