Tramp tinchlik kelishuvi imzolanishi vaqtida uxlab qoldi
Avvallari Trampning oʻzi raqibi Jo Baydenning majlislarda uxlab qolishi yoki samolyot trapida qoqilishini tanqid qilib kelardi.

AQSh prezidenti Donald Tramp Ruanda va Kongo Demokratik Respublikasi oʻrtasidagi tinchlik kelishuvi imzolanishi marosimida uxlab qoldi.
Oʻtgan hafta Donald Tramp televideniyeda namoyish etilgan Vazirlar Mahkamasi yigʻilishi davomida uxlab qolgani edi. 4 dekabrda u yana Ruanda va Kongo Demokratik Respublikasi oʻrtasidagi tinchlik shartnoma imzolanish jarayonida biroz uxlab oldi.
Tantanada Ruanda prezidenti Pol Kagame minbardan nutq soʻzlayotgan paytda Tramp koʻzlarini yumib, boshi pastga ketib qolgani aniq koʻrindi. Kagame nutqini tugatgach, Kongo prezidenti Feliks Tshisekedi minbarga yoʻl olganida ham Tramp pinakka ketgandi.
Baxtiga, 79 yoshli prezident uchun ikki davlat rahbarlarining nutqlari 15 daqiqadan oshmadi. Bu esa 2 dekabrdagi ikki soatlik hukumat yigʻilishidan ancha qisqa edi. Biroq xalqaro OAVlar ishtirok etgan bunday marosimda Trampning hushyor turishi kutilardi va uning eʼtiborsizligi mutaxassislarning tanqidiga sabab boʻldi.
Oʻtgan hafta The New York Times Trampning jismoniy va ruhiy holati yomonlashayotgani haqida xabar bergan edi, bu esa prezidentning gʻazabiga sabab boʻldi. Ammo u omma oldida yana qayta-qayta uxlab qolayotgan bir paytda, ayniqsa oxirgi shifokor koʻrigida nima sababdan MRT va qoʻshimcha tekshiruvlardan oʻtganini hisobga olsak, gazetaning xabari toʻgʻri ekanligini koʻrish mumkin.
Avvallari Trampning oʻzi raqibi Jo Baydenning uxlab qolishi yoki samolyot trapida qoqilishini tanqid qilib kelardi.